Vinisiusning fanatlari nafratini Rodrining «adash»lariga sochishdi

Sport 15:39 / 30.10.2024 7672

«Oltin to‘p» topshirish marosimidan keyin ijtimoiy tarmoqlar «qaynadi». Yilning bosh mukofoti uchun raqobatni Rodriga boy bergan Vinisiusning fanatlari boshqa futbolchilarning akkauntlariga hujum qilishmoqda. Ular ispaniyalik futbolchi ijtimoiy tarmoqlarda yo‘qligini bilmasdan, ismi unikiga o‘xshash bo‘lgan barcha futbolchilarga yoza boshlagan.

Vinisiusning muxlislaridan birinchi bo‘lib «Atletiko» futbolchisi Rodrigo de Paul jabr ko‘rdi – argentinalik yarimhimoyachi instagramda rodridepaul niki bilan ro‘yxatdan o‘tgan. Nikdagi Rodri yozuvi hujum nishoni bo‘lish uchun yetarli edi. Uning oxirgi posti ostida shunday izohlar qoldirilgan: «Sen «Oltin to‘p»ga munosib emassan», «Sen «Oltin to‘p»ni Vinisiusdan o‘g‘irlading», «Kuppa-kunduzi o‘g‘irlik, bu mukofotni Vinisiusga ber, sen unga munosib emassan».

Ayni vaqtgacha foydalanuvchilar 15 mingdan ortiq izoh qoldirishgan. Taqqoslash uchun: Paulning oldingi postiga bundan sakkiz barobar kamroq izoh yozilgan.

Rodrigo Rikelme uchun ham De Paul bilan muhokama qilishga mavzu topildi. U ham Vinisiusning talonchisi kleymi bilan uyqudan uyg‘ongan.

Yana bir «jabrlanuvchi» — «Tottenhem»ning urugvaylik yarimhimoyachisi Rodrigo Bentankur. Uning ham oxirgi postida xuddi shu kabi holatni kuzatish mumkin.

«Portu»dagi 17 yoshli Rodrigo Mora de Karvalyu ham Vinining fanatlari nafratidan bebahra qolmagan.

Xames Rodrigesning esa biroz omadi kelgan: uni nafaqat o‘g‘rilikda ayblashgan, ayrimlar kolumbiyalik futbolchini «Oltin to‘p» qo‘lga kiritgani bilan tabriklashgan.

Bu vaziyatdagi eng absurd holat esa Vinisiusning «Real»dagi jamoadoshi va Braziliya milliy jamoasi bo‘yicha sherigi — Rodrigo Goesga ham adashining o‘rniga nafratomuz izohlar oqimini qabul qilib oldi. G‘azablangan muxlislar hech narsadan tap tortishmadi. Holbuki u Vini «Oltin to‘p» olishi uchun eng ko‘p qayg‘urgan futbolchilardan biri bo‘lgani tayin.

Muxlislar faqat futbolchilar bilan kifoyalanmagan. Ular Ronalduning mahbubasi Jorjina Rodrigesga ham yetib borishdi.

Shuningdek, amerikalik 21 yoshli qo‘shiqchi va aktrisa Oliviya Rodrigo ham Vinisiusning fanatlaridan jabrlangan. Holbuki, u «Real» vingerini qanday xafa qilgan bo‘lishi mumkinligini umuman tushunmaydi. Chunki uni hech narsa futbol bilan bog‘lamaydi.

Irqchilikka qarshi kurashchi

Vinisius futbol o‘ynashdan tashqari «jamoatchilik ishi» bilan ham shug‘ullanadi. Aynan uning tashabbusi bilan Ispaniyada irqchilikka qarshi maydonda ham, stadionlarda ham qattiq kurasha boshlashgan. Shu tufayli unda ulkan fan-baza mavjud. Shu bilan birga, braziliyalikni holatni bo‘rttirib yuborishda ham ayblashadi.

Vini so‘z tanlab o‘tirmaydi va maydonda arbitrlarni hamda raqiblarni haqorat qilishdan ham toymaydi. «Oltin to‘p» marosimi topshirilishidan oldinroq «Real» «Barselona»ga 0:4 hisobida yutqazdi va kataloniyaliklar futbolchisi Gavi bilan to‘qnashuvdan keyin unga shunday dedi: «Men esa dushanba kuni «Oltin to‘p» olgani boraman».

Ammo Parijga uning o‘zi ham, madridliklar klubining boshqa vakillari ham kelishmadi. Va barcha izzat-ikrom Rodriga ko‘rsatildi.

Rodri ijtimoiy tarmoqda sahifa yuritmaydi – bu nima uchun kerakligini tushuna olmaydi

Bir oycha muqaddam Rodri VVS podkastiga kelgan va Jo Hart bilan suhbatda nima uchun hech qachon ijtimoiy tarmoqda sahifa yuritmasligini izohlagandi.

«Bu qarorni ancha oldin qabul qilganman, – degan ispaniyalik futbolchi. – Bolalar bir-birini takrorlashadi. Hamma bu platformalarda ro‘yxatdan o‘ta boshlagan vaqtni eslayman, men o‘shanda shunday deganman: «Yo‘q, menga kerak emas. Mening do‘stlarim bor. Ijtimoiy tarmoqda o‘tirishni istamayman – xiyobonda sayr qilishni, qishloqda ko‘ngil yozishni isayman». Bir safar shunday o‘ylaganman: «Internetda do‘st qidirishni istamayman».

Avvalboshdan bunga «yo‘q» deganman va bu prinsipga oxiriga qadar amal qilishga qaror qilganman. Shunday ekan, bu qarorni men bir yoki uch yil oldin qabul qilmaganman. Menga bu qiyin emas, chunki hech qachon ular menga kerakligini his qilmaganman.

Muammo shundaki, jamoatchilikda shunday fikr mavjud: «Senga bu, bu va anavi kerak». Keyin esa qaraysan va o‘ylaysan: «Ou, menga chindan ham bularning bari kerakmi?» Yo‘q. Shuning uchun o‘z qarorimni shunday qadrlayman. Menga hayot boricha yoqadi. Haqiqiysi.

Avval biz sen [Jo Hart] bilan hech qachon uchrashmaganmiz. Hozir esa vaqtni ajoyib o‘tkazyapmiz va bu haqiqiy hayotda ro‘y bermoqda. Sen menga xabar yoki shunga o‘xshash nimadir yozasan. Yuzma-yuz munosabat – haqiqiysi. To‘g‘risini aytsam, menda barchasi yaxshi. Mening atrofimdagilar – ajoyib, zo‘r odamlar. Shu tufayli men baxtiyorman.

Ijtimoiy tarmoqlarning plyuslari ham borligini tushunaman. Ular qo‘rqinchli demayman. Ammo menda bitta savol bor: «Ular chindan ham sizga kerakmi?» Agar ha bo‘lsa, unda, albatta, ulardan foydalanish kerak».

Ko‘proq yangiliklar: