Ma’lumotlar “kaft ustida” bo‘lsa, to‘g‘ri qaror chiqarish ehtimoli ortadi – Toshkentda ma’lumotlarni boshqarish mavzusida konferensiya bo‘lib o‘tdi

O‘zbekiston 15:43 / 30.10.2024 1741

Odatda bu kabi tadbirlarni yoritish OAV uchun qiziqmas – o‘quvchi bu xabarlarni “o‘tkazib yuboradi”. Shu uchun ham tashkilotchilar qo‘ng‘iroq qilib, jurnalist sifatida tadbirga tashrif etishimni so‘rashganda doim biroz o‘ylanaman: “boraymi, yo‘qmi?” Ammo bu safar o‘ylanmasdan “boraman” dedim, chunki mavzu ahamiyatini bilaman – ma’lumotlarni tartibli jamlash va keyin ulardan to‘g‘ri foydalanish tizimi yaratilsa, qaror qabul qiluvchilar noto‘g‘ri qarorlarni qabul qilish ehtimoli favqulodda pasayadi. Shu uchun ham mazkur harakat qo‘llab-quvvatlanishi zarur.

Konferensiyada sohada qilinayotgan va qilinishi kerak bo‘lgan ishlar tilga olindi. Xususan Soliq qo‘mitasining o‘z faoliyatida ma’lumotlarni jamlash va foydalanish sohasida qilayotgan ishlari haqida ma’lumot berildi.

Xususan onlayn nazorat-kassa mashinalarining avtomatlashtirilgan axborot tizimi doirasida to‘planayotgan ma’lumotlar ko‘lami ko‘rsatildi. Unda ma’lum vaqt oralig‘ida qaysi mahsulot qay miqdorda sotilganini ko‘rish mumkin.

Elektron hisobvaraq-fakturalarning avtomatlashtirilgan axborot tizimi yordamida sotilgan tovar va xizmatlar ko‘rsatkichlarini kuzatib turish mumkin.

Bojxona qo‘mitasi taqdim etgan prezentatsiyada sohani raqamlashtirish bo‘yicha qilingan ishlarni tahlil qilish mumkin.

Yuqori darajali boshqaruvchilar uchun “Dashboard” nomli raqamli boshqaruv paneli joriy etiladi. Bundan tashqari, sun’iy intellekt qaror qabul qilish jarayonini yanada samaraliroq qilish maqsadida tahliliy yordamchiga aylanadi.

Yangi qonunning qabul qilinishi bilan davlat siyosatini shakllantirish, barcha sohalar ma’lumotlaridan yagona “ko‘ldan” foydalanishni ta’minlash hamda yaxlit davlat yondashuvini ishlab chiqish rejalashtirilmoqda. Ma’lumotlar asosida qarorlar qabul qilish, strategik rejalashtirish, davlat dasturlarini amalga oshirish va davlat budjeti samaradorligini oshirish tamoyili ilgari surilmoqda.

Chora-tadbirlar sifatida quyidagilar kutilmoqda:

  • Yangi ma’lumotlarning qiymatini muhokama qilish uchun vazirlik va idoralardan iborat yuqori darajadagi ma’lumotlar kengashini tuzish;
  • “ma’lumotlar bir marta yig‘iladi va keyin qayta ishlatiladi” tamoyili asosida vazirliklar va idoralar tomonidan ma’lumotlar katalogini yaratish. Ya’ni agar bir idora ma’lumotlarga ega bo‘lsa, u tasdiqlangan funksiyalarni amalga oshirish uchun uni boshqa idora bilan baham ko‘radi;
  • Shaxsiy ma’lumotlarni himoya qilish talablariga muvofiq xavfsiz ma’lumotlar almashinuvini ta’minlash;
  • Infratuzilmani bosqichma-bosqich yaratish uchun texnik, shu jumladan muhandislik qismlarini baholash va rivojlantirish;
  • Ma’lumotlarga bo‘lgan talablar, standartlar, modellarni ishlab chiqish;
  • Muayyan davr uchun ustuvorliklar asosida yuqori darajadagi amaldorlar uchun ma’lumotlarni jamlash uchun “Dashboard” panelini yaratish .
  • Ma’lumotlarni qayta ishlash uchun sun’iy intellekt vositalaridan foydalanish;
  • So‘rovlarni kamaytirish uchun standartlashtirilgan hisobot shaklini qabul qilish.

Shokir Sharipov

Ko‘proq yangiliklar: