Isroilning Eron bo‘ylab raketa zarbasi. Yaqin Sharqda buyog‘iga nima bo‘ladi?

Jahon 17:47 / 27.10.2024 13909

Isroil qo‘mondonligi vakillari ta’kidlashicha, tungi aviareyd natijasida Eronning raketa ishlab chiqarish korxonalari, shuningdek, «yer-havo» sinfidagi snaryadlari arsenallari hamda boshqa qurollari yo‘q qilingan.

The New York Times ma’lumotiga ko‘ra, Isroil zarbalari oqibatida mamlakat janubidagi neftni qayta ishlash va neft-kimyo zavodlari, gaz koni hamda portni himoya qilish uchun o‘rnatilgan havo hujumidan mudofaa tizimlari aniq nishonga olingan.

Axios esa Eron ballistik raketa dasturidagi «o‘ta muhim komponent» yo‘q qilingani haqida xabar bergan. Portal suhbatdoshlariga ko‘ra, nishonga olingan obektlar Eron o‘zi mustaqil ishlab chiqara olmaydigan va Xitoydan sotib olishga majbur bo‘ladigan «o‘ta murakkab uskunalar»dir. Ularning tiklanishi uchun «kamida bir yil ketishi mumkin». Eron hamon ballistik raketalarning katta zaxirasiga ega bo‘lsa-da, Isroildagi manbalarga ko‘ra, Eron endi yangi ballistik raketalar ishlab chiqara olmasligi fakti uning «Hizbulloh» va husiychilar kabi hamkorlarining ballistik raketa zaxiralarini to‘ldirish imkoniyatini cheklaydi.

Isroil yetakchilari mamlakat aviatsiyasi zarbalari yahudiy davlatining Tehron tomonidan «oylar davomida to‘xtovsiz davom etgan hujumlari», jumladan, Eronning 1 oktyabr kuni Isroil hududini yoppasiga o‘qqa tutishiga javob bo‘lgan.

Isroil armiyasi bosh shtabi boshlig‘i Hersi Halevi (chapda) Eron bo‘ylab zarba vaqtida TSAHALning Tel-Avivdagi shtab-kvartirasida, 2024 yil 26 oktyabr
Israel Defense Forces / Xinhua / ZUMA Press / Scanpix / LETA

Eron rejimiga sodiq bo‘lgan nashrlar «jinoiy sionistik rejim zarbalarini qaytarish chog‘ida» ikki nafar harbiy xizmatchi halok bo‘lgani (keyinroq qurbonlar soni to‘rt nafarga yetdi), ammo Isroil harbiy-havo kuchlari zarbalari oqibatida go‘yoki jiddiy zarar yetkazilmagani haqida xabar bergan.

Bu ma’lumotni mustaqil ravishda tekshirishning imkoni yo‘q, ammo diplomatlarga yaxshi ma’lumki, Islom Respublikasi hukumati bunday holatlarda odatda o‘z yo‘qotishlarini kamaytirib ko‘rsatadi.

Erondagi «Tasnim» axborot agentligi Tehroning Isroilga «mutanosib» javob zarbasi berishi haqida yozgan.

Deyarli barcha yirik arab davlatlari tungi hujumni keskin qoralab chiqdi, ammo bu bayonotlardan birortasida qasosga chaqiriq yo‘q.

Xususan, Birlashgan Arab Amirliklari «riskni kamaytirish va mojaro ko‘lami kengayishining oldini olish uchun» ikki tomon ham «maksimal darajada vazminlik va mulohazakorlik» ko‘rsatishi kerakligini ta’kidlagan.

Saudiya Arabistoni, Qatar va Misr TIV bayonotlarida ham barcha tomonlarni «keskinlikni kamaytirish uchun maksimal darajada vazminlik» namoyish etish zarurligi aytiladi.

Bularning barchasi ekspertlarga Tehron Isroilning hujumiga javob qaytarmasdan, bu orqali cheksiz davom etishi mumkin bo‘lgan «qasos doirasi»ni yopishiga umid qilishiga imkon bermoqda.

G‘arbdagi yetakchilar ham shunga chaqiradi.

Britaniya bosh vaziri kanselyariyasi «keyingi eskalatsiya hech kimning foydasiga bo‘lmasligi» qayd etilgan, bosh vazir Kir Starmerning o‘zi esa buni ochiq matn qilib yozgan: «Eron javob qaytarmasligi lozim».

BBC muxbirlari Eronning javob zarbasi ehtimoli va Yaqin Sharqdagi yaqin kelajakdagi voqealar qanday rivojlanishi mumkinligi haqida fikr yuritdi.

Fors ko‘rfazi mamlakatlari Vashingtonga xavotir bilan qaramoqda
Frenk Gardner, BBC xavfsizlik masalalari bo‘yicha muxbiri:

Yaqin Sharqdagilarning barchasi Isroilning [Eronning 1 oktyabr kungi zarbalariga] javobi yaqin ekanini tushunardi. Ammo ayrim mamlakatlarning hukumatlari AQShdagi prezidentlik kampaniyasi yakunlanmagunicha Isroil zarba bermasligiga umid qilayotgandi.

Bugun tongda, Tehronning reaksiyasini kutgan holda, Vashington va Fors ko‘rfazidagilar asabiylashishiga sabablar yetarli edi. Bo‘g‘ozning Arabiston tomonida amerikaliklarning harbiy bazalari joylashtirilgan, AQSh Harbiy-dengiz kuchlarining Beshinchi floti esa Bahrayndagi portni qarorgoh qilgan.

AQSh Eronga amalga oshirilgan tungi hujumga aloqador emasligini bildirdi, ammo Isroildagi Thaad havo hujumidan mudofaa tizimi faoliyatini 100 nafar amerikalik harbiy ta’minlaydi, shunday ekan, Eronning har qanday qasos zarbasi AQShga ham taalluqli bo‘lmay qolmaydi.

Shu bilan birga, ushbu mojarodan o‘zini olib qochishni istayotgan Fors ko‘rfazidagi arab davlatlari Isroilga o‘z hududidan Islom Respublikasiga hujum qilishda foydalanishga ruxsat bermasligiga Tehronni ishontirgan.

Saudiya Arabistonidagilar 2019 yilda Iroqdagi isyonchi kuchlar Eron ko‘magida raketa zarbalari yo‘llab, mamlakat neft-kimyo sohasiga jiddiy zarar yetkazganini yaxshi eslashadi.

Qasos siklini uzish hech qachon oson emas
Jyeremi Bouen, BBC xalqaro tahlilchisi (Quddus):

Isroilning zarbalari kutilgandi. Buning muqarrarligini Isroil 1 oktyabr — Isroil hududi Eron tomonidan yoppasiga o‘qqa tutilgan kundan buyon bildirib kelayotgandi.

Endi masala shundaki, Eron ham bunga javob qaytaradimi.

Prezident Bayden Isroilga Eronning yadroviy, neft va gaz obektlariga zarba bermaslikni qat’iy tavsiya qilgan — va bu safar Isroil bosh vaziri Binyamin Netanyahu uning maslahatiga quloq tutdi.

Vashingtondagilar Tehronning faqat harbiy obektlariga zarba berish bilan cheklanish orqali Eronni Isroil bo‘ylab «javob» zarbalari berishdan qaytarishga ko‘ndirish mumkinligidan umid qilmoqda.

Cheksiz zarbalar va qarshi zarbalar zanjirini uzish, ayniqsa, mojaro tomonlari o‘z tomonidan javob qaytarilmasligi zaiflikni ko‘rsatish hamda qo‘rqoqlik sifatida qabul qilinadigan sharoitda, o‘ta qiyin bo‘ladi.

Urushlar ham aynan shu tariqa, bosqichma-bosqich keskinlashuv orqali yuzaga keladi.

1 oktyabr kuni Eron Isroilga o‘z ittifoqchisiga hujumlar — xususan, Livandagi «Hizbulloh» harakati yetakchisi o‘ldirilishiga «javob bergandi».

Endi Isroil Eron tomonidan bir necha oydan buyon o‘z ittifoqchilari va uchinchi mamlakatlardagi proksi kuchlar qo‘li bilan yo‘llanayotgan ballistik raketalar hujumiga «javob bergani»ni aytmoqda.

Bu vaqtda Isroil armiyasi G‘azo sektori shimolida yirik hujum amalga oshirmoqda, BMT inson huquqlari bo‘yicha oliy komissari Folker Turk buni «bu urushning eng mudhish pallasi» deb atab, isroillik harbiylar «tinch aholi ustiga bomba yog‘dirib, qamal qilib, ochlikka mahkum etayotgani»ni aytgan.

Tashqaridan qarab, Isroilning Eron hududi bo‘ylab zarbalari xalqaro hamjamiyatning e’tiborini G‘azodagi yurishdan chalg‘itish uchun aynan shu vaqtda yo‘llangani haqida ishonch bilan aytib bo‘lmaydi. Ammo aynan shunday maqsad bo‘lganini ham butkul istisno etib bo‘lmaydi.

Eron biladi: Isroilning keyingi zarbasi yanada kuchliroq bo‘ladi
Liz Dyuset, BBC’ning yetakchi xalqaro sharhlovchisi:

Eron aviatsiya boshqarmasi mamlakat ichkarisidagi fuqarolik reyslari to‘liq jadvalga muvofiq tarzda amalga oshirilayotganini ma’lum qilgan.

Hozirda butun dunyo e’tibori qaratilgan Eron telekanallari efirida so‘nggi voqealarning transport harakatiga ta’siri kuzatilmagan hududlardan kadrlar namoyish etilmoqda.

Agar rasmiy Tehron versiyasiga ishonilsa, Isroilning Eron harbiy markazlari bo‘ylab uchirilgan raketalarining ko‘pchiligi mamlakat havo hujumidan mudofaa tizimlari orqali muvaffaqiyatli to‘xtatilgan.

Faqat «cheklangan zarar» haqida xabar berilib, zarbalar vaqtida eronlik ikki harbiy xizmatchi halok bo‘lgani ma’lum qilingan (Bir necha soat o‘tib yana ikki harbiy o‘limi haqida xabar paydo bo‘ldi, shu tariqa, jumi qurbonlar soni to‘rt nafarga yetdi — tahririyat tuzatishi).

Isroil aprel oyida yo‘llagan birinchi zarba ko‘p jihatdan ramziy ma’noga ega bo‘lgan, natijada Eron ham davom ettirmaslikka qaror qilgandi. Tehrondagilar bu safar ham javob bermasdan yuzini saqlab qolishi mumkinligi istisno etilmaydi.

Eron rasmiylari Isroilning Mamlakat havo hujumidan mudofaa tizimlariga yo‘llangan zarbalari oqibatlarini baholashi kerak bo‘ladi. Tehrondagilar shuni aniq bilishadi: Isroil ehtimoliy javob zarbasiga yanada kuchliroq zarbalar bilan javob qaytaradi.

Yanada keng ko‘lamli va xavfli urushga tortilishni istamaydigan Islom Respublikasi keyingi qadami bo‘yicha yakuniy qarorini qabul qilishdan oldin o‘z javobining ham mamlakat ichkarisida, ham butun Yaqin Sharq mintaqasidagi barcha ehtimoliy siyosiy «xarajatlari»ni sinchkovlik bilan ko‘rib chiqadi.

Ko‘proq yangiliklar: