Angliya: «MYu» ten Hagsiz yaxshiroq o‘ynamoqda, Emerida qora hafta
«Manchester Yunayted» – «Chelsi» 1:1
Gollar: 1:0 – 70, penalti Brunu Fernandesh, 1:1 – 74 Kaysedo.
«Manchester Yunayted» – Onana, Mazraui, Martines, de Ligt, Diogu Dalot, Ugarte (Lindelyof, 84), Kazemiro, Reshford (Diallo, 73), Brunu Fernandesh, Garnacho, Hoylund (Zirkze, 84).
«Chelsi» – Sanches, Jyeyms, Koluill, Fofana, Gyusto (Kukurelya, 46), Laviya (Fernandes, 70), Kaysedo, Palmer, Netu, Madueke (Mudrik, 70), Jyekson.
Ogohlantirishlar: Gyusto (36), Ugarte (42), Diogu Dalot (45+1), Reshford (67), Kazemiro (85).
«MYu» – «Chelsi» – yakshanba kuni Yevropadagi asosiy o‘yin edi. «Yunayted» Erik ten Hag ketganidan keyin impulsga ega bo‘ldi, «Chelsi» esa oldingi mavsumlardagiga qaraganda ancha barqaror o‘ynamoqda. Londonliklar 11 yillik noxush an’anasiga barham berib, nihoyat «Old Trafford»da g‘alaba qozonsa, turnir jadvalida uchinchi o‘ringa ko‘tarilib olishi mumkin edi.
O‘yin ancha ochiq kechdi. Epizodlardan birida to‘p besh soniya ichida besh marta u raqibdan bunisiga o‘tdi. Ikki jamoa ham to‘pni shunchaki oldinga tepib yubormasdan, yerdan o‘ynashga harakat qildi. Lekin ikki jamoada ham bu tahlikali vaziyatlarga sabab bo‘ldi. Bir safar Onana jarima maydoni markazida turgan Kazemiroga pas berishda qaltis harakat qildi va Kaysedo bosim uyushtirib, to‘pni olib qo‘yishi mumkin edi. Boshqa holatda Jyeyms xato pas tufayli to‘pni oldirdi va raqib qarshi hujumga chiqib ketdi.
Birinchi bo‘limda kim yaxshiroq o‘ynaganini aniq aytish qiyin. Ustunga zarba yo‘llash bo‘yicha esa hisob teng edi. Avvaliga Madueke burchakdan oshirib berilgan to‘pni darvoza ustuni tomon yo‘lladi, bo‘lim oxirida esa Rashford yaqin masofadan turib tepgan to‘p ustun va to‘sin tutashgan joyga bordi.
«MYu» tezkor hujumlar evaziga vaziyatlar yaratdi. «Chelsi» bunday hujumlarni boshlang‘ich bosqichdayoq to‘xtatishga urindi va bir necha vaziyatda Onanaga to‘pni o‘yinga kiritishga xalaqit qilishdi. Mehmonlar o‘yinni Palmerning ustunliklari evaziga qurishga urindi, ammo yakka uning sa’y-harakatlari yetarli emasdi.
O‘yin ikkinchi bo‘limda ham shu ssenariyda davom etdi – ikki jamoa ham golga yaqinlasha boshladi. Hisobni ochish «MYu»ga nasib etdi. Avvaliga qarshi hujumda Garnacho ajoyib imkoniyatni qo‘ldan chiqardi, keyin esa Hoylund penalti ishladi. Daniyalik hujumchi yiqilishda biroz o‘zidan qo‘shdi, ammo Sanches chindan ham to‘pga emas, raqib hujumchisi oyog‘iga tegingandi.
Brunu Fernandesh esa 11 metrdan aniq zarba yo‘lladi. Bu uning Angliya chempionati joriy mavsumidagi ilk goli bo‘ldi. Bungacha u Yevropa top-5 ligalarida vaziyatlardan foydalanish bo‘yicha eng yomon ko‘rsatkich qayd etayotgandi – 30 zarba va 0 gol.
«Yunayted» muxlislari quvonchi uzoqqa cho‘zilmadi. To‘rt daqiqa o‘tib «Chelsi» burchak zarbasi ijro etdi, Kazemiro to‘pni bosh bilan uzoqlashtirdi, Kaysedo jarima maydonidan chiqqan to‘pni bir urinishda darvoza to‘riga joyladi. Onana yaqin burchakka kelgan to‘pga barmoqlari bilan yetishga ulgurdi, ammo jamoasini qutqara olmadi – 1:1.
Ko‘p o‘tmay de Ligt toyib ketdi va mehmonlarga yana bir xavfli vaziyat sovg‘a qildi. Zaxiradan o‘yinga qo‘shilgan Enso Fernades ham jarima maydoni chizig‘i atrofidan zarba yo‘lladi, ammo to‘p to‘sin yuqorisidan o‘tib ketdi. O‘yin oxirida «Chelsi» va «MYu» bir necha martadan yaxshi vaziyatlarga ega bo‘lishdi. Mezbonlar g‘alabaga yaqinroq edi, ammo Garnacho va Fernandes qulay imkoniyatlardan foydalana olmadi. O‘yindagi e’tiborga molik eng oxirgi epizod – Martinesning foli bo‘ldi Himoyachi butsasining ostki qismi bilan Palmerning tizzasiga zarba berdi, ammo hakam sariq kartochka bilan kifoyalandi.
11 noyabrgacha «qizil iblislar»ni boshqaradigan Rud van Nistelroy qatorasiga ikkinchi o‘yinda yutqazmayapti - jamoa ten Hag ketganidan keyin yaxshiroq o‘ynamoqda. Lekin 1:1 hisobi ko‘proq bu jamoalarning raqiblarini xursand qiladi. «MYu» kuchli to‘rtlikka yaqinlashish imkonidan foydalana olmadi.
«Tottenhem» – «Aston Villa» 4:1
Gollar: 0:1 – 32 Rojyers, 1:1 – 49 Jonson, 2:1 – 75 Solanke, 3:1 – 79 Solanke, 4:1 – 90+6 Meddison.
«Tottenhem» – Vikario, Udoji (Grey, 82), Dregushin, Romero (Devis, 61), Porro, Sarr, Bentankur (Bissuma, 56), Kulusevski, Son Hyon Min (Risharlison, 56), Solanke, Jonson.
«Aston Villa» – Martines, Din, Pau Torres, Konsa, Kesh (Diyego Karlos, 60), Tilemans (Kamara, 81), Onana, Remzi (Filodjin-Baydeys, 81), Makginn (Beyli, 80), Rojyers (Duran, 69), Uotkins.
Mezbonlar birinchi bo‘limni hisobda ortda borgan holda yakunlashdi. «Aston Villa»ga burchak zarbasi muvaffaqiyat keltirdi, Vikario oyog‘iga tashlab bergan to‘pni Rodjyers mamnuniyat bilan darvoza to‘riga yo‘lladi va qatorasiga uchinchi safar o‘yinida gol urdi. Standart vaziyatlardan gol urish bo‘yicha Unai Emeri jamoasi «Arsenal» bilan tenglashib oldi (5 tadan). «Tottenhem» esa yil boshidan buyon o‘n ikkinchi bor o‘z arenasidagi o‘yinda raqibga hisobni ochishga imkon berdi. Shu bilan birga, shundan yetti holatda «shporlar» o‘yinni g‘alabagacha olib bora olishgan, ikkinchi bo‘lim boshida Son Hyon Min qanotdan Jonsonni golli uzatma bilan ta’minlaganida mezbonlar o‘z odatiy ishini qilishga kirishdi.
Ko‘p o‘tmay koreyalik futbolchi almashtirildi. Angelos Posteko‘g‘li bu bilan yaqinda jarohatidan tuzalgan asosiy yulduzini asrashni istadi. Sardorning maydonni tark etishi «Tottenhem» uch daqiqa ichida Solankening dubli bilan mehmonlarni taslim qilishiga xalal bermadi. Hafta o‘rtasida «Kristal Pelas»ga yutqazib, Liga kubogini tark etgan «Villa» haftani top-4 dan tashqarida qolish bilan yakunlamoqda, «shporlar» esa o‘zaro uchrashuvdagi g‘alaba evaziga ikki ochkolik masofada yaqinlashib oldi.
Ispaniya: «Barsa» to‘rtta gol o‘tkazdi, uchtasi hisoblanmadi
«Barselona» – «Espanol» 3:1
Gollar: 1:0 – 12 Olmo, 2:0 – 23 Rafinya, 3:0 – 31 Olmo, 3:1 – 63 Puado.
«Barselona» – Penya, Balde, Martines, Kubarsi, Fort (Kunde, 78), Pedri (Gavi, 85), Kasado (de Yong, 56), Olmo (Lopes, 56), Rafinya (Fati, 85), Yamal, Levandovski.
«Espanol» – Garsiya, Romero (Olivan, 78), Kabrera, Kumbula (Serdji Gomes, 40), Al-Hiloliy (Unyuvar, 78), Bausa (Smit, 62), Karreras, Texero, Aguado (Sheddira, 62), Kral, Puado.
Kataloniya derbisi taqdiri birinchi bo‘limdayoq hal bo‘ldi va bu chiroyli tarzda amalga oshirildi. Birinchi golli hujumda Yamal shvedka uslubidagi pasi bilan yana barchani hayratga soldi, «Espanol»ning ikki himoyachisi orasidan o‘tgan to‘p darvoza qarshisidagi Dani Olmoga yetib bordi. Bo‘lim oxirida uzoq masofadan qaytarib bo‘lmas zarba yo‘llab, dublini nishonlagan ushbu yarimhimoyachi «Barselona»da fantastik sermahsullikka erishmoqda — besh o‘yinda yetti bor darvoza sohasiga to‘g‘ri zarba yo‘llab, besh gol urdi.
Umuman, bu mavsumda ko‘k-anorranglilar safida ko‘pchilik yaxshi o‘ynamoqda. Kasado — ichkaridan xavfli uzatmalar beradigan dispetcher, uning ikkinchi gol urilishida Rafinyaga bergan pasi derbi bezagiga aylandi. Jamoa yetakchisiga aylangan braziliyalik hujumchi navbatdagi chiroyli harakati bilan mavsumdagi gollari sonini yettitaga yetkazdi. «Barsa» mavsum startidagi 12 o‘yinda jami 40 bor raqiblar darvozalarini ishg‘ol etgan. Bu davr oralig‘ida bundan yaxshiroq sermahsullik faqat 1950/51 yillar mavsumida kuzatilgandi. Qolaversa, Hansi Flik Zinedin Zidanning debyut mavsumdagi samaradorlik bo‘yicha natijasini takrorladi. Faqat germaniyalik mutaxassis shogirdlarining ikkinchi bo‘limdagi harakatlaridan qoniqish hosil qilgani dargumon: «Barsa» darvozasi to‘rt bor ishg‘ol etildi, ammo ularning faqat bittasi inobatga olindi, ikki gol ofsayd, tufayli, yana biri hujum vaqtida to‘p maydon chizig‘ini kesib o‘tgani uchun bekor qilindi. Bu Flik uchun ogohlik qo‘ng‘irog‘i - uning himoya chizig‘ini oldinga chiqarishi asoslangan uslubi kun kelib pand berishi mumkin.
Nima bo‘lganda ham, endi «Barselona» «Real»ni 9 ochkolik farq bilan ortda qoldirmoqda. Faqat madridliklarda zaxira o‘yini ham bor. Halokatli suv toshqinlari tufayli «Valensiya»ga qarshi o‘yin qoldirilgan.
«Atletiko» – «Las-Palmas» 2:0
Gollar: 1:0 – 37 Simeone, 2:0 – 83 Serlot.
«Atletiko» – Oblak, Galan (Reynildu, 84), Langle, Ximenes, Molina, Lino (Gallaher, 46), Barrios (De Paul, 46), Koke, Simeone (Vitsel, 84), Alvares (Korrea, 65), Grizmann (Serlot, 65).
«Las-Palmas» – Sillessen (Xorkash, 60), Munyos, Makkenna, Suares (Marmol, 81), Viti, Kampanya (Xavi Munyos, 64), Essugu, Rodriges (Fuster, 87), Moleyro, Fabiu Silva (Mata, 87), Sandro Ramires (Makberni, 64).
Yigirma yil muqaddam — «Atletiko» safidagi to‘qqizinchi o‘yinida — «matraschilar»ning hozirgi bosh murabbiyi Diyego Simeone madridliklar jamoasi uchun ilk golini urgandi. Endi uning kenja o‘g‘li Juliano ham sakkizinchi o‘yiniga kelib gollar hisobini ochdi. Forvard Molinaning ancha ichkaridan uzatgan pasiga ochilib, himoyachilardan qochib ketgan holda olis burchakni nishonga olgach, stadion hissiyotlardan portladi. Katta Simeone ham o‘z tabassumini yashira olmasdi, uning o‘g‘li esa nafaqat goli bilan, balki «Atletiko» ramzini o‘pgan holda tomoshabinlarni xursand qildi.
Mezbonlar Chempionlar ligasidagi navbatdagi o‘yinni hisobga olgan holda ko‘p kuch sarflamay o‘yinni g‘alabaga olib bordi. O‘yin oxirlarida Serlot De Paulning uzatmasidan unumli foydalanib, hisobni ishonchli ko‘rinishga keltirdi. Norvegiyalik hujumchi 2021 yilda Ispaniyaga kelganidan buyon 43 gol urgan. U bu borada faxriy hujumchi Yago Aspas bilan teng natija ko‘rsatmoqda, bu davrda faqat Levandovski (56), Vinisius Junior (47) va Benzema (46) undan ko‘proq gol urishgan.
Italiya: «Inter» peshqadamni ta’qib etmoqda
«Napoli» – «Atalanta» 0:3
Gollar: 0:1 – 10 Lukman, 0:2 – 31 Lukman, 0:3 – 90+2 Retegi.
«Napoli» – Meret, Olivera (Spinatssola, 76), Buondjorno, Rraxmani, Di Lorenso, Maktominey, Gilmor (Raspadori, 62), Zambo-Angissa, Kvaratsxeliya (Neres, 71), Lukaku (Simeone, 76), Politano (Ngonj, 62).
«Atalanta» – Karnezekki, Kolashinats (Kossunu, 71), Xin, Jimshiti, Pashalich (Breshianini, 82), Rudjyeri, Ederson, de Ron, Dzappakosta (Bellanova, 82), Lukman (Samardjich, 76), de Ketelare (Retegi, 76).
Ogohlantirishlar: Kolashinats (65), Matssokki (90+3), Retegi (90+4), Jimshiti (90+4).
Mavsumni Veronada 0:3 hisobida mag‘lub bo‘lish bilan boshlagan «Napoli» keyingi turlarda butkul o‘zgardi. Jamoa to‘qqiz turda mag‘lub bo‘lmadi va oraliqda atigi ikki gol o‘tkazib yubordi, Antonio Konte manziliga olqishlar yog‘ildi, jamoa esa turnir jadvalida yakkapeshqadam bo‘lib oldi. Ammo bu yakshanbada Neapolga «Atalanta» tashrif buyurdi va Jan Piyero Gasperini janublik muxlislarga shafqat qilmadi. Birinchi bo‘limdayoq De Ketelare — Lukman juftligi o‘yin taqdirini hal qilishdi. Birinchi holatda belgiyalik yarimhimoyachi to‘pni boshi bilan darvoza qarshisida turgan nigeriyalik jamoadoshiga yetkazib berdi. Ikkinchi holatda Lukman uzoq masofadan yo‘llagan zarbasi bilan Meretni ilojsiz ahvolga solib qo‘ydi.
Bergamoliklar to‘purari Retegi ham ortda qolishni istamadi. U bu safar ikkinchi bo‘lim oxirlarida zaxiradan o‘yinga qo‘shildi va Bellanovaning uzatmasidan keyin chiroyli zarba berib, hisobni yiriklashtirdi. Bu Konte uchun A seriyada 2009 yil 7 noyabridan buyon eng yirik mag‘lubiyat bo‘ldi. E’tiborli jihati, o‘shanda Antonio «Atalanta» boshqaruvida o‘zining qadrdon jamoasi «Yuventus»ga 2:5 hisobida yutqazgandi. U vaqtda bergamoliklar ancha kamtar jamoa edi, oxirgi yillarda esa bosh sovrin uchun kurashmoqda.
«Inter» – «Venetsiya» 1:0
Gol: 1:0 – 65 Martines.
«Inter» – Zommer, Bastoni (Bissek, 70), de Vrey, Pavar, Dimarko (Darmian, 76), Dumfris, Mxitaryan, Zelinski (Frattezi, 84), Barella (Chalxono‘g‘li, 70), Martines (Torimiy, 71), Tyuram.
«Venetsiya» – Stankovich, Idzes, Svoboda, Altare (Shverko, 46), Xaps, Dzampano (Ellersson, 77), Chrnigoy (Buzio, 46), Andersen (Dankan, 77), Nikolussi-Kavilya (Yyeboa, 83), Poxyanpalo, Oristanio.
Neradzurrilar Chempionlar ligasi o‘yini arafasida kuch tejab o‘tirmadi va «Venetsiya»ga qarshi o‘yin uchun eng yaxshi resurslarini tashladi, ammo birinchi bo‘lim darvozabonlarga ataldi. Stankovich eng yaxshi seyvini Mxitaryanga gol urishga imkon bermaganida amalga oshirdi, Zommer esa «Inter» tarbiyalanuvchisi Oristanioning yaqin masofadan yo‘llagan zarbasini qaytardi.
Shveytsariyalik darvozabon ikkinchi bo‘limda ham hisob 0:0 holatida qutqardi, to‘pga bir teginishda darvozaning yuqori burchagini ishg‘ol etgan Mxitaryanning goli esa bekor qilindi. Unga assistentlik qilgan Dimarko ofsayd holatida qolgani oydinlashdi. Ammo u baribir to‘g‘ri holatda turib Lautaro Martinesga golli uzatma berdi. Ammo bu hali o‘yin hal bo‘lishi emasdi. Ketma-ket vaziyatlarni yo‘qqa chiqargan amaldagi chempionlar qo‘shib berilgan daqiqalarda ochkolardan quruq qolishi mumkin edi, ammo VAR mehmonlarning golini bekor qildi. Endi keyingi haftada Milanga keladigan «Napoli» bilan oradagi farq atigi bir ochkoni tashkil etmoqda.
Fransiya: «Marsel» ikkinchi
«Nant» – «Marsel» 1:2
Gollar: 0:1 – 24 Mope, 1:1 – 39 Kadevere, 1:2 – 61 Grinvud.
«Nant» – Lafon, Kotssa, Pallua, Kastelletto, Koko (Amyan, 68), Duglas (Girassi, 80), Chirivelya, Tomas (Ganago, 68), Saymon, Kadevere (Gbamen, 80), Muhammad (Ablin, 68).
«Marsel» – Ruli, Merlen (Murilo, 59), Balerdi, Lirola (Kornelius, 69), Kondogbia, Xeyberg, Rabio, Kone (Luis Enrike, 59), Rou (Brasse, 69), Grinvud, Mope.
O‘tgan turda o‘z uyida «PSJ»ga qarshi kechgan klasikoda yirik hisobda yutqazgan (0:3) provansalliklar Nantdagi o‘yinni kuchli boshladi. Shunga qaramay, «kanareykalar» javob qaytara olishdi va jamoalar tanaffusga durang hisob bilan yo‘l olishdi. Mope va Kadevere qanotdan uzatmalardan keyin o‘xshash gollar urishdi. Ikkinchi bo‘limda esa Grinvuda «Marsel»ga g‘alaba keltidi. Angliyalik futbolchining goli Roberto De Dzerbi jamoasiga qo‘shimcha ko‘rsatkichlar bo‘yicha «Monako»ni quvib o‘tib, ikkinchi o‘ringa ko‘tarilishda yordam berdi. Jamoa bu mavsum safar o‘yinlarini yaxshi o‘tkazmoqda, marselliklar o‘z tarixida uchinchi bor mavsum startidagi olti safar o‘yinidan beshtasida g‘alabaga erishdi.
Kun statistikasi
«Atletik» futbolchilari «Betis»ga qarshi o‘yinning birinchi bo‘limi davomida uch bor darvoza to‘sini va ustunlarini nishonga olishdi. La ligada oxirgi marta bunday omadsizlik 2022 yil «Levante»ga qarshi o‘yinda «Real» futbolchilari bilan kuzatilgandi.
«Fiorentina» o‘z tarixida 3-marta A seriyada qatorasiga to‘rt safar uchrashuvida darvozasi daxlsizligini saqlab qoldi. «Fialkalar» darvozasida de Xea paydo bo‘lgunicha bunday seriyalar 1966 va 2007 yillarda qayd etilgan.
«Tottenhem» yil boshidan buyon raqibi hisobni ochgan o‘yinlarda 8 bor irodali g‘alabaga erishdi, bunaqasi faqat 2002 yilda «Nyukasl» bilan ro‘y bergan.
Angelos Posteko‘g‘liga «Tottenhem» APLda 50 gollik nuqtaga yetishi uchun 24 uy uchrashuvi talab etildi. Bunday ko‘rsatkichga faqat Antonio Konte bundan tezroq erishgan — 20 o‘yinda.