Turkiya tashqi tahdidlarning oldini olish uchun yangi harbiy platformalar yaratadi

Jahon 00:09 / 30.10.2024 3131

Turkiya uchuvchisiz uchish apparatlari (UUA) va avtonom jangovar platformalarni, shuningdek, har qanday tashqi tahdidlarning oldini olish uchun ko‘p darajali «Po‘lat gumbaz» havo hujumidan mudofaa tizimlarini yaratadi. Bu haqda prezident Rajab Toyyib Erdo‘g‘an Anqarada birinchi T625 GÖKBEY vertolyotini jandarmeriyaga topshirish marosimida ma’lum qildi.

«Biz uchuvchisiz uchish apparatlari bozorida dunyodagi eng yirik ishlab chiqaruvchilardan biri hisoblanamiz. 2018 yildan hozirga qadar dunyoda sotilgan barcha UUAning 65 foizi turk kompaniyalari hisobiga to‘g‘ri keladi. Dronlarni ishlab chiqarish bilan bir qatorda biz kelajakda turli — uchuvchisiz uchish va avtonom dengiz apparatlaridan tortib, suv osti platformalari va aviatashuvchilargacha bo‘lgan jagovar platformalarni yaratishga diqqatimizni qaratamiz», — deydi Erdo‘g‘an.

Shuningdek, u havo hujumidan mudofaa tizimini Turkiya xavfsizligi uchun muhim ekanini ta’kidlab o‘tgan.

«Turli asimmetrik tahdidlar — terrorchilarning bostirib kirishi va dushman bosqinining oldini olish uchun havo hujumidan mudofaa tizimimizni mustahkamlab olishimiz zarur. Ularda [Isroilda] «Temir gumbaz» bo‘lsa, bizda «Po‘lat gumbaz» bo‘ladi. Biz «Po‘lat gumbaz»ni yaratamiz, shu bilan birga, uzoq masofaga mo‘ljallangan raketalarimiz potensialini oshiramiz», — deya aniqlik kiritadi Turkiya yetakchisi.

Ta’kidlanishicha, Turkiyada yaratiladigan ko‘p darajali «Po‘lat gumbaz» tizimi mamlakat havo hujumidan mudofaa tizimini yagona tarmoqqa birlashtirish va u orqali real vaqt rejimida qaror qabul qilish uchun ma’lumotlarni uzatishni ko‘zda tutadi.

Ko‘proq yangiliklar: