Yaqin vaqtgacha Kursk oblasti gubernatori lavozimida ishlab kelgan Rossiya transport vaziri Roman Starovoyt bu hududda rossiyalik harbiylar tomonidan talon-toroj qilish holatlari qayd etilganini tasdiqladi. «Tinch aholi va harbiy xizmatchilar orasida talonchilik faktlari bor», dedi Starovoyt Glushkovo rayoni aholisi bilan uchrashuvda, uning videosi 14 noyabr, payshanba kuni «Kursk seychas» Telegram-kanalida e’lon qilingan.
Starovoyt ma’lumotlariga ko‘ra, Glushkovo rayonidagi qishloqlarda davom etayotgan janglar paytida aholi tashlab ketgan uylarni talon-toroj etish holatlari bir kun avval huquq-tartibot idoralari bilan uchrashuvda muhokama qilingan. Bu so‘zlardan so‘ng zalda qarsaklar yangradi.
2024 yil may oyida Rossiya Federatsiyasi transport vaziri lavozimiga tayinlangan Roman Starovoyt, shuningdek, yetkazib berish xizmatlari orqali o‘ljalarni Rossiyaning boshqa hududlariga tashish faktlari haqida xabar berdi. Huquq-tartibot idoralariga Kursk oblasti aholi punktlarida xavfsizlikni kuchaytirish vazifasi allaqachon yuklangan, deya qo‘shimcha qildi u.
Gubernator aholiga kompensatsiya va’da qildi
Janglardan jabrlangan chegara hududlari aholisi bilan uchrashuv haqida Kursk oblasti amaldagi gubernatori Aleksey Smirnov ham Telegram-kanalida xabar berdi, u rossiyalik harbiylarning talonchiligi haqida gapirmadi. Uning so‘zlariga ko‘ra, tadbirda «shaxsiy transport va qurilish texnikasi uchun to‘lovlar bo‘yicha masalalar» muhokama qilindi. U yo‘qolgan mashinalar uchun tovon puli to‘lashga va’da berdi va uyidan ayrilgan fuqarolarga uy-joy guvohnomasi berilishini ma’lum qildi.
Avvalroq TASS davlat agentligi Ukraina Qurolli kuchlari askarlari Glushkovoda talon-toroj qilishayotgani haqida xabar bergan edi. O‘z navbatida, rus «harbiy muxbirlari» bu qishloq hech qachon Ukraina armiyasi nazorati ostida bo‘lmaganini yozishdi.
«Agenstvo» nashri ham Kursk oblastida rossiyalik harbiylar tomonidan talon-toroj qilish holatlari haqida yozgan.