Germaniyada qo‘ziqorin tergani chiqqan erkak o‘rmondan granatalarga to‘la ryukzak topib oldi

Jahon 23:36 / 27.10.2024 5748

Germaniyaning Dortmund shahri yaqinida joylashgan o‘rmonga qo‘ziqorin terish uchun chiqqan fuqaro granata va boshqa o‘q-dorilar bilan to‘ldirilgan ryukzakni topib oldi, deb xabar beradi Deutsche Welle.

Politsiya ma’lumotlariga ko‘ra, ryukzakda bir nechta granata, bitta minomyot minasi, pulemyot patronlari va kumulyativ o‘q-dorilar g‘ilofi bo‘lgan. «Harbiy sohada ushbu vositalardan zirhli texnikalarni yo‘q qilishda foydalaniladi», — deyiladi xabarda.

Dortmund politsiyasi matbuot xizmatining ma’lum qilishicha, erkak topib olingan ryukzak to‘g‘risida huquq-tartibot idoralariga xabar bergan. Holat yuzasidan qurol-yaroqni saqlash tartibini buzish bo‘yicha tergov boshlangan.

Shimoliy Reyn—Vestfaliya yerlari jinoiy politsiyasining Jangovar vositalarni zararsizlantirish xizmati mazkur topilma ustida nazoratli portlatish ishlarini olib boradi.

Eslatib o‘tamiz, 2015 yilda Kiyevda bir bola uyi oldidagi bolalar maydonchasi yonida granata topib olgandi. 2018 yilda bo‘lsa Rossiyaning Leningrad oblastida o‘zbekistonlik migrant suv tagidan ikki avtomatni chiqarib olgani to‘g‘risida xabar berilgandi.

Ko‘proq yangiliklar: