Tramp Ukraina bo‘yicha muzokaralar uchun maxsus vakil tayinlaydi

Jahon 10:47 / 14.11.2024 3045

AQShning saylangan prezidenti Donald Tramp Ukraina bo‘yicha maxsus vakil tayinlash niyatida, uning vazifasi bu mamlakatda Rossiya boshlagan urushni tugatishga qaratilgan muzokaralarni olib borishdan iborat. Bu haqda 13 noyabr, chorshanba kuni Fox News telekanali «bir necha manbalarga» tayanib xabar berdi.

Telekanal suhbatdoshlariga ko‘ra, tayinlov «yaqin kelajakda» amalga oshadi. Bu «juda yuqori martabali maxsus elchi, katta vakolatga ega shaxs» bo‘ladi va unga «tinchlik yo‘liga olib keladigan yechim topish» vazifasi yuklanadi, dedi manbalardan biri.

Taxminlarga ko‘ra, 2017 yildan 2019 yilgacha Trampning birinchi muddatida AQSh Davlat departamentining ixtiyoriy asosda Ukraina bo‘yicha maxsus vakili bo‘lgan Kurt Volker kabi bu lavozimga ham haq to‘lanmaydi. 2025 yil yanvarida Oq uyni tark etadigan AQShning amaldagi prezidenti Jo Baydenning bunday maxsus vakili yo‘q edi.

ZN.UA: Maxsus elchi lavozimiga asosiy nomzod — Brayan Huk

Ukrainaning ZN.UA ("Zerkalo nedeli") internet-nashri nomi oshkor etilmagan manbalarga tayanib, Donald Trampning Ukraina bo‘yicha maxsus elchisi lavozimiga asosiy nomzod amerikalik diplomat Brayan Huk ekanligini yozmoqda.

Huk 2018 yil sentabridan 2020 yil avgustigacha AQShning Eron bo‘yicha maxsus vakili va davlat kotibi Mayk Pompeoning siyosat bo‘yicha katta maslahatchisi lavozimlarida ishlagan.

Ko‘proq yangiliklar: