Shu yil dekabr oyi oxirida Qozog‘iston poytaxti Ostona shahrida Mustaqil Davlatlar Hamdo‘stligining norasmiy sammiti bo‘lib o‘tadi. Bu haqda MDH bosh kotibi Sergey Lebedev xabar berdi.
«28 noyabr kuni Ostonada KXShT davlat rahbarlarining uchrashuvi bo‘lib o‘tadi, dekabr oxirida esa MDH davlat rahbarlarining an’anaviy norasmiy uchrashuvi bo‘lib o‘tadi», dedi Lebedev.
So‘nggi bor MDH norasmiy sammiti 2023 yil dekabr oyida Sankt-Peterburgada bo‘lib o‘tgan va unda O‘zbekiston prezidenti Shavkat Mirziyoyev ishtirok etgan edi.
Tadbirda Rossiya prezidenti Vladimir Putin, Ozarboyjon prezidenti Ilhom Aliyev, Belarus prezidenti Aleksandr Lukashenko, Qozog‘iston prezidenti Qosim-Jo‘mart To‘qayev, Qirg‘iziston prezidenti Sadir Japarov, Tojikiston prezidenti Imomali Rahmon, Turkmaniston prezidenti Serdar Berdimuhamedov va Armaniston bosh vaziri Nikol Pashinyan qatnashdi.
Sammitda 2023 yilgi ko‘p tomonlama hamkorlikning asosiy yakunlari sarhisob qilindi va 2024 yilga mo‘ljallangan ustuvor vazifalar ko‘rib chiqildi. MDH doirasida ko‘p qirrali munosabatlarni rivojlantirish istiqbollari yuzasidan fikr almashildi, mintaqaviy ahamiyatga molik dolzarb masalalar muhokama qilindi.