TikTok servisiga egalik qiluvchi ByteDance kompaniyasi asoschisi Chjan Imin Xitoyning eng badavlat insoniga aylandi. Uning boyligi 49,3 milliard dollarni tashkil etmoqda, deb xabar beradi Reuters nashri.
Nashr ma’lumotlariga ko‘ra, aktivlar borasida AQShda davom etayotgan sud mojarolariga qaramay, ByteDance daromadi o‘tgan yili 30 foizga oshib, 110 milliard dollarga yetgan. Bu esa o‘z navbatida Chjanning boyligiga ijobiy ta’sir ko‘rsatgan.
Ikkinchi o‘rinni qadoqlangan suv ishlab chiqarish bilan shug‘ullanuvchi Chjun Shanshan egallagan bo‘lsa, kuchli uchlikka Tencent asoschisi Poni Ma yakun yasagan. Sentyabr o‘rtalarida Tencent asoschisi Poni Maning boyligi 43,9 mlrd dollarga yetgani, natijada u mamlakatdagi eng badavlat insonlar reytingida yana birinchi o‘ringa ko‘tarilgani to‘g‘risida xabar berilgandi.
Xitoyda milliarderlar soni o‘tgan yilga nisbatan 142 kishiga kamaygan. Hurun nashri boshqaruv raisi Rupert Xugeverfning so‘zlariga ko‘ra, 2024 yil Xitoy fond bozori va iqtisodiyoti uchun eng og‘ir yilga aylangan.
Eslatib o‘tamiz, 2023 yil fevral oyida Xitoyda yuqori texnologiyalar sohasidagi yirik biznes-vositachi Bao Fan bedarak yo‘qolgani to‘g‘risida xabar berilgandi. Bao Fan China China Renaissance Holdings moliyaviy kompaniyasiga asos solgan bo‘lib, uning mijozlari ro‘yxatiga Tencent, Alibaba va Baidu kabi internet gigantlari ham kiradi. Kompaniya Xitoydagi texnologiya sohasidagi eng yirik kompaniyalardan biri hisoblanadi.