AQSh: KXDRning 8 mingga yaqin askari Ukrainada jang qilishga tayyor

Jahon 07:48 / 01.11.2024 6883

Shimoliy Koreyadan 8000 ga yaqin askar allaqachon Rossiya-Ukraina chegarasiga yetib kelgan va «yaqin kunlarda» jangovar harakatlarda qatnashishga tayyorlanmoqda. Bu haqda 31 oktyabr, payshanba kuni AQSh Davlat departamenti rahbari Entoni Blinken ma’lum qildi. Uning so‘zlarini AP agentligi keltirmoqda.

Blinkenning aytishicha, Rossiya harbiylari shimoliy koreyalik hamkasblarini artilleriya qurollari va uchuvchisiz uchoqlardan foydalanishga o‘rgatmoqda, shuningdek, bu «kuchlarni front chizig‘idagi operatsiyalarda to‘liq qo‘llash niyatida ekanliklarini ko‘rsatmoqda». Avvalroq Pentagon matbuot kotibi Sabrina Singx Shimoliy Koreya qo‘shinlari «yaqin haftalarda Ukraina yaqinidagi Rossiya qo‘shinlarini kuchaytirishi»ni aytgan edi.

AQSh Xitoyni KXDR askarlari Rossiyadan olib chiqib ketilishiga erishishga chaqirdi

Qo‘shma Shtatlar Xitoyni Rossiya Federatsiyasida joylashgan Shimoliy Koreya qo‘shinlarini doimiy joylashtirish joylariga qaytarishga erishishga chaqirdi. Vashington Xitoy hukumatidan aloqalarni davom ettirayotgan Shimoliy Koreya rahbariyatiga bosim o‘tkazishni so‘radi, deb xabar berdi CNN 30 oktyabr kuni nomi oshkor etilmagan amerikalik rasmiylarga tayanib.

Ulardan birining aytishicha, AQSh prezidentining milliy xavfsizlik bo‘yicha maslahatchisi Jyeyk Sallivan ham Shimoliy Koreya qo‘shinlarining Rossiyaga yuborilishi bilan bog‘liq vaziyat yuzasidan bir qator boshqa davlatlarni Pekin bilan bog‘lanishga ko‘ndirish haqida ko‘rsatma bergan. Biroq CNN suhbatdoshlari G‘arb rasmiylari bu masala bo‘yicha «Xitoy Shimoliy Koreyaning rejalariga xalaqit berishi yuzasidan optimistik kayfiyatda emasligini» tan olgan.

Ko‘proq yangiliklar: