G7 Kiyevga RF aktivlaridan mablag‘ ajratish tartibini hal qildi

Jahon 08:33 / 26.10.2024 1767

«Yettilik» (G7) davlatlari yetakchilari Ukrainaga G‘arb mamlakatlarida muzlatilgan Rossiya aktivlaridan keladigan daromad hisobiga 50 milliard dollarga yaqin kredit ajratish bo‘yicha kelishib oldilar. Bu haqda 25 oktyabr, juma kuni Italiya hukumati saytida e’lon qilingan bayonotda ma’lum qilindi.

Bayonotga ko‘ra, bir qancha G‘arb davlatlarining moliya vazirlari avvalroq Ukrainaga kredit berish masalasida «qarz izchilligi, muvofiqlashtirilishi, adolatli taqsimlanishi va G7 barcha hamkorlari o‘rtasida birdamlikni ta’minlash uchun texnik yechim» bo‘yicha kelishib olgan. Kiyevga kredit «Katta yettilik» davlatlarining tegishli huquqiy tizimlari va xalqaro qonunlarga muvofiq» beriladi.

Kiyevga ajratilgan pullar Ukrainani iqtisodiy va harbiy qo‘llab-quvvatlashga, shuningdek, Rossiyaning keng ko‘lamli bosqinidan keyin mamlakatni tiklashga sarflanishi kerak, deya qayd etadi G7. «Bizning maqsadimiz yil oxirigacha mablag‘larni to‘lashni boshlashdir», deyiladi bayonotda.

G7 davlatlari Ukrainaga 50 mlrd dollar ajratish majburiyatini oldi

«Katta yettilik» joriy yil oxirigacha Ukrainaga 50 milliard dollar, AQSh esa bu davlatga 20 milliard dollar kredit ajratish majburiyatini olgan. Bu haqda AQSh moliya vaziri Janet Yyellen Ukraina Moliya vazirligi rahbari Sergey Marchenko bilan kelishuv imzolanganidan so‘ng ma’lum qildi.

Yyellen AQShning Ukrainani qo‘llab-quvvatlash uchun barcha sa’y-harakatlarni amalga oshirishini ta’kidladi.

Oldinga yana bir shunday qadam qo‘yilganini e’lon qilishdan juda mamnunman. «Katta yettilik» Ukrainaga joriy yil oxirigacha 50 milliard dollar kredit ajratish majburiyatini olgan. Shuningdek, Qo‘shma Shtatlar mamlakatga 20 milliard dollar miqdorida kredit ajratadi, uni Rossiyaning muzlatilgan aktivlaridan tushgan daromaddan to‘lash rejalashtirilgan, dedi u.

AQSh Moliya vazirligi rahbarining so‘zlariga ko‘ra, urush xarajatlarini endi AQSh va Yevropadagi soliq to‘lovchilar emas, balki Rossiya o‘z zimmasiga olishi kerak bo‘ladi.

Yyellen Ukrainani qo‘llab-quvvatlash Qo‘shma Shtatlarning milliy manfaatlari uchun hayotiy ahamiyatga ega ekanligini va Ukrainaning qulashiga yo‘l qo‘yish Yevropadagi NATO ittifoqchilari xavfsizligini xavf ostiga qo‘yishni anglatishini ta’kidladi.

Aynan shuning uchun ham Qo‘shma Shtatlar Ukrainaga qurol-yarog‘ va moliyaviy yordam berishda davom etmoqda, — dedi u.

Ko‘proq yangiliklar: