Nvidia Appleʼni ortda qoldirib, dunyodagi eng qimmat kompaniyaga aylandi

Fan-texnika 00:42 727

Aksiyalari qiymati rekord darajada o‘sgan Nvidia kompaniyasi Apple o‘rniga dunyodagi eng qimmat kompaniyaga aylandi, deb xabar beradi Reuters. Nvidia’ning sun’iy intellektga ixtisoslashgan chiplariga bo‘lgan talab ortib ketgan.

LSEG ma’lumotlariga ko‘ra, Nvidia aksiyalarining bozor qiymati qisqa vaqt ichida 3,53 trillion dollarga yetgan, bu Appleʼnikidan biroz yuqori — uning qiymati 3,52 trillion dollarga baholanmoqda.

Iyun oyida ham Nvidia Microsoft va Appleʼni ortda qoldirib, qisqa muddatga dunyodagi eng qimmat kompaniyaga aylangan edi. Texnologik uchlikning bozor kapitalizatsiyasi bir necha oydan beri bir-biriga juda yaqin.

Xususan, Microsoftʼning bozor qiymati 3,2 trillion dollarga yetgan, aksiyalari narxi esa 1,3 foizga qimmatlashgan.

Kremniy vodiysidagi mikrosxemalar ishlab chiqaruvchi kompaniya sun’iy intellekt asosida ishlaydigan hisoblash protsessorlarining asosiy yetkazib beruvchi hisoblanadi. 1990 yillarda videoo‘yinlar uchun protsessorlar yaratish bilan shug‘ullangan kompaniyaning aksiyalari qiymati oktyabr oyining o‘zida 18 foizga o‘sgan.

Avvalroq Intel kompaniyasi yarim asrdan oshadigan tarixidagi eng yirik inqirozni boshdan o‘tkazayotgani to‘g‘risida xabar berilgandi. Oxirgi bir yilning o‘zida uning aksiyalari taxminan ikki barobarga arzonlashgan. Hozirda kompaniyaning bozor qiymati 90 milliard dollarga baholanmoqda, 2020 yilda esa 290 milliard dollardan ortiqqa baholangan edi.

Ko‘proq yangiliklar: