Samarqand viloyatida isitish mavsumi bugun, 1 noyabrdan boshlanadi. Bu haqda 2024 yil 31 oktyabr kuni viloyat hokimi Erkinjon Turdimovning tegishli farmoyishida belgilab qo‘yilgan.
Farmoyishga ko‘ra, “Hududgaz Samarqand”, “Hududiy elektr tarmoqlari” AJ viloyat filiali, “Issiqlik manbai” DUK, shahar va tuman hokimliklari 1 noyabrdan boshlab ijtimoiy obektlar va kommunal soha korxonalarida kun-u tun ishlovchi shtab tashkil qiladi.
Ijtimoiy soha obektlari va aholi yashash uy-joylariga “Issiqlik manbai” DUK tizimidagi isitish qozonxonalariga uzluksiz hamda bir me’yorda tabiiy gaz va elektr energiyasini yetkazib berishni ta’minlaydi.
Shuningdek, farmoyishda mas’ullarga tabiiy gaz yetib bormaydigan aholi punktlarini suyultirilgan gaz bilan ta’minlash vazifasi yuklatilgan.
Ma’lumot uchun, poytaxt Toshkentda isitish mavsumi qachondan boshlanishi noma’lumligicha qolmoqda. Hududlardan esa Surxondaryo va Samarqand viloyatlarida bugun 1 noyabrdan isitish mavsumi boshlandi.