Qoʻshimcha funksionallar
-
Tungi ko‘rinish
Keyingi qadam – tinchlikmi? Aliyev va Pashinyan nima haqda kelishib oldi?

Foto: Getty Images
Ozarboyjon va Armaniston rahbarlarining Abu-Dabidagi uchrashuvida mamlakatlar o‘rtasidagi mavjud barcha kelishmovchiliklar – tinchlik shartnomasini tuzishga to‘sqinlik qilishdan tortib, ekslav Naxichevon va Ozarboyjonning asosiy hududi o‘rtasida Armaniston hududi orqali yo‘l ochilishigacha bo‘lgan masalalar muhokama qilindi, deb xabar bermoqda Ozarboyjonning APA axborot agentligi.
Muzokaralar to‘rt soatdan ko‘proq davom etdi. Ilhom Aliyev va Nikol Pashinyan muzokaralarni yuzma-yuz, shuningdek, tashqi ishlar vazirlari va maslahatchilari ishtirokida kengaytirilgan formatda o‘tkazdi.
Boku va Moskva kelishmovchiligi, shuningdek, Turkiya va AQShning ikki davlat o‘rtasida tezroq yarashuvni qo‘llab-quvvatlashi muzokaralarga yangi impuls berdi. Uzoq vaqt davomida ikki davlat o‘rtasida vositachi bo‘lib kelgan Rossiya esa jarayondan chetda qoldi.
«Natijalar haqida muayyan bayonotlar berilmagan bo‘lsa-da, ular uchrashib, asosiy masalalarni muhokama qilganining o‘zi muhim qadamdir», – deb yozdi Qorabog‘ mojarosi bo‘yicha mutaxassis Olesya Vartanyan tvitterda.
Ikki tomonning hukumatparast nashrlari uchrashuv mintaqa tarixidagi hal qiluvchi lahza deb baholashdi va tinchlik jarayonini buzishga urinayotgan buzg‘unchi kuchlar (Moskva nazarda tutilmoqda) haqida yozishdi. Rossiya Tashqi ishlar vazirligi ikki davlat o‘rtasidagi vaziyatni normallashtirishni rasman qo‘llab-quvvatlamoqda.
Har ikki mamlakatda ham munosabatlar normallashtirilishi Rossiyaning Janubiy Kavkazdagi ishtirokini cheklash imkoniyati sifatida ko‘rilmoqda.
2022 yilda Ukrainaga bosqin boshlanishi ortidan Moskvaning mintaqaga ta’siri zaiflashgan, ammo Boku ham, Yerevan ham Kreml yo‘qotilgan pozitsiyalarni qaytarishga urinishidan xavotirda, ayniqsa Ukraina frontida sulh tuzilgan taqdirda.
Bu tarixiy uchrashuvmi?
BAAdagi uchrashuv Aliyev va Pashinyan o‘rtasidagi birinchi to‘g‘ridan-to‘g‘ri muzokaralar bo‘ldi – bungacha ikki yetakchi faqat vositachilar ishtirokida yoki ko‘p tomonlama sammitlar doirasida uchrashgan. Uchrashuv bir necha yillik ishlarning cho‘qqisi hisoblanadi. Bu vaqt mobaynida ikki davlat tashqi ishlar vazirlari allaqachon tuzilgan, ammo hali imzolanmagan tinchlik shartnomasi ustida ishlagan; chegaralarni delimitatsiya qilish bo‘yicha ishchi guruhlarga bosh vazir o‘rinbosarlari rahbarlik qiladi; ikki yetakchining maslahatchilari Armen Grigoryan va Hikmet Gadjiyev o‘rtasida ham to‘g‘ridan to‘g‘ri aloqa kanali mavjud.
Ammo uchrashuv shuni ko‘rsatdiki, Rossiya ta’sir doirasidan chiqib ketish istagining o‘zi davlatlar o‘rtasidagi o‘nlab yillik adovatni va yaqindagina bir-biri bilan urush olib borgan ikki siyosatchi o‘rtasidagi ishonchsizlikni bir zumda bartaraf etish uchun yetarli emas. Pozitsiyalar yaqinlashganiga qaramay, uchrashuvda hech bir masala bo‘yicha oldinga siljish kuzatilmadi – tinchlik shartnomasi imzolanishi mumkin bo‘lgan joy va sana ham e’lon qilinmadi. Kommunikatsiyalar ochilishi haqida ham muayyan bir gap aytilmadi.
Tinchlik jarayoni Ozarboyjonning 2020 yilgi urushdagi g‘alabasidan so‘ng boshlangan, biroq Armaniston unda ishtirok etishga darhol rozi bo‘lmagandi. Yerevandagilar Boku pozitsiyasini g‘olibning mag‘lubni sulhga majburlash sifatida baholashgan va muzokaralarni vositachilar (birinchi navbatda Rossiya) orqali olib borishni afzal ko‘rishdi.
Biroq, Rossiya Federatsiyasining Ukrainaga keng ko‘lamli bostirib kirishi va Moskvaning to‘g‘ridan to‘g‘ri Armaniston hududiga qilingan hujumga ham ochiqchasiga e’tiborsizlik qilib, betaraflik pozitsiyasini tanlaganidan so‘ng, Yerevanda fikrlash o‘zgara boshladi.
Pashinyan tinchlik shartnomasini muhokama qilishga rozi bo‘ldi – ammo vositachilar Yevropa Ittifoqi va AQShga almashtirildi. Biroq, bu ham ishni oldinga siljitmadi – muzokaralar vositachilarsiz, to‘g‘ridan to‘g‘ri ikki tomon o‘rtasida bo‘lib o‘tmaguncha.
Mavzuga oid

18:25 / 28.07.2025
2 mlrd dollarlik investitsiya, 100 mln tonna neft va 35 mlrd kub metr gaz – SOCAR bilan imzolangan bitim tafsilotlari

21:14 / 26.07.2025
Ozarboyjon Rossiyadan AZAL samolyoti halokati uchun javobgarlikni tan olishni talab qildi

09:54 / 23.07.2025
Yerevan Boku bilan YeXHT Minsk guruhini tarqatib yuborish shartini muhokama qilmoqda

15:45 / 22.07.2025