Aspirant tasodifan Meksika junglilarida yo‘qolgan shaharni topdi

Jahon 21:09 / 29.10.2024 5299

Arxeologlar Kampech shtati janubi-sharqidan Meksika junglilari ichida g‘oyib bo‘lgan mayyalarning ulkan shahri harobalarini topishga muvaffaq bo‘ldi. BBC’ning yozishicha, topilmalar ichida piramidalar, sport maydonchalari, to‘g‘onlar va amfiteatr bor.

Mutaxassislar qadimiy shahar harobalarini topishda LiDAR (Light Detection and Ranging, «yorug‘likni aniqlash va masofani o‘lchash») — lazer suratga olish tizimidan foydalangan.

«Meksika atrof-muhit monitoringi tashkiloti tomonidan o‘tkazilgan lazer tadqiqoti suratlarini topganimda Google qidiruv tizimining 16-sahifasida edim», — deydi AQShdagi Tuleyn universiteti aspiranti Lyuk Old-Tomas.

Bu real vaqt rejimida atrof-muhitdagi aniq masofalar va harakatlarni o‘lchash uchun lazer nurlaridan foydalanadigan masofadan zondlash texnologiyasi — LiDAR tasvirlari bo‘lgan. Ammo Old-Tomas tasvirlarni arxeologlar foydalanadigan usullar yordamida qayta ishlagach, milodiy 750-850 yillarda o‘z rivojlanishining cho‘qqisiga chiqqan ulkan shaharga duch kelgan.

Tadqiqot hammuallifi professor Marchello Kanutoning so‘zlariga ko‘ra, mazkur topilma g‘arb hamjamiyatida tropik mintaqalar «sivilizatsiyalar halok bo‘lgan joy» degan tushunchani o‘zgartirishga yordam beradi.

«Biz shaharning yo‘qolib ketishiga aynan nima sabab bo‘lganini komil ishonch bilan ayta olmaymiz. Ammo arxeologlarning ta’kidlashicha, bu asosan iqlim o‘zgarishi tufayli sodir bo‘lgan», — deyiladi xabarda.

Valeriana nomli ushbu shahar «poytaxt belgilari»ga ega va qurilgan inshootlar zichligi bo‘yicha 100 kilometr uzoqlikdagi Kalakmul shahridan ortda qoladi xolos. Maydoni 16,6 kilometr kvadratga teng shahar ikkita yirik markaziy binoga ega bo‘lgan va ular bir-biri bilan to‘g‘onlar orqali birlashtirilgan. Shuningdek, u yerda mayya xudolari uchun qurilgan piramidalar ham aniqlangan.

Ko‘proq yangiliklar: