Qariyb ikki dekada davomida Krishtianu Ronaldu yoki Lionel Messi «Oltin to‘p» uchun asosiy da’vogarlarning kengaytirilgan ro‘yxatiga kiritilib kelinardi. Bu galgi so‘nggi 30 nomzod orasida ular ko‘rinish bermadi va katta era shu bilan yakuniga yetdi.
Ularning ro‘yxatda emasligi natijasida, bu yilgi eng yaxshi futbolchini aniqlash marosimi oldidan nomzodlar sifatida odatda o‘rganganimizdan ham ko‘proq nomlar jarang sochmoqda. Va ularning har birida futboldagi eng katta individual sovrinni yutish uchun o‘z sabablari bor.
Vinisius Junior
«Real»ning braziliyalik futbolchisi dastlabki mavsumlardagi og‘ir damlarni bardosh bilan bosib o‘tgani evaziga bugungi tarkibning asosiy yetakchisi va yulduzlaridan biriga aylandi. Karim Benzemaning jamoadan ketishi hujum markazini ojizlashtirishi va bu mavsum davomida «qirollik klubi»ga pand berishi ko‘p bora taxmin qilindi. Biroq Vini Anchelotti o‘ylab topgan yechimga muvaffaqiyatli moslashdi va sherigi Rodrigo bilan ajoyib tandemni yuzaga keltirdi. Ta’kidlash kerakki, bu ikki futbolchining muvaffaqiyatli bog‘lami madridliklarning o‘tgan mavsumdagi yutuqlariga asos bo‘lib xizmat qildi.
Vini yakuniga yetgan mavsumda klubi safida 39ta uchrashuvda maydonga tushib, 24ta gol va 11ta assist amalga oshirdi. Mavsum davomida bir necha oylarni jarohat sabab o‘tkazib yuborgan hujumchi yakuniy pallada yuqori formada jamoa ixtiyorida bo‘ldi. Mavsumning hal qiluvchi o‘yinlarida esa Vinisius Juniorni to‘xtatib bo‘lmadi. Ispaniya Superkubogi finalidagi «klasiko»da het-trik qayd etdi. UYeFA Chempionlar Ligasi pley-offining har bir bosqichida jamoasining kamida bitta golida ishtirok etdi. Jumladan, «Bavariya»ga qarshi ilk uchrashuvdagi dubli va finalda urgan goli «qaymoqranglilar»ning 15-titulni qo‘lga kiritishida hal qiluvchi ahamiyat kasb etdi.
Xo‘sh, bunday mavsum o‘tkazgan «monstr»ni «Oltin to‘p»ni yutishdan nima to‘xtata oladi? Milliy jamoadagi muvaffaqiyatsiz mavsum. Braziliya milliy jamoasini Neymarsiz Amerika Kubogiga boshlab tushishi va chempionlik uchun kurashda yetakchi sifatida jamoani tortib borishi kutilgan Vinisius, amalda, kutilmalarni oqlab bera olmadi. Mavsum davomidagi o‘rtoqlik uchrashuvlarida kuzatilgan golsiz seriya yetmaganidek, Kopa Amerikada 24 yoshli hujumchi jamoasi muvaffaqiyatsizligidagi bosh aybdorlardan biriga aylandi. Umuman, guruh bosqichida «pentakampeonlar» faqat bitta uchrashuvda g‘alabaga erishdi va o‘sha Paragvayga qarshi uchrashuvda Vini dubl qayd etdi. Qolgan ikki uchrashuvda golda ishtirok etmagani va jamoasi durang o‘ynaganini hazm qilish mumkindir, lekin 3ta o‘yinning 2tasida sariq kartochka olib, chorakfinal bahsida Urugvayga qarshi to‘qnash kelgan jamoasiga yordam bera olmagani uning manziliga braziliyalik muxlislarning noroziligini alangalatib yubordi. Darhaqiqat, ushbu bellashuvda urugvayliklar penaltilar seriyasidagi g‘alaba evaziga yarimfinal yo‘llanmasini qo‘lga kiritdilar.
Jud Bellinghem
«Real»da turlicha debyut amalga oshirgan futbolchilarni ko‘rganmiz, lekin eng yaxshi yulduzlarga ham doim bu klubda qiyin bo‘lardi. Jud Bellinghem esa yuqoridagilardan istisno qilinadigan, boshqacha darajadagi futbolchi ekanligini dastlabki mavsumidayoq ko‘rsatib bera oldi. Uni o‘tgan yozda jamoasiga olib kelgan paytda Karlo Anchelottining maxsus rejasi bo‘lgan ekan va bu ish berdi. Hujumdagi ikki do‘sti ortida turib, ularni dirijyordek boshqarib turgan angliyalik futbolchiga darvozaga yaqinroq holatda o‘ynash xush yoqdi va buni uning statistikalarida ham ko‘rishimiz mumkin. Klubi safida o‘tgan mavsumda o‘tkazgan 42ta uchrashuvida 23 marotaba raqib darvozasini ishg‘ol etgan bo‘lsa, 13 marta jamoadoshlari goliga hammuallif bo‘lgan.
Yuqoridagi raqamlarning aksar qismi mavsum avvalida to‘plab olindi va kampaniyaning o‘rtalariga borib, Anchelotti Judning kreativlik chegaralarini biroz cheklashga qaror qildi. U maydon markazida ham sheriklariga yordam berishi kerak bo‘ldi va tabiiyki, bu uning tablolarda kamnamo bo‘lib qolishiga sabab bo‘ldi. O‘z navbatida, uzun-uzun qadamlari bilan rosmanasiga Zidanni eslatib yuboradigan va butun maydon bo‘ylab katta ko‘lamdagi ishlarni bajaradigan bu «mashina»ga faqat gol yoki assistlari bilan baho berish o‘ta ketgan adolatsizlik bo‘lardi.
Vinidan farqli ravishda, Bellinghem milliy jamoasi safida ham anchayin muvaffaqiyatli mavsum o‘tkaza oldi. Ha, ular baribir Yevro finalida zafar qucha olmadilar, ammo 21 yoshli futbolchining Slovakiya darvozasiga so‘nggi soniyalarda chalqancha uslubda urgan goli bo‘lmaganda, Judning uzun oyoqlari o‘sha havodagi to‘pni ushlab qolmaganda, Garet Sautgeyt bir muncha farqli kayfiyatda «uch sherlar» postini tark etardi.
U nimaning evaziga Vinidan ortda qolishi mumkin? Eng muhim o‘yinlarida jamoadosh do‘stidek yorqin porlay olmagani bilan. Ha, yuqorida aytib o‘tganimizdek, uning maydonda qiladigan ishlari ko‘p va hadeganda uning mehnatini teleekran orqali anglash mumkin, biroq tan olish lozimki, Vinisiusning eng muhim uchrashuvlarda ko‘rsatgan darajasiga Bellinghemning o‘yinini ham solishtira olmaymiz.
Rodri
Bundan avvalgi maqolalarimizning birida ta’kidlanganidek, «Manchester Siti» o‘tgan mavsum 5ta uchrashuvda mag‘lub bo‘ldi va ularning 4tasida Rodri o‘yin qaydnomasiga kiritilmagandi. Mana shu statistikaning o‘zi ham ispaniyalik yarimhimoyachining «shaharliklar»ning bir necha yillik muvaffaqiyatlarida qanday o‘rin tutganini ko‘rsatib beradi.
«Manchester Siti» dunyoning eng qiyin ligasi deya ta’riflanadigan Premer-ligada Arteta tomonidan barqarorlashtirilgan «Arsenal» va Yurgen Kloppga xayrlashuv sovg‘asi qilib APL kubogini taqdim etish ishtiyoqidagi «Liverpul» bilan kurashda g‘olib chiqqan holda zafar quchdi. Bunday uzoq vaqt davomida o‘tkaziladigan va ko‘plab o‘yinlarni o‘z ichiga olgan liga tipidagi musobaqalar nafaqat klublarning, balki futbolchilarning ham barqarorlik darajalarini belgilab beradi. UYeFA Chempionlar Ligasida ham «Siti» bo‘lg‘usi g‘oliblarga penaltilar seriyasida mag‘lub bo‘ldi, xolos.
Bundan tashqari, Rodri Yevropa chempionatining ham bosh qahramonlaridan biriga aylanib, ko‘pchilik asosiy favoritlar safiga qo‘shmagan, asosan, yoshlardan tarkib topgan Ispaniyani chempionlik sari yetaklashga muvaffaq bo‘ldi va haqli ravishda turnirning eng yaxshi futbolchisi, deya e’tirof etildi. Markazdagi ishlari ko‘lami o‘z yo‘liga, lekin uning nimchorakfinalda Gurjiston darvozasiga urgan hisobni tenglashtiruvchi golining ahamiyati favqulodda yuqori edi, nazarimda. Boisi, o‘ta murakkab pallada, jarima maydoni tashqarisidan bor mas’uliyatni bo‘yniga olib darvoza tomon zarba yo‘llab, tanaffusgacha hisobni tenglashtirishga erishgan sardor jamoadoshlarini 2-taymdagi muqarrar bosimdan qutqargandi.
Klubi safida 50ta uchrashuvda 9ta gol, 14ta golli uzatma amalga oshirgan futbolchini «Oltin to‘p»ni yutishdan nima to‘xtatib qolishi mumkin? Tayanch yarimhimoyachisi ekanligi!
Dani Karvaxal
Ayrim mutaxassislar, agar bugun oqshomda Dani Karvaxal «Oltin to‘p»ni yuta olmasa, ushbu sovrin uchun kurashdan himoyaviy futbolchilarni butunlay chiqarib yuborsa ham bo‘laverishini aytishmoqda. Va bilasizmi, ular haq. Dani o‘z pozitsiyasida bir futbolchi nima qila olishi mumkin bo‘lsa, barchasini amalga oshirdi.
Klubdoshlaridan farqli ravishda u qit’aviy nufuzli musobaqada g‘alabaga erishdi, milliy jamoadagi sheriklaridan farqli jihati esa UYeFA Chempionlar Ligasida zafar quchdi. Yana qanday?! «Real» muxlislarini xavfli hujumlari bilan ancha cho‘chitib qo‘ygan «Borussiya Dortmund»ga qarshi bellashuvda shaxsan o‘zi hisobni ochgan tarzda. Uning burchak zarbasidan uzatilgan to‘pni darvozalariga joylab qo‘yganini ko‘rgach, dortmundliklarning hafsalalari pir bo‘lib ketdi va ushbu kayfiyat tez orada ikkinchi golning ham o‘tkazib yuborilishiga olib keldi.
Vini va Bellinghemdan farqli ravishda Dani mavsumni deyarli jarohatlarsiz o‘tkazdi. Himoyadagi ishonchli harakatlariga qo‘shimcha ravishda hujumlarga ham faol qo‘shilib, Vini va Rodrigoning markazlashtirilishi ortidan bo‘shab qolgan qanotlarni to‘ldirishga muvaffaq bo‘ldi. Old chiziqdagi harakatlari evaziga mavsum davomida qanot himoyachisi uchun 41ta uchrashuvda 6ta gol va 5ta assist — ajoyib ko‘rsatkich.
Yuqorida bugun oqshomda «Oltin to‘p»ni rostdan ham yutishi mumkin bo‘lgan nozmodlar va ularning mavsum davomida qilgan ishlari haqida so‘z yuritdik. 2023/2024 yilgi mavsumda Kilian Mbappe, Fil Foden, Erling Holand va Lamin Yamal kabi futbolchilar ham ajoyib o‘yin ko‘rsatishdi, biroq bugun ularning oliy sovringa ega chiqishi qiyin masala.
Abdulbasit Valixonov