Qaysidir ma’noda tashkilotchilar niyatiga yetishdi – futbol maydonida sodir bo‘lmagan hodisalar futbolda muhim voqelikka aylanmoqda. Bu bir tarafdan yaxshi, albatta, yil bo‘yi ter to‘kkan futbolchilarning ham shu tarzdagi celebrity onlari bo‘lishi kerakdek, ammo boshqa tomondan, UYeFA Vinisiusni mem qilib taqdim etishi, «Real» klubining esa arazlab tadbirga kelmasligi juda xunuk – tadbir saviyasini tushiradi.
Shunday bo‘lsa-da, qariyb 70 yillik tarixga ega bo‘lgan sovrinda qayd etilgan nomlar muhim. Bu futbol tarixining muhim parchasi o‘laroq yoziladi va hech qachon o‘chmaydi. Shu jihatdan olsak, turli savollarga javob izlash mantiqli. O‘zi «Oltin to‘p» g‘olibi qanday aniqlanadi va qay darajada adolatli? Muxlislar nega norozi va ular nima deyishyapti?
Natija adolatsizmi?
Natija adolatsiz bo‘lgani, Rodrini kimlardir tanimasligi haqidagi iddaolar eng kulgili, zero «Frans futbol» qandaydir hisob kitoblar bilan g‘oliblarni e’lon qilmaydi yoki «Oskar» sovriniga o‘xshash hay’at a’zolari ham yo‘qki, tanlovning mantig‘i haqida fikr yuritilsin. Aynan nimalarga e’tibor qaratish, ovoz berish siyosati, qaysidir futbolchining yoki pozitsiyaning ustunligi haqida tavsiyanomalar bermaydiki, bu ovoz beruvchilarga bosim bo‘lsin. Birgina tavsiya, futbolchilarning aynan 2024 kalendar yilida emas, 2023/24 yillar futbol mavsumidagi ishtirokiga baho berish so‘raladi (Darvoqe, mana shu tayming ham qaysidir ma’noda muxlislar kayfiyatiga, vaziyatni baholashga yoki qabul qilishga xalaqit berishi turgan gap. O‘tgan safar Messining g‘olibligi ham qandaydir shubhali kutib olingan, chunki argentinalik futbolchining jahon chempionatidagi g‘alabasi 2022 yil oxirida sodir bo‘lgandi, ovoz berish va g‘oliblarni e’lon qilish paytida esa, Messi allaqachon «faoliyatini tugatgan», «Manchester Siti» trebl qilib, Holand va Rodri loyiqroq ekani haqida fikrlar ko‘paygandi. Bu safar ham qisman ta’sir qildi – atigi uch oy oldin ko‘pchilik Rodrining Ispaniya milliy jamoasidagi o‘yinlaridan so‘ng bemalol «Oltin to‘p»ni unga bemalol topshirayotgandi, futbolchi jarohat olishi, ayni paytda futbol o‘ynamayotgani o‘sha kayfiyat unutilishiga sabab bo‘ldi. Menimcha, 2023/24 yillar mavsumi yakuni bo‘yicha topshiriladigan sovrin o‘sha mavsum tugashidan biroz o‘tib topshirilishi maqsadga muvofiq).
Xullas, «Oltin to‘p» sohibi qanday aniqlanadi?
Joriy mavsumdagi ko‘rsatgan o‘yini, jamoasi bilan erishgan yutuqlaridan kelib chiqib, nashr nomzodlarning 30 talik ro‘yxatini taqdim etadi. Ushbu nomzodlar ichidan har bir ovoz beruvchi o‘z o‘nligini taqdim etadi va o‘nlikdagi o‘rniga qarab 15, 12, 10, 8, 7, 5, 4, 3, 2 va 1 ball beriladi. Barcha ovozlar yig‘ilib, ballar jamlanadi va g‘olib aniqlanadi.
Kimlar ovoz beradi? Barcha davlatdan futbolga ixtisoslashgan yetakchi jurnalistlar, ayni paytda reytingda top-100 da turgan futbolchilar, shuningdek, 50 nafar ayol futbolchi. Ya’ni, juda ko‘p. Bir necha yuzlab ovozlarni nazorat qilish, kimningdir g‘olibligini ta’minlashga harakat qilish imkonsiz, zero, masalan, janob Peres bemalol o‘z jamoasi bilan kerakli surishtiruvni amalga oshirib, ovozlarni hisoblashdagi ehtimoliy xatolikni aniqlashi mumkin. Bu faqat vaqt talab qiladigan juda oson yumush va agar shu paytgacha hech kim ovozlarni qayta hisoblab, farqni taqdim etmagan ekan, «Frans futbol»ni adolatsizlikda ayblash noo‘rin.
Ha, aniqlash tizimi kimgadir yoqmasligi mumkin, ammo toki ushbu tizim ichida xato yo‘q ekan, uni adolatsiz deb baholash mantiqsiz. Bu sovrin to‘g‘ri yoki noto‘g‘ri emas, bu sovrin shunaqa, tamom.
E’tirozlardan yana mashhuri – o‘tgan yillardagi g‘oliblar yoki g‘olib bo‘la olmaganlarni misol qilib, «agar Rodri bo‘lsa, nega Iniyesta olmagan?» qabilidagi fikrlar. Bu yerda avvalo, mantiqiy adashish bor – xo‘p, agar siz Iniyestani «Oltin to‘p»ga loyiq edi, deb hisoblasangiz, nega Rodriga ham norozi bo‘lyapsiz? Iniyesta loyiq bo‘lsa, Rodri ham loyiq degani emasmi? Ya’ni Rodrining g‘alabasini haqiqatning ro‘yobga chiqishi sifatida nishonlab, yana Iniyestaning ham olishi kerakligini aytishda davom etib yuraverganingiz to‘g‘ri emasmi? Agar Rodri noloyiq deb hisoblasangiz, nega Iniyestani loyiq hisoblagansiz?
Messi va Ronaldu davri tendensiyani o‘zgartirib yuborgan
Albatta, bu yerda uzviylik talab qilinishi haqida ham gap bor. Doim bir xil mantiq ishlashi kerakligini talab qilish bor. Lekin agar rostan ham 2010 yilda xato bo‘lgan deb hisoblasak, shundan keyin deyarli har safar o‘sha xatoni takrorlash qanchalik to‘g‘ri bo‘ladi?
O‘sha yillardagi «Oltin to‘p»lar haqida Joze Mourinio juda yaxshi fikr bildirdi yaqinda:
— 2010 yilda Snayderning «Oltin to‘p»ini «o‘g‘irlashganmidi»?
— O‘shanda kim olgandi sovrinni?
— Messi.
— U holda yo‘q, o‘g‘irlanmagan. Ha, Snayder o‘shanda mening qo‘l ostimda treblga erishgan, Jahon chempionatida finalgacha borgan. Ajoyib, albatta, Snayder bunday mavsum uchun uchlikda bo‘lishga arziydi. Ammo Messi va Ronaldu davri shunday davrki, ularning «Oltin to‘p»larini «o‘g‘irlangan» deyish xato.
Men shu fikrga to‘liq qo‘shilaman. Doim «Oltin to‘p»ni «El klasiko»ga aylantirib yuboradigan «Real» va «Barselona» muxlislari ham quvvatlashi kerak. Rostan ham Messi va Ronaldu o‘zga daraja, boshqa olamga chiqib ketgandiki, ularning davrida boshqa kimgadir «Oltin to‘p» berib bo‘lmasdi.
Ha, o‘sha paytlarda ham jamoa bilan qo‘lga kiritilgan sovrinlar ahamiyat kasb etgan, ammo faqat ikkisi o‘rtasida. Messi va Ronalduning qaysi biri o‘sha yili ko‘proq sovrin yutsa, ovozlar o‘shanga ketavergan. Ikkisi ham katta sovrin yutmagan yillarda hatto statistikaga qarab ham ustunlik og‘ib ketavergan. Messi va Ronaldu turganida, Riberi, Snayder, Iniyesta yoki Azar haqida o‘ylash rostan ham juda qiyin bo‘lgan. Albatta, ba’zi alohida jurnalist yoki futbolchi boshqacha fikrlashi va o‘z ovozini o‘z mantig‘idan kelib chiqib ishlatishi mumkin, ammo juda ko‘p ovoz beruvchilar bo‘lganda, baribir umumiy natija umumiy mantiqqa bo‘ysunaveradi. Umumiy mantiqni esa, yuqorida Mourinio juda yaxshi tushuntirgan.
Shuning uchun «Oltin to‘p» mantig‘ini anglashga harakat qilganimizda, Ronaldu va Messi to‘p yuqori saviyada to‘p surgan mavsumlarni qo‘shmaslik kerak. Keling, avvalroqqa qaytamiz, xo‘sh, Vinisiusning Chempionlar Ligasidagi qahramonliklari tosh bosadimi yoki milliy jamoadagi o‘yinlarmi?
Chempionlar Ligasi shunchalik muhim turnirmi?
2008-2020 yillarda, ya’ni Ronaldu/Messi davrida Ronaldu 5 marta, Messi 3 marta Chempionlar Ligasini yutadi va o‘sha yillari «Oltin to‘p»ni oladi. Shu davrda o‘tgan milliy jamoalar turnirlarida faqat bir marta Ronaldu Portugaliya bilan Yevropa chempionatini yutgan, xolos. O‘sha yili u YeChLda ham zafar qozongan. Aytmoqchimanki, Messi va Ronalduning qaysi biriga «Oltin to‘p» topshirilishi kerakligi haqida bosh qotirilganda, tabiiyki, 8 marta Chempionlar Ligasi g‘olibligi muhim ahamiyat kasb etgan. Biri YeChL yutgan mavsumida ikkinchisiga «Oltin to‘p» berilishi imkonsiz edi. Nazarimda, aynan mana shu omil muxlislar nazdida Chempionlar Ligasi darajasini «Oltin to‘p» so‘rovnomasida aslidan ancha yuqoriga ko‘tarib qo‘ydi. Go‘yoki, «Oltin to‘p» aynan YeChL g‘olibiga berilishi kerak degan noto‘g‘ri tasavvur paydo qildi.
Asoslash uchun Messi/Ronaldu davridan avvalgi sovrindorlarga qaraymiz. Chempionlar Ligasi paydo bo‘lgan 1990-yillardan buyog‘ini olganda faqat 2 marta, ha, atigi 2 marta «Oltin to‘p» Chempionlar Ligasida g‘olib chiqqan jamoa a’zosiga berilgan. 2000 yilda Luish Figu va 2007 yilda Kaka. Qolgan 13 mavsumda «Oltin to‘p»ni olgan futbolchi Chempionlar Ligasi g‘olibi emas, tasavvur qilyapsizmi?
Milliy jamoalar musobaqalari esa, aksincha, keragidan ham ko‘proq tosh bosh bosganiga guvohi bo‘lamiz. «Oltin to‘p» tarixiga qarasak, quyidagi tendensiya kuzatiladi:
– agar jahon chempioni Yevropa mamlakati bo‘lsa, «Oltin to‘p» egasi o‘sha jamoadan bo‘lgan;
– Yevropa chempionati o‘tkazilgan yillarda «Oltin to‘p» egasi chempion jamoa vakili bo‘lgan.
– 1996 yildan so‘ng, ya’ni sovrin boshqa qit’a vakillariga ham berila boshlangach, 1998-2006 yillar davomida «Oltin to‘p» jahon chempioni bo‘lgan jamoa vakillari – Zidan, Ronaldo va Kannavaroga topshirilgan.
Ya’ni, agar Ronaldu/Messi davrini qavs ichiga olsak, ushbu sovrin g‘oliblari tendensiyasiga ko‘ra, 2023/24 yillar mavsumi uchun Vinisius Junior emas, Rodriga berilishi mantiqan mos keladi. Har ikkisi ham o‘z mamlakatida klubi bilan chempionga aylandi. Vinisius «Real» bilan Chempionlar Ligasini yutgan bo‘lsa, Rodri Ispaniya bilan Yevropa chempioniga aylandi. Har ikkisi ham chempionlik yo‘lida eng muhim figuralardan bo‘lishdi.
Ammo Yevropa chempionati Chempionlar Ligasidan ko‘ra salmoqliroq hisoblanishini yuqorida ko‘rib chiqdik. Rodri bir yil oldin Yevropada trebl qilib, finalda hal qiluvchi golni urganida sovrinni jahon chempioni Messiga topshirib, aslida undan pastroq mavsum bilan ham Yevropa chempionatida g‘olib chiqqan yili shohsupaga chiqayotganida ham tushunarli mantiq bor – milliy jamoalar futboli ustun. Bu aslida to‘g‘ri ham. Futbolchilar klubda katta maosh olishadi, ko‘proq e’tibor qaratishadi, umuman futbol klublar boshqaruviga o‘tib bo‘lgan bir davrda milliy jamoalar nufuzini ushlab turish ham ahamiyatli sanaladi.
Shuningdek, Dani Karvahal ham bor. U Vinisius bilan Chempionlar Ligasini ham, Rodri bilan birga Yevropa chempionatini ham yutdi. YeChL finalida gol urdi, Yevroda yetakchilardan bo‘ldi. Shaxsan men uchun uning Ispaniyadagi o‘rni Rodrinikidan kam emas va agar ovoz berish imkoniyati menda bo‘lganida Karvahalni birinchi o‘ringa qo‘ygan bo‘lardim. Lekin bu Rodrining g‘olibligi nohaq ekanini anglatmaydi. Siz Vinisiusni eng loyiq hisoblashingiz ham mumkin, bu ham inkor qilinmaydigan bir fikr. Ovoz bergan jurnalistlar ichida Vinisiusga ovoz berganlar ham juda ko‘p, hech kim ularni nohaq deya olmaydi. Hamma masala ham shunda. Bir qancha ovozlar yig‘ilib, yakuniy natija paydo bo‘ladi. Biz esa buni qabul qilamiz, xolos.
Xulosa o‘rnida savol tug‘iladi, agar «Manchester Siti» muxlislariga Rodrining «Oltin to‘p»i o‘rniga o‘tgan bahordagi YeChL g‘olibligini taklif qilishsa rozi bo‘lisharmidi? «Real» muxlislari-chi? Menimcha, javob aniq. Futbol maydonda hal qilinadigan jamoaviy o‘yin. Jamoaning yutuqlari, sovrinlari eng oliy maqsad bo‘lishi kerak va aslida shunday ham. Kechagi kabi tadbirlar hech qachon futbolni o‘z ortidan ergashtira olmaydi, aksincha, futbolning ortidan yurishga majbur. Shunday ekan, avvaldan belgilangan shartlar ostida haqli tarzda g‘olibni tabriklaylik va nihoyat, bundan buyon eng jamoaviy futbolchi ham «Oltin to‘p»ni qo‘lga kirita olishi mumkin bo‘layotganini nishonlaylik.
Q. Aslanov