Sudgacha sanatsiya qilish jarayonida davlat tomonidan yordam ko‘rsatiladi

O‘zbekiston 11:22 / 31.10.2024 1280

Hujjat bilan Sudgacha sanatsiya qilishni davlat tomonidan yordam ko‘rsatgan holda o‘tkazish tartibi to‘g‘risidagi nizom tasdiqlandi. Nizom talablari qishloq xo‘jaligi korxonalarini sudgacha sanatsiya qilishga tatbiq etilmaydi.

Quyidagilar birinchi navbatda sudgacha sanatsiya qilinadigan korxonalar hisoblanadi:

  • hayotiy muhim oziq-ovqat va nooziq-ovqat xalq iste’moli mollari hamda dori-darmonlar ishlab chiqaruvchi korxonalar;
  • davlat mudofaasi va xavfsizligi saqlab turilishini ta’minlovchi korxonalar;
  • respublika iqtisodiyotini rivojlantirishda muhim o‘rin egallagan bazaviy tarmoq (kon qazish, energetika, metallurgiya, kimyo va boshqa tarmoq) korxonalari;
  • raqobatbardosh, eksportbop va import o‘rnini bosadigan mahsulotlar ishlab chiqaradigan korxonalar;
  • zamonaviy, yuqori unumli texnika ishlab chiqarishni va iqtisodiyot sohasiga yangi, progressiv, resurs tejaydigan texnologiyalarni joriy etishni ta’minlaydigan korxonalar;
  • shaharni tashkil etuvchi va unga tenglashtirilgan korxonalar.

Sudgacha sanatsiya qilishni davlat tomonidan yordam ko‘rsatgan holda o‘tkazish jarayoni quyidagi asosiy chora-tadbirlarni o‘z ichiga oladi:

  • korxonaning to‘lov muddati o‘tkazib yuborilgan qarzlarini to‘liq yoki qisman boshqa korxonalar yoki shaxslar, shu jumladan, korxonaning kreditorlari tomonidan sotib olish;
  • ishlab chiqarishni raqobatbardosh mahsulot ishlab chiqarishga moslab qayta ixtisoslashtirish;
  • chetdan yuqori malakali mutaxassislarni jalb etish;
  • xodimlarni tayyorlash, qayta tayyorlash va ularning malakasini oshirish;
  • qarzdorning to‘lov qobiliyati tiklanishi hamda faoliyatini davom ettirishidan manfaatdor bo‘lgan yuridik va jismoniy shaxslar tomonidan moliyaviy yordam ko‘rsatish;
  • qarzdorning faoliyatini davom ettirishi uchun kreditorlarga to‘lanadigan to‘lovlar muddatini kechiktirish va (yoki) uni bo‘lib-bo‘lib to‘lash yoxud qarzlardan chegirma berish to‘g‘risida qarzdor va kreditorlar o‘rtasida kelishuvga erishishga qaratilgan bitim;
  • soliqlar hamda yig‘imlarni to‘lashni va kreditlarni qaytarishni sudgacha sanatsiya qilish muddatiga kechiktirish;
  • qarzdor yuridik shaxsni qayta tashkil etish.

Davlat yordamini olish uchun tashkilot davlat xizmatlari markazlari yoki YaIDXP orqali murojaat etishi lozim.

Ko‘proq yangiliklar: