G‘azo sektorida sulh boshlanmayapti, Isroil amaliyotni davom ettirmoqda

Jahon 13:47 2609

Isroil va Hamas o‘rtasida 19 yanvar kuni mahalliy vaqt bilan 8:30 da (Toshkent vaqti bilan soat 11:30) boshlanishi kerak bo‘lgan o‘t ochishni to‘xtatish rejimi kechiktirildi. Hamas bungacha Isroilga yakshanba kuni ozod etiladigan garovdagilar ro‘yxatini berishi kerak edi, ammo buni qilmagan. Isroil mudofaa armiyasi rasmiy vakili Daniel Hagari «Hamas o‘z majburiyatlarini bajarmayotgani» tufayli armiya G‘azo bo‘ylab zarbalar yo‘llashda davom etayotganini bildirgan.

Isroil bosh vaziri Binyamin Netanyahu ozod etiladigan asirlar ro‘yxati kelib tushmagunicha o‘t ochishni to‘xtatish rejimi kuchga kirmasligini ma’lum qilgan. 19 yanvar tongida u milliy xavfsizlik sohasida muhim qarorlarni qabul qiladigan hukumat komissiyasi – harbiy-siyosiy kabinet yig‘ilishini chaqirgan.

Hamasdagilar kechikishni «texnik sabab» bilan izohlab, bu bilan nima nazarda tutilganiga aniqlik kiritmagan. Shu bilan birga, guruh o‘t ochishni to‘xtatish bo‘yicha kelishuvga sodiq ekaniga ishontirgan. «Ashark» telekanali (Saudiya Arabistoni) ma’lumotiga ko‘ra, ro‘yxat «bir necha soat ichida» Isroilga yuboriladi.

Sulhning birinchi bosqichida (19 yanvardan keyingi olti hafta) Hamas garovdagi 33 isroillikni ozod etishi kerak — ayollar, bolalar, keksa kishilar, yaradorlar hamda bemorlar. Umumiy ro‘yxat allaqaon e’lon qilingan. Ular bir necha guruhga bo‘lingan holda qaytarilishi ko‘zda tutilgan. Birinchi partiya ro‘yxati yo‘qligi sulh boshlanishi kechikishiga sabab bo‘ldi.

G‘azo shahri aholisi uylariga qaytmoqda, 2025 yil 19 yanvar
Dawoud Abu Alkas / Reuters / Scanpix / LETA

Isroil qo‘shini G‘azo sektori janubidagi Rafah shahrini tark etishga kirishgan. Bu haqda voqea joyidan turli manbalar, jumladan CNN muxbiri xabar bermoqda. O‘t ochishni to‘xtatish haqidagi kelishuv shartlariga ko‘ra, Isroil mudofaa armiyasi sulhning birinchi bosqichida sektorning aholi tig‘iz yashaydigan hududlaridan olib chiqilishi, ammo chegara bo‘ylab tashkil etilgan bufer zonalar, jumladan, G‘azo va Misr chegarasidagi Filadelfiya yo‘lagi ustidan nazoratni saqlab qolishi kerak.

G‘azo sektorining shimoliy qismida yashovchi aholi ham janubdan uylariga qayta boshlagan. Isroil mudofaa armiyasining matbuot xizmatining arab bo‘limi vakili  Avixay Adrai o‘t ochishni to‘xtatish bo‘yicha kelishuv hali kuchga kirmagani tufayli bu xavfli bo‘lishi mumkinligini qayd etgan.

Isroil tanki G‘azo bo‘ylab o‘t ochmoqda. 2025 yil 19 yanvar
Ilia Yefimovich / picture alliance / Getty Images

19 yanvar tongida Isroil mudofaa armiyasi ShABAK maxsus xizmati bilan qo‘shma amaliyot natijasida 2014 yilgi urush («Buzilmas qoya» amaliyoti) chog‘ida halok bo‘lgan askar Oron Shaulning jasadi topilgani va Isroilga qaytarilganini xabar qildi. O‘sha urushda halok bo‘lgan yana bir askar — Xadar Goldinning jasadi hamon G‘azoda qolmoqda. Isroil va Hamas o‘rtasida Dohada o‘tkazilgan muzokaralarda uning jasadini 2024 yil oktyabrida halok bo‘lgan Hamas yetakchisi Yahyo Sinvarning jasadiga almashish masalasi ko‘tarilgan. Ammo kelishuvga erishilmagan.

Ko‘proq yangiliklar: