Germaniya hukumati GFR fuqaroligiga ega bo‘lgan eronlik Jamshid Sharmahdning qatl etilishi munosabati bilan Tehronga norozilik bildirdi. Eronning Berlindagi muvaqqat ishlar vakili Germaniya tashqi ishlar vazirligiga chaqirildi. «Biz Eron rejimining harakatlariga keskin norozilik bildirdik va keyingi chora-tadbirlarni qo‘llash huquqini o‘zida saqlab qolamiz», deb xabar berdi Germaniya tashqi ishlar vazirligi 29 oktyabr, seshanba kuni X ijtimoiy tarmog‘ida.
Germaniyaning Erondagi elchisi Markus Potsel ham Tehronning xatti-harakatlariga «eng kuchli tarzda norozilik bildirdi», deyiladi xabarda. Shundan so‘ng Germaniya tashqi ishlar vaziri Annalena Berbok Potselni maslahatlashuvlar uchun Berlinga chaqirdi.
YeI o‘lim jazosiga «har doim va har qanday sharoitda» qarshi
Yevropa komissiyasi va Yevropa Ittifoqining tashqi ishlar va xavfsizlik siyosati bo‘yicha oliy vakili Jozep Borrel ham Jamshid Sharmahdning qatl etilishini qoralab, Tehronga oqibatlar bilan tahdid qildi.
«Yevropa Ittifoqi har doim va har qanday sharoitda o‘lim jazosiga qat’iy qarshilik ko‘rsatadi. Bu yashash huquqini buzish va inson qadr-qimmatini to‘liq rad etishdir», deb yozgan Borrel. U Yevropa Ittifoqi «qarshi choralarni ko‘rib chiqayotganini» qo‘shimcha qildi.
Yevropa komissiyasi vakili jurnalistlarga Eronga qarshi «har qanday choralar» qo‘llanishi mumkinligini va ular «barcha a’zo davlatlar bilan muhokama qilinishi kerakligini» aytdi.
Eron tashqi ishlar vaziri Abbos Araqchi, o‘z navbatida, Yevropa davlatlarini ikkiyuzlamachilikda aybladi. «Hech bir terrorchi Eronda jazosiz qolmaydi, garchi u Germaniya tomonidan qo‘llab-quvvatlansa ham», dedi u.
GFR fuqaroligiga ega eronlik Eron rasmiylari tomonidan qatl etildi
Germaniya fuqaroligiga ega bo‘lgan eronlik Jamshid Sharmahd hibsda qatl etildi. Bu haqda 28 oktyabr kuni Eronning rasmiy adliya portali Misan xabar berdi.
Qatl ertalab sodir bo‘lgan, Eronda o‘lim jazosi odatda osish orqali ijro etiladi, deya aniqlik kiritdi dpa agentligi.
Huquq himoyachilari va ayniqsa, Sharmaxdaning AQShda yashovchi qizi oxirigacha mahkumni qutqarish uchun kurashdi.
Mers Eron rasmiylarining «dahshatli jinoyati» haqida gapirdi
Muxolifatdagi Xristian-demokratik ittifoq/Xristian-sotsial ittifoq (XDI/XSI) blokidan Germaniya kansleri lavozimiga nomzod Fridrix Mers Eron hukumati tomonidan «o‘ta dahshatli jinoyat» sodir etilganini e’lon qildi.
«Eron rejimi yana bir bor o‘zining g‘ayriinsoniy xarakterini namoyish etdi», — dedi siyosatchi. U Germaniya hukumatini voqeaga «qat’iy» javob berishga chaqirdi. «Eron bilan «sokin diplomatiya» yondashuvi muvaffaqiyatsizlikka uchradi», deb qo‘shimcha qildi Mers.