Honkong politexnika universiteti tadqiqotchilari majong o‘yini keksalarning kognitiv qobiliyati, xotirasi va hissiy holatiga ijobiy ta’sir qilishini aniqladi. Natijalar The Journal of Prevention of Alzheimer’s Disease Article jurnalida e’lon qilingan.
Majong — an’anaviy xitoycha o‘yin bo‘lib, maxsus toshlardan foydalaniladi va o‘yinchilardan diqqat-eʼtibor, kuchli xotira hamda ziyraklik talab etiladi. Bu o‘yin Xitoy, Yaponiya va Osiyoning boshqa bir qator mamlakatlarida keng tarqalgan. Musobaqa to‘rt ishtirokchi o‘rtasida o‘tkaziladi, bunda har bir o‘yinchi ochko to‘plash orqali g‘oliblik kombinatsiyasini yig‘ishga intiladi.
Honkonglik olimlar jamoasi majongning keksa ko‘ngillilarga ta’siri bo‘yicha ilgari o‘tkazilgan 53 ta tadqiqotni tahlil qildi. Natijalarga ko‘ra, muntazam ravishda majong o‘ynash xotirani mustahkamlaydi, aqliy qobiliyatlarni yaxshilaydi va tushkunlikka qarshi kurashishda yordam beradi.
Olimlar, shuningdek, majong o‘yini bilan shug‘ullanish keksalarga ijtimoiy faol bo‘lishda yordam berishini qayd etdi. Tajribali o‘yinchilar, ayniqsa 60 yoshdan oshganlar, o‘ynamaydigan tengdoshlariga qaraganda yaxshiroq koordinatsiyaga ega bo‘ladi va ko‘proq ijtimoiy aloqalarni saqlab qoladi. Bu aloqalar kognitiv buzilishlar xavfini kamaytirib, sog‘lom ruhiy holatni ushlab turishga ko‘maklashadi.
Avval olimlar miya qarishini sekinlashtirishning yetti usulini ma’lum qilgandi. Ular miya qarishiga nafaqat irsiyat, balki turmush tarzi ham ta’sir ko‘rsatishini ta’kidlagan.