Apple kompaniyasi iOS 18.1 tizimini chiqardi. Ushbu yangilanish diqqatga sazovordir, chunki yozda taqdim etilgan sun’iy intellektga (SI) asoslangan Apple Intelligence funksiyalariga birinchi marta ega bo‘ldi.
iOS 18.1 tizimiga yangilanish orqali quyidagi SI xususiyatlarini olish mumkin:
- Matn bilan ishlash uchun Writing Tools va bildirishnomalar uchun SI xulosasi;
- Photos ilovasida fotosuratdan ba’zi elementlarni olib tashlash uchun Clean Up funksiyasi;
- Safari orqali veb-sahifani o‘qiyotganda SI uning qisqacha mazmunini aytib berishi mumkin;
- Elektron pochtani «aqlli» saralash;
- Matn so‘rovi asosida slayd-shou yaratish.
- Tez-tez ishlatiladigan ilovalardan faqat eng muhim bildirishnomalarni ko‘rsatadigan maxsus SI fokus rejimi.
Yangilanish hajmi 1,8 Gb, lekin Apple Intelligence funksiyalari uchun kamida 4 Gb bo‘sh joy kerak bo‘ladi. XS smartfonidan boshlab barcha iPhone egalari IOS 18.1 tizimini olishi mumkin. Ammo Apple Intelligence faqat iPhone 15 Pro/Pro Max va iPhone 16 smartfonlarida mavjud.
Sun’iy intellektni qo‘llab-quvvatlamaydigan iPhone qurilmalari uchun boshqa bir nechta foydali xususiyatlar ham tayyorlangan. Ehtimol, eng muhimi, telefon suhbatlarini yozib olish va transkripsiya qilish imkoniyatidir. Shuningdek, Siri dizayni va funksionalligi ham yangilangan.
ChatGPT integratsiyasi va Genmoji bilan Image Playground funksiyalarini o‘z ichiga olgan Apple Intelligence xususiyatlari iOS 18.2 tizimida yil oxirigacha chiqariladi. Tizim 2025 yilning bahorida iOS 18.3 yoki 18.4 versiyalarining chiqarilishi bilan to‘liq ishga tushadi.