MLSdagi omadli mavsum, JCh-2026 masalasi va futboldan keyingi faoliyat – Messi Romanoga katta intervyu berdi

Sport 14:12 / 03.11.2024 3601

Fabritsio Romano: - Leo, sen bilan birinchi marta uchrashib turibman. Vaqt ajratganing va ushbu imkoniyatni menga taqdim etganing uchun rahmat. Tayyormisan? Demak, boshladik. Yevropa futbolidan MLSga o‘tish bilan katta yurishni amalga oshirding. Amerika Qo‘shma Shtatlari va aynan «Inter Mayami»da o‘ynashda nima seni o‘ziga jalb etdi?

Messi: - Klub yangi edi va o‘zining dastlabki qadamlarini qo‘yayotgandi. O‘sha paytda mening boshimdan o‘tgan voqealar ham mana shu transfer amalga oshishiga zamin yaratdi. Ushbu klubning rivojlanishiga hissamni qo‘shish istagi meni qiziqtirdi va qarorimdan xursandman.

Romano: MLSning boshqa chempionatlardan farqi nimada?

Messi: - Bu yerda futbolga bo‘lgan mehr juda kuchli va men kelgunimcha buni bilmasdim. Avvallari Amerikani basketbol, beysbol va amerikancha futbolni sevuvchi mamlakat sifatida bilardim. Biroq bu yerdagi futbolga e’tibor meni hayratda qoldirdi. Liga juda raqobatli kechadi va mehmonagi o‘yinlar og‘ir o‘tadi: har bir jamoaning o‘ziga xos muxlislari bor va ular jon-jahdi bilan klubini qo‘llab-quvvatlaydi. Mamlakatning istalgan joyiga borsangiz, stadionlarni to‘la holatda ko‘rasiz. Odamlar o‘z jamoalari haqida qayg‘uradilar. Umuman boshqa kutilmalar bilan kelgan inson sifatida bularni ko‘rishdan xursandman.

Romano: - Iqtidorlar, yosh futbolchilar haqida nima deysan? MLSda ularning soni ham ko‘payib qoldi?

Messi: - Bu liga yosh futbolchilarning o‘sishi uchun ajoyib imkoniyat bera oladi. O‘z navbatida, bunday iqtidorli yigitlar bilan liganing o‘zi ham yaxshi rivojlanishga erisha oladi. Bularning barchasi yanada ko‘proq yoshlarning o‘zlarini ko‘rsatishlariga xizmat qiladi.

Romano: - MLSga kelganingdan so‘ng o‘yin uslubingni biroz o‘zgartirding, to‘g‘rimi? Kamroq dribling qilib, ko‘proq uzatmalar berishga harakat qilayotgandeksan...

Messi: - Albatta, o‘yin uslubimni holatim va yoshimdan kelib chiqib biroz o‘zgartirishimga to‘g‘ri kelyapti. O‘zimni qaytadan kashf qilishga va men uchun yangilik bo‘lgan ligaga moslashishga harakat qilib kelyapman.

Romano: - Senga MLSdagi dastlabki davrlaring haqida savol bermoqchiman. Sen birinchi to‘liq mavsumingni o‘tkazding, Amerika Kubogiga bording, ba’zi qiyinchiliklarga duch kelding, g‘olib bo‘lding, hozirda MLS pley-offida o‘ynayapsizlar. Ushbu ligadagi hozirgacha bo‘lgan sayohating haqida nima deysan?

Messi: - Menimcha, esda qolarli ishlarni amalga oshirishga ulgurdik. Klub tashkil qilar ekansan, titullar yutishni va g‘alaba qozonishni maqsad qilasan. Men kelgan vaqtimda klub MLS mavsumini juda og‘ir o‘tkazayotgandi. Kelganimdan biroz o‘tib esa Liga kubogini yutib, klub tarixidagi birinchi sovrinni qo‘lga kiritdik. Barchamiz uchun kutilmagan muvaffaqiyat bo‘lgandi. Hozir pley-offlarga ham juda katta ishtiyoq bilan hozirlik ko‘ryapmiz va ushbu musobaqada ham g‘alabaga erishib, muxlislarga yana bir titulni sovg‘a qilmoqchimiz. Bularni individual yutuq emas, klubning muvaffaqiyati deb bilaman.

Romano: - Bu jamoa qayergacha bora oladi deb o‘ylaysan va «Inter Mayami» futbolchisi sifatida nimalarga erishishni maqsad qilgansan?

Messi: - Klubning mentaliteti doim ko‘prog‘iga intilish va shuning uchun ham o‘ziga cheklovlar qo‘ymaydi. Buni qo‘lga kiritgan yutuqlarimiz bilan ham ko‘rsatib kelyapmiz va shu taxlit rivojlanishda davom etamiz. MLSda eng yaxshilaridan bo‘lishga intilamiz va nima uchun dunyoning eng yaxshilaridan bo‘lish uchun kurashmasligimiz kerak?!

Romano: - Endi esa sendan MLS pley-offida o‘ynash hissiyoti haqida so‘ramoqchiman. Lekin undan oldin MLS davraviy mavsumida eng ko‘p ochko olib, rekord qo‘yganingiz haqida gapirsak. Jamoa bu yutuqni qanday nishonladi?

Messi: - Juda ham yaxshi kayfiyatda nishonladik, chunki bu juda qiyin, shu bilan birga muhim bo‘lgan vazifa edi. Lekin hozir bor e’tiborimiz pley-off bahslariga qaratilgan, chunki mana shu kubokni yutish bizning asosiy maqsadimizdir. Uning uchun bor kuchimiz bilan kurashamiz.

Romano: - Ushbu tarixiy natijani amalga oshirishingizdagi asosiy faktorlar nima bo‘ldi?

Messi: - O‘tgan mavsum davomida bir qator xatolarga yo‘l qo‘ydik va ularning oldi olinishi mumkin edi. Joriy mavsumda ham bir nechta epizodlarda juda ahmoqona xatolar qildik. Lekin endi pley-off bellashuvlarida bunday qilishga haqqimiz yo‘qligini bilamiz. Hozir har safargidan ham kuchliroq bo‘lishimiz va ustunliklarimizdan unumli foydalanishimiz kerak.

Romano: - «Inter Mayami»ning MLS kubogini yutish imkoniyatlarini qanday baholaysan?

Messi: - O‘ylashimcha, biz favoritlardan birimiz. Shu bilan bir qatorda, raqobatchilarimiz juda kuchli ekani va ularni yengish oson bo‘lmasligini ham aytib o‘tishim kerak. Ularni maksimal hurmat qilgan holda maydonga chiqishimiz shart.

Romano: - Endi 4-3-3 kanaliga xos qiziqarli savollar bilan senga murojaat qilamiz. Uyda bolalaring bilan asosan nimalar o‘ynaysizlar?

Messi: - Doim to‘p o‘ynaymiz. Bir-birimizga to‘pni oshirib, koptokni havoda o‘ynatib vaqt o‘tkazamiz. Ba’zida «PlayStation» o‘ynab turamiz. Lekin baribir ko‘pincha to‘p tepib vaqt o‘tkazamiz.

Romano: - Ularga to‘p bilan qanday ishlash haqida maslahatlar berib turasanmi?

Messi: - Vaziyatga qarab. Bolalarning qaysi biri bilan gaplashayotganimga ham bog‘liq. Chunki biri gapni ko‘tarsa, boshqasi qizishib ketadi. Ular ham menga o‘z tavsiyalarini berishadi va o‘yinlarimdan keyin meni tanqid ham qilishadi.

Romano: - Futboldan boshqa qaysi sport turlari bilan shug‘ullanishni yoqtirasan?

Messi: - Menga padel, basketbol, tennis kabi sport turlarini tomosha qilish yoqadi. Shug‘ullanish borasida padel menga ko‘proq yoqadi.

Romano: - Sening maydondagi unutilmas lahzalaringga ko‘p guvoh bo‘lganmiz. Undan tashqarida esa seni u qadar yaxshi bilmaymiz...

Messi: - Odamlar bilan juda ko‘p qiziqarli holatlar bo‘lib turadi, ba’zida ular aqldan ozar holatga kelishadi. Men argentinalikman va bizning odamlar juda ehtirosga boy, kim bilandir salomlashish va suratga tushish uchun har qanday ishni qilishga tayyor. Bilishimcha, Italiyada ham shunday, to‘g‘rimi?! Aniq bir vaziyatlarni aytib berishim qiyin, lekin juda ko‘p ko‘chalarda ham juda ko‘p voqealarga duch kelaman.

Romano: - O‘yinlardan avval yengillashish uchun qandaydir mashg‘uloting bormi?

Messi: - Menga kiyim almashtirish xonasida musiqa eshitib o‘tirish yoqadi. O‘yinlardan avval, kunning qaysi vaqtiligiga qarab, mate (Lotin Amerikasida mashhur ichimlik) ichishni yoqtiraman. Ammo hech qanday o‘ziga xos, qolganlardan ajralib turadigan ish qilmayman.

Romano: - Qanday taomlarni yoqtirasan?

Messi: - Menga muzqaymoqlar juda yoqadi. O‘zimni juda ham taomsevar deya olmayman, lekin dessertlar jonu-dilim.

Romano: - Bilamizki, superqahramonlarning harakatlari bilan gollaringni nishonlab turasan. Leo Messi, imkoni bo‘lganda, qaysi superkuchga ega bo‘lishni xohlardi?

Messi: - Ux, qiyin tanlov. Menimcha, ko‘rinmas bo‘lib qolish. Uchish ham bo‘lishi mumkin. Kel, ko‘rinmas bo‘lishni tanlay qolay.

Romano: - Kel, endi biroz milliy jamoa va jahon chempionati haqida gaplashamiz. Leo, 2026 yilgi mundialida o‘ynaysanmi?

Messi: - Bilmasam. Mendan ko‘pchilik bu haqida doim so‘rashadi. Hozir mana shu mavsumni yaxshi tugatib olish haqida o‘ylayapman. Keyin esa yaxshi mavsumoldi tayyorgarlik qilishni xohlayman. Joriy mavsum oldidan bunga imkonim bo‘lmadi, chunki safarlarimiz ko‘p edi. O‘sha vaqtdagi holatga qaraymiz. Futboldagi vaqtim ko‘p qolmaganini yaxshi anglab turibman. Bu dunyoda ko‘p narsalar kutilmaganda sodir bo‘ladi. Uzoqdagi kelajak haqida o‘ylamay kunma-kun yashab borishni afzal ko‘raman.

Romano: - Faoliyatingdagi keyingi qadam qaysi bo‘ladi, murabbiy bo‘lishni istaysanmi yoki boshqacha rejalaring bormi?

Messi: - Ochig‘i, bilmayman, hozir nimadir deyishim qiyin. Lekin murabbiy bo‘lishni xohlamayman. Lekin kelgusida nima bilan shug‘ullanishim mumkinligi haqida ham aniq gap ayta olmayman. Bugun faqat hozirgi lahza bilan yashashni, futbol o‘ynash, mashg‘ulot o‘tkazish va bu davrlarni mamnuniyat bilan yashashni o‘ylayapman.

Romano: - Leo, so‘nggi savol. Seni qanday eslashlarini xohlarding? Yaxshi oilaning yaxshi otasi debmi? G‘alabalarga to‘ymaydigan kuchli futbolchi? Yoki Rosariodan chiqib, dunyoni zabt etgan oddiy bolakay sifatidami?

Messi: - Bilmayman, odamlar meni qanday xohlasa, shunday eslab qoladi. O‘tkazgan faoliyatim uchun Yaratgandan minnatdorman. Men omadli insonman: eng katta orzum — Jahon Kubogini yutishga erishdim, «Barselona» bilan barcha sovrinlarni yutdim va juda chiroyli oilam bor. Shunday ekan, odamlar meni istaganlaricha eslab qolishlari mumkin.

Abdulbasit Valixonov tarjimasi

Ko‘proq yangiliklar: