Putin yadroviy tiyib turuvchi kuchlarni sinovdan o‘tkazdi

Jahon 21:52 / 29.10.2024 5432

Rossiya prezidenti Vladimir Putin videoaloqa orqali yadroviy tiyib turuvchi kuchlarning mashg‘ulotlarini o‘tkazdi, deb xabar berdi TASS.

Putin «geosiyosiy keskinlikning kuchayishi, yangi tashqi tahdid va xatarlarning paydo bo‘lishini inobatga olgan holda, jangovar foydalanishga doimo tayyor bo‘lgan zamonaviy strategik kuchlarga ega bo‘lish muhim» ekanini ta’kidladi. Shu bilan birga, u Moskva yadroviy quroldan foydalanish «xavfsizlikning o‘ta muhim chorasi» bo‘lib qolishi haqidagi pozitsiyasini tasdiqlashini qayd qildi.

«Biz yaxshi tushunamizki, aynan «yadro triadasi» mamlakatimiz suvereniteti va xavfsizligining ishonchli kafolati bo‘lib qolmoqda. U bizga strategik tiyib turish vazifalarini bajarish, shuningdek, dunyodagi kuchlar muvozanati global barqarorlikning obektiv omillari sifatida yadro pariteti va yadroviy tenglikni saqlash imkonini beradi», dedi Putin.

Putin, shuningdek, mashg‘ulotlarda mulozimlarning yadro qurolidan foydalanish bo‘yicha harakatlari amalda sinab ko‘rilishini aytdi.

Uning so‘zlariga ko‘ra, Rossiya qurollanish poygasiga qo‘shilmoqchi emas, balki o‘zining yadroviy kuchlarini «zarur yetarlilik» darajasida saqlab turmoqchi.

Bir yil avval, 2023 yil oktyabrda Kreml matbuot xizmati Putin yadroviy tiyib turuvchi kuchlar uchun mashg‘ulotlar o‘tkazgani haqida xabar bergan edi. Mashg‘ulotlar doirasida Plesetskdagi kosmodromdan «Yars» qit’alararo raketasi Kamchatkadagi poligonga uchirildi. Shuningdek, Barens dengizidagi «Tula» atom suv osti kemasidan «Sineva» raketasi uchirildi. Rossiya prezidenti matbuot kotibi Dmitriy Peskov so‘zlariga ko‘ra, Vladimir Putin ishtirok etgan strategik tiyib turuvchi kuchlarning mashg‘uloti oldindan reja qilingan. «Ular muntazam ravishda o‘tkaziladi», dedi Peskov.

Ko‘proq yangiliklar: