Isroil Hamasning yana ikki amaldori o‘ldirilganini e’lon qildi

Jahon 20:58 / 02.01.2025 5307

Isroil payshanbaga o‘tar kechasi G‘azo sektori bo‘ylab yo‘llagan aviazarbalar oqibatida Hamas tashkil etgan politsiya boshlig‘i Mahmud Saloh hamda uning o‘rinbosari Husam Shohvon halok bo‘ldi.

Zarba anklav janubidagi Xon Yunus shahri g‘arbidagi Al-Mavasiy hududidagi palatali lager bo‘ylab yo‘llangan.

Falastinlik shifokorlar zarba oqibatida 12 kishi, jumladan, ayollar va bolalar halok bo‘lganini ma’lum qilishgan, Isroilning boshqa nuqtalarni o‘qqa tutishi oqibatida ham o‘nlab kishilar halok bo‘lgan.

Isroillik harbiylar Hamasning harbiy qanotiga G‘azodagi isroillik harbiylarga hujumlarni rejalashtirishda yordam bergan Shohvonni nishonga olganini tasdiqlagan.

Hamas nazorati ostidagi G‘azo IIV Saloh va Shohvon o‘ldirilganini qoralab, ular «o‘zining gumanitar va milliy burchini bajarish bilan shug‘ullangani»ni qayd etgan.

Isroil mudofaa armiyasi Xon Yunusdagi gumanitar zonaga zarba yo‘llaganini tasdiqlagan. TSAHAL xabarida Husam Shohvon Hamasning ichki xavfsizlik apparati rahbari bo‘lgani aytilgan.

Isroillik harbiylar Hamas politsiyasi «G‘azo aholisi vakillarini shafqatsiz yo‘llar bilan so‘roq qilib, inson huquqlarini buzgani va o‘zgacha fikrdagilarni bostirgani»ni qayd etgan.

«Shohvon G‘azodagi Isroil mudofaa armiyasiga hujumlarda Hamas harbiy qanoti elementlari bilan muvofiqlashtirgan holda razvedka ma’lumotlari ishlab chiqishga mas’ul bo‘lgan», — deyilgan bayonotda.

Isroil harbiylar Shohvonni yo‘q qilish chog‘ida ular tinch aholi uchun xavflarni minimallashtirish, jumladan, qo‘shimcha razvedka o‘tkazish, hududni havodan kuzatish va aniq boshqariladigan o‘q-dorilardan foydalanish choralarini ko‘rganini ta’kidlagan.

TSAHAL xabarida Saloh nomi tilga olinmagan.

G‘azo sektoriga hujumlar haqida yana nimalar ma’lum?

G‘azodagi tez yordam xizmati mashinasi haydovchisi ​​Salim Abu Subha jurnalistlarga Al-Mavasiydagi zarba joyida qutqaruvchilar yerda yotgan yaradorlarni topishganini aytib bergan. Uning so‘zlariga ko‘ra, jabrlanganlardan ko‘pchiligi — bolalar, bundan tashqari, ikki ayol ham yaralangan.

«10 ga yaqin palatka shikastlangan, alohida joylarda yong‘in o‘choqlari hosil bo‘lgan», — degan u Qatarning Al Jazeera telekanaliga.

Isroilning G‘azo sektorida payshanba kuni amalga oshirgan boshqa hujumlari oqibatida yana 40 ga yaqin kishi halok bo‘lgan.

Reuters agentligi yozishicha, G‘azo IIVning Xon Yunusdagi qarorgohida olti kishi halok bo‘lgan, boshqa o‘limlar anklavning turli chekkalarida joylashgan «Jabaliya», «Shati» va «Magazi» qochqinlar lagerlarida ro‘y bergan.

Xabarlarda aytilishicha, halok bo‘lgan yetti, 11 va 13 yoshlardagi bolalar aka-ukalar edi.

Isroil 2023 yil 7 oktyabridagi hujumga javoban G‘azo sektorida Hamasga qarshi harbiy amaliyotini davom ettirmoqda. Hamas nazorati ostidagi G‘azo sog‘liqni saqlash vazirligining so‘nggi ma’lumotlariga ko‘ra, hozirgacha anklav hududidagi harbiy harakatlar qurbonlari soni 45 mingdan oshdi.

Ko‘proq yangiliklar: