Jahon | 18:51 / 05.03.2025
1627
2 daqiqa o‘qiladi

Apple Britaniya maxsus xizmatlarini sudga berdi

Bunga qirollik hukumati kompaniya mijozlarining iCloud ma’lumotlarini taqdim etishni talab qilgani sabab bo‘ldi.

Foto: Getty images

Amerikaning Apple korporatsiyasi Buyuk Britaniya Tergov bo‘yicha tribunaliga qirollik hukumati ustidan shikoyat kiritdi. Bunga mamlakat maxsus xizmatlariga iCloud foydalanuvchilarining shifrlangan ma’lumotlaridan foydalanish imkoniyatini taqdim etish talab qilingani sabab bo‘ldi, deb yozadi Financial Times.

Bir oy oldin Britaniya hukumati Appleʼdan maxsus xizmatlarga iCloud’ga yuklanadigan barcha ma’lumotlardan foydalanish imkoniyatini berishni talab qilgandi. Hozirda bunday imkoniyat faqat foydalanuvchilarning o‘zlarida bor. Bu turdagi kontentni hatto Appleʼning o‘zi ham kuzata olmaydi.

Fevral oxirlarida Amerika korporatsiyasi bulutli servisning britaniyalik foydalanuvchilari uchun «ma’lumotlarning kengaytirilgan himoyasi» funksiyasini o‘chirib qo‘ydi.

Apple bunga qadar vaziyatga hech qanday izoh bermay kelayotgandi, chunki bunday so‘rov qabul qilinganini oshkor etishning o‘zi jinoyat hisoblanadi. AQSh Milliy razvedkasi boshlig‘i Tulsi Gabbard esa Britaniya hukumatining mazkur talabini amerikaliklarning maxfiylik va fuqarolik erkinligi huquqlarini «yaqqol buzish» deb atadi. Shuningdek, u Apple atrofidagi vaziyat MRB, Milliy xavfsizlik agentligi va Amerikaning boshqa razvedka xizmatlari tomonidan tekshirilishini e’lon qildi.

Mavzuga oid