NYT: Rossiya-Ukraina urushi boshi berk ko‘chadan chiqdi

Jahon 14:12 / 03.11.2024 28939

Amerikalik harbiylar va razvedka vakillari hisoblashicha, Rossiya-Ukraina urushi boshi berk ko‘chadan chiqqan, chunki Rossiya qo‘shini hujumlarni kuchaytirmoqda, deyiladi The New York Times gazetasining 1 noyabr kungi maqolasida.

Mualliflar 2024 yil yozida Amerika hukumati tahlilchilari nashr bilan suhbatda Rossiya yaqin oylar ichida Ukrainada sezilarli muvaffaqiyatga erishishi dargumonligi, chunki «yaxshi o‘qitilmagan qo‘shinlar ukrain mudofaasini yorib o‘tishda katta qiyinchiliklarga duch kelayotgani»ni aytishganini eslashgan. Ammo, NYT yozishicha, bu baho xato bo‘lib chiqdi — Rossiya qo‘shini nafaqat Ukraina sharqida sezilarli darajada ilgariladi, balki ukrain armiyasi Kursk oblastida egallab olgan hududning uchdan bir qismini qaytarib oldi. Bundan tashqari, Rossiya Ukraina bo‘ylab dron zarbalarini oshirgan — iyul oyida kuniga o‘rtacha 350 ta, avgustda 750 ta, sentabrda esa 1 500 ta dron bilan hujum qilingan.

«Rossiyalik harbiylar 2022 yilda Ukrainaga bostirib kirganida muntazam ravishda xatolarga yo‘l qo‘ygandi, endi bu o‘tmishda qoldi», — deya amerikalik yuqori martabali harbiy mulozimning so‘zlarini keltirgan gazeta. «Hozirda RF qurolli kuchlari kuchli evolyutsiya qildi va doimiy harakatda». Shu tufayli, Amerikaning ayrim razvedka xizmatlari va harbiy mulozimlar Ukrainaning Rossiya yurishini to‘xtatish imkoniyatiga pessimistik ruhda qaramoqda.

Ukraina muntazam ravishda G‘arb davlatlaridan qurol so‘raydi, ammo, amerikalik harbiylar nuqtayi nazariga ko‘ra, qurol yetishmovchiligi Ukraina qurolli kuchlarining asosiy muammosi emas. Amerikalik mulozimlar aytishicha, Ukraina Rossiya texnikalarini yo‘q qilishda dronlardan ham keng foydalanish orqali artilleriya borasida Rossiya bilan farqni ancha qisqartirishga erishgan. Amaldorlarning so‘zlariga ko‘ra, Ukraina qurolli kuchlari uchun eng katta muammo, askarlar yetishmasligidir. NYT baholariga ko‘ra, janglarda 57 ming ukrain harbiysi halok bo‘lgan (nashr bu ma’lumotlar manbasini keltirmagan), bu esa Rossiyaning yo‘qotishlaridan ikki barobar ko‘proq.

Nashrning Pentagondagi suhbatdoshlaridan birining fikricha, Ukrainada urushni yana yarim yildan bir yilgacha davom ettirish uchun yetarli askar bor, shundan keyin esa Ukraina qurolli kuchlari jiddiy qo‘shin yetishmovchiligiga duch keladi. Pentagon rasmiylari Ukraina qurolli kuchlari yaqinda tashkil etilgan brigadalarning bir qismini Ukraina sharqi va janubida ishlatish yoki 2025 yilgi qarshi hujum uchun zaxira sifatida ushlash o‘rniga Kursk oblastida hujum qilish uchun ishlatganini qayd etishgan.

G‘arbdagi rasmiylar va ekspertlar hisoblashicha, Rossiyada ham askar va texnika bo‘yicha jiddiy yetishmovchilik kuzatilmoqda. Amerikalik mulozimlar agar AQSh keyingi yil yoziga qadar Ukrainani qo‘llashni davom ettirsa, Ukraina qurolli kuchlarida Rossiyaning texnika va askar tanqisligi bo‘yicha muammosidan foydalanish imkoniyati paydo bo‘lishi mumkinligini qo‘shimcha qilishgan.

Ko‘proq yangiliklar: