Apple Globalstar sun’iy yo‘ldosh kompaniyasiga 1,5 mlrd dollar investitsiya kiritadi

Jahon 22:14 / 02.11.2024 1520

Apple korporatsiyasi Globalstar sun’iy yo‘ldosh kompaniyasiga qariyb 1,5 milliard dollar sarmoya kiritmoqchi, deb xabar beradi CNBC.

Qayd etilishicha, Globalstar sun’iy yo‘ldosh tarmog‘idan hozirda iPhoneʼlardagi favqulodda xabar yuborish xizmatini boshqarishda foydalanilmoqda. Mazkur funksiya ilk bor iPhone 14 qurilmasida ishga tushirilgan va uning yordamida favqulodda vaziyatlarda sun’iy yo‘ldosh orqali matnli xabar yo‘llash mumkin.

Telefon tashqi antenna yoki tarmoqdan foydalanilmagan holda Globalstar sun’iy yo‘ldoshlariga to‘g‘ridan to‘g‘ri ulanadi. AQSh Qimmatli qog‘ozlar va birja komissiyasi tomonidan e’lon qilingan hujjatda aytilishicha, Apple Globalstar’ning 20 foiz aksiyasini sotib olishga 400 million dollar sarflaydi va yangi tarmoqni qurish uchun avans ko‘rinishida 1,1 milliard dollar investitsiya kiritadi. Kompaniya qo‘lga kiritilgan mablag‘ning qariyb 232 million dollarini o‘z qarzlarini qisqartirishga yo‘naltiradi.

Servis 31 ta birinchi avlod sun’iy yo‘ldoshi bilan faoliyat yuritadi. Apple 2022 yilda Globalstar tarmog‘i modernizatsiyasi uchun sarmoya kiritgandi, ammo uning qiymati ochiqlanmagan.

Appleʼning ikkinchi investitsiyasi Globalstar’ning ikkinchi avlod tarmog‘ini moliyalashtirishga qaratilgan. Ayni vaqtda sun’iy yo‘ldoshli internet oldiga yangi vazifalar qo‘yilgan — smartfonlarning internetga tashqi antennadan foydalanmagan holda internetga to‘g‘ridan to‘g‘ri ulanishini ta’minlash.

Globalstar kompaniyasi yaqin yillarda o‘z sun’iy yo‘ldoshlar tarmog‘ining 80 foiz xizmati Appleʼga, qolgan qismi esa boshqa mijozlarga berilishini tasdiqladi.

Ko‘proq yangiliklar: