Tanzila Norboyeva nabirasi bilan birga saylovda ovoz berdi

O‘zbekiston 20:32 / 27.10.2024 9869

O‘zbekiston Oliy Majlis Senati raisi Tanzila Norboyeva Oliy Majlis Qonunchilik palatasi va xalq deputatlari viloyat, shahar va tuman kengashlariga deputatlar saylovida nabirasi bilan ovoz berdi. Bu haqda u o‘zining Telegramʼdagi kanali orqali ma’lum qildi.

«Mamlakatimizda saylov jarayonida fuqarolar uchun barcha shart-sharoitlar yaratilgan. Davlat bundan manfaatdor, chunki umumiy saylovlarda parlament va mahalliy kengashlarga saylangan vakillar orqali xalqning davlatni boshqarishda ishtiroki ta’minlanadi.

Bu saylovlar yangilangan Konstitutsiya qabul qilinganidan keyin ilk bor o‘tkazilayotgani bilan ham ahamiyatlidir. Asosiy qonunimizda parlament va xalq deputatlari mahalliy kengashlarining vakolatlari sezilarli darajada kengaytirildi.

Bugun kuzatilayotgan saylovlarda ishtirok etish darajasining yuqoriligi fuqarolarimizning siyosiy jarayonlarga e’tibori kuchayganidan, mamlakatimizda amalga oshirilayotgan islohotlarga daxldorlik hissidan dalolat beradi.

So‘nggi yillarda xalqimiz dunyoqarashida kuzatilayotgan bu o‘zgarishlar davlatimizning aholi bilan ishlash, ularning muammolarini joylarda tezkor hal etish, qonunlar, muhim davlat va hududiy rivojlanish dasturlarini ishlab chiqishda aholining fikr-mulohazalarini inobatga olishga qaratilgan siyosatini amalga oshirish natijasi hisoblanadi», — deydi Tanzila Norboyeva.

Oliy Majlis Qonunchilik palatasi va mahalliy kengashlar deputatlari saylovida ovoz berish jarayoni 11 ming 28 ta saylov uchastkalarida soat 08:00 da boshlandi va soat 20:00 da yakunlandi.

Markaziy saylov komissiyasi bergan ma’lumotga ko‘ra, bu yilgi saylovlarda Saylov jarayonini boshqarishning avtomatlashgan tizimidagi Saylovchilarning elektron ro‘yxatiga O‘zbekistondagi 19 million 944 ming 859 nafar saylovchi kiritilgan. Soat 17:00 holatiga ko‘ra, jami 14,2 million saylovchi o‘z ovozini bergan.

Ko‘proq yangiliklar: