Komil Allamjonov avtomobiliga o‘q uzishda gumonlanib yana uch kishi ushlandi

O‘zbekiston 16:24 / 28.10.2024 30832

Bosh prokuratura matbuot xizmati Komil Allamjonovga uyushtirilgan qurolli hujum yuzasidan qo‘shimcha ma’lumot berdi. Ma’lum qilinishicha, jinoyatni sodir etishga aloqador bo‘lgan shaxslarning uch nafari ushlandi.

«Bosh prokuratura tomonidan Qibraydagi qotillikka suiqasd holati bilan bog‘liq jinoyat ishi yuzasidan tergov harakatlari olib borilmoqda.

O‘tkazilgan tergov va tezkor qidiruv tadbirlari davomida ushbu jinoyatni sodir etishga aloqador bo‘lgan shaxslarning yana uch nafari aniqlanib, gumonlanuvchi tariqasida ushlandi», deyiladi xabarda.

Bosh prokuratura 26 oktyabr kuni soat 1:40 atrofida Toshkent viloyatining Qibray tumanidagi Ifor ko‘chasida ikki noma’lum shaxs Prezident administratsiyasi sobiq xodimi Komil Allamjonovning Range Rover rusumli yo‘ltanlamas avtomobiliga o‘qotar quroldan bir necha marta o‘q uzib, voqea joyidan qochib ketgani haqida xabar bergandi. Haydovchi va Allamjonov jabrlanmagan.

Holat yuzasidan Jinoyat kodeksining 25, 97-moddasi (Qasddan odam o‘ldirishga suiqasd qilish) bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan.

27 oktyabr kuni ushbu jinoyatni sodir etishda gumonlanuvchilarning biri ushlangani xabar qilindi.

Ko‘proq yangiliklar: