Jahon | 20:23 / 14.02.2025
12720
4 daqiqa o‘qiladi

Myunxenda xavfsizlik bo‘yicha konferensiya boshlanmoqda

Asosiy mavzu - Rossiya-Ukraina urushini yakunlash. Zelenskiy Kiyevning muzokaralardagi yagona «qizil chizig‘i»ni aytdi.

Foto: REUTERS

Germaniyada bugun mudofaa sohasi muammolariga bag‘ishlangan sammit — xavfsizlik bo‘yicha 61-Myunxen konferensiyasi boshlanadi. Rossiya-Ukraina urushi va ehtimoliy tinchlik muzokaralari tadbirdagi asosiy mavzulardan bo‘ladi.

Myunxenda AQSh vitse-prezidenti Jyey Di Vens, AQSh davlat kotibi Marko Rubio, AQSh prezidenti Donald Trampning Rossiya va Ukraina bo‘yicha maxsus vakili Kit Kellog hamda Ukraina prezidenti Volodimir Zelenskiy kabi mehmonlar bor. Birinchi kuniyoq Zelenskiy Vens bilan uchrashuv o‘tkazishi kutilgandi, ammo uchrashuv Amerika tomoni tashabbusi bilan keyinga qoldirildi, ularga qo‘shimcha hamkorlik memorandumini kelishish uchun ko‘proq vaqt talab etildi.

Myunxen konferensiyasidan oldinroq Tramp RF va Ukraina prezidentlari Vladimir Putin va Volodimir Zelenskiy bilan qo‘ng‘iroqlashib, urushni yakunlash bo‘yicha muzokaralarni boshlashga kelishib olinganini e’lon qilgandi. Xuddi shu vaqtda Yevropaga uchib kelgan Pentagon rahbari Pit Hegset Ukrainaning NATOga a’zo bo‘lishi ham, mamlakat xalqaro tan olingan chegaralariga qaytishi ham noreal maqsadlar ekanini aytgandi — bu shunday pozitsiya ilk bor yuqori darajadagi rasmiy tomonidan yangrashi bo‘ldi. Bu Vashington va Kiyevning Yevropadagi ittifoqchilari orasida xavotir uyg‘otdi, chunki Ukrainada tinchlik o‘rnatish bo‘yicha ularning pozitsiyasi inobatga olinmasligi mumkin.

Sammit oldidan jurnalist bilan gaplashgan Zelenskiy Tramp bilan istalgan vaqtda uchrashishga tayyorligini aytdi. Uning ta’kidlashicha, u AQShning Ukrainani NATOga qabul qilishni istamasligini tushunadi va bu masalani muhokama qilishga va agar G‘arb boshqa xavfsizlik kafolatlarini taqdim etsa, bunday qadamdan voz kechishga tayyor.

Shuningdek, Zelenskiy agar Ukraina NATOga qo‘shilmasa, Yevropa bilan birgalikda xavfsizlik tizimini rivojlantirishi va armiya miqdorini ikki baravar — bir yarim million kishigacha oshirishi zarurligini aytdi.

Ukraina prezidenti, shuningdek, G‘arbni Rossiyaning ehtimoliy hujumiga tayyorgarlik ko‘rishga chaqirdi. «Men razvedkadan olgan ma’lumotlarimga asoslanib, u kelasi yili NATO davlatlari bilan urushga tayyorlanmoqda, deb hisoblayman», — dedi Zelenskiy Moskva Belarus hududida joylashtirish uchun 15 ta diviziyani tayyorlayotgani haqidagi ma’lumotlarni keltirib.

Ehtimoliy tinchlik muzokaralaridagi «qizil chiziqlar» haqidagi savolga javob berarkan, Zelenskiy faqat bir narsani aytdi: uning so‘zlariga ko‘ra, Kiyev bosib olingan hududlarini yuridik jihatdan Rossiyaga tegishli deb tan olmasligi aniq. «Bu aniq qizil chiziq, bu Konstitutsiyada [belgilab qo‘yilgan]. Va buni faqat Ukraina xalqi hal qilishi mumkin», — dedi u.

Ukraina prezidenti, shuningdek, konferensiyadan so‘ng Saudiya Arabistoni va Turkiyaga borishini aytdi — biroq bu tashriflar doirasida Rossiya yoki AQSh vakillari bilan hech qanday uchrashuvlar ko‘zda tutilmaganini ta’kidladi. Avvalroq Saudiya Arabistoni Putin va Tramp uchrashuvini tashkillashtirishi mumkin bo‘lgan davlatlar qatorida tilga olingan edi.

Tramp bir kun avval Myunxenda Amerika rasmiylari Rossiya vakillaridan tashqari Ukraina vakillari bilan ham uchrashishini aytgandi. Biroq konferensiya tashkilotchilari «Rossiya hukumatining birorta vakilini akkreditatsiyadan o‘tkazmaganliklari»ni aytishdi.

Mavzuga oid