Italiyaning Trevizo provinsiyasida yashovchi keksa ayolning uyidagi farrosh 50 ming yevrolik naqd pul va zargarlik buyumlari saqlanadigan eski to‘shakni tasodifan chiqindiga tashlab yubordi. Bu haqda Tribuna di Treviso nashri xabar bermoqda.
Ayol uyni tozalash paytida ombordagi eski to‘shakni topib olgan, ichidagi narsalardan bexabar holda, uni katta hajmli chiqindilarni qabul qilish punktiga olib borgan. Bir necha soatdan so‘ng uy egasining qizi to‘shak yo‘qolganini payqab, darhol politsiyaga murojaat qilgan.
Montebelluna shaharchasida eski to‘shakni topish uchun fuqaro mudofaasi ko‘ngillilari va chiqindilarni utilizatsiya qilish xizmati xodimlari jalb etildi. Ko‘p o‘tmay, buyum yirik chiqindilar uchun mo‘ljallangan axlat konteyneridan topildi.
Nashr ma’lumotlariga ko‘ra, barcha naqd pullar, taqinchoqlar va kredit kartalari egalariga qaytarildi. Oila tezkor yordam uchun karabinyorlar va ko‘ngillilarga o‘z minnatdorligini bildirdi.
Avvalroq Italiyadagi ko‘rgazmada 57 yoshli erkak xitoylik haykaltaroshning san’at asarini qasddan sindirgan edi. U qo‘lga olingan.