Shondong Yerdagi insoniyatga ma’lum eng katta g‘or. Vetnamdagi Fongnya-Kebang milliy bog‘i quyuq junglilari ostida joylashgan g‘or bag‘rida qadimiy o‘rmonlar mavjud, ular g‘or tepasidan tushadigan ulkan “yorug‘lik tuynuklari” tufayli barhayot, deb yozmoqda Live Science.
“Tog‘ daryosi” degan ma’noni beruvchi Shondong yosh ohaktosh g‘ori sanaladi. Ma’lum bo‘lishicha, g‘or 2-3 million yil oldin Osiyoning eng katta ohaktosh massivi, 400 million yillik ulkan qoyatosh blokining ichida hosil bo‘lgan. Ikkita daryo ohaktosh yoriqlaridan oqib o‘tib, qoyani yemirgan va massivda ulkan tunnel hosil qilgan. Bu tunnel keyinchalik Shondong nomi bilan tanilgan.
1990 yilda vetnamlik erkak o‘rmon ichida ov qilayotganda tasodifan g‘orga duch kelgan.
“U ichkaridan esayotgan shamolni his qilib, daryo shovqinini eshitgan. Biroq keyingi safar qaytib kelganida g‘orni topa olmagan, chunki atrofi yaproqlar bilan o‘ralgandi”, — deydi britaniyalik g‘or tadqiqotchisi va Oxalis Adventure sayyohlik kompaniyasining texnik direktori Govard Limbert.
Yillar o‘tib, g‘or qayta topildi. Topilmani Britaniya g‘orlarni tadqiq etish uyushmasi speleologlari o‘rgandi (Limbert ham uning a’zosi). “O‘sha zahotiyoq bu juda muhim kashfiyot ekanini angladik”, — deydi mutaxassis.
Olimlar jamoasi 2009 yilda Shondongni o‘rganib, uni fanga ma’lum eng katta tabiiy g‘or deya qayd etdi. G‘orning umumiy hajmi 38,5 million kub metrni tashkil etadi. Bu Misrdagi 15 ta ulkan piramidani sig‘dira oladigan hudud.
Yangi tadqiqot esa g‘or mutaxassislar taxmin qilganidan ham kattaroqligini ko‘rsatdi. Shondong g‘ori suv osti tunneli orqali Xang Thung nomli boshqa g‘or bilan tutashgan. Bu aloqa g‘or hajmini 1,6 million kub metrga oshirgan.
“Bu xuddi kimdir Everest cho‘qqisida uni yana 1000 metr balandroq qiladigan ulkan tosh topib olgandek gap. Dunyodagi istalgan g‘or Shondong ichiga bemalol sig‘ib ketadi, u aql bovar qilmas darajada katta”, — dedi speleolog.
Shondongda dunyodagi eng baland stalagmitlardan biri bo‘lgan “It qo‘li” deb nomli ulkan ustun joylashgan. Uning balandligi 80 metrga yetadi. G‘or uch qismga bo‘lingan: kirish qismi, qazilma yo‘laklar va “iflos” Passendeyl yo‘lagi. Bu yo‘lak Birinchi jahon urushi davrida askarlar loy bilan to‘lgan okoplarda jang qilgan Passendeyl jangi sharafiga shunday nomlangan. Har bir qism o‘zining ajoyib tuzilmalari bilan diqqatni tortadi.
G‘ordagi eski o‘tish yo‘llari bir vaqtlar yashagan dengiz mavjudotlari qoldiqlari bilan to‘la. Passendeyl o‘tish yo‘lagida esa Buyuk Vetnam devori deb ataladigan 90 metr balandlikdagi kalsit devori mavjud. G‘orshunos olimlar ushbu devorni 2010 yilda g‘orga ikkinchi tashrifida bosib o‘tishga muvaffaq bo‘ldi.
Shondong markazidagi ohaktoshli shift allaqachon qulab tushgan, uning o‘rnida g‘orga yorug‘lik o‘tkazadigan ikkita tuynuk hosil bo‘lgan. Ushbu “yorug‘lik tuynuklari” ostida ming yillardan beri tropik o‘rmonlar o‘sadi.