Dubayda dunyodagi eng ingichka osmono‘par bino qurilmoqda

Jahon 15:32 / 26.10.2024 6980

Dubay o‘zining me’moriy mo‘jizalari bilan odamlarni hayratga solishda davom etmoqda. Shaharda Yer yuzidagi eng ingichka osmono‘par bino — Muraba Veil barpo etiladi. U shahar qurilishi sohasidagi yutuqlari uchun Pritsker mukofotiga sazovor bo‘lgan Ispaniyaning RCR Arquitecte studiyasi bilan hamkorlikda quriladi.

Muraba Veil osmono‘par binosining qalinligi bor-yo‘g‘i 22,5 metrni tashkil etadi. Binoning balandligi 380 metrga yetadi. 73 qavatli baland inshootda 131 ta xonadon joylashadi. Har bir kvartiraning kengligi osmono‘par binoning o‘zi bilan bir xil bo‘ladi. Uy egalari to‘rt tomondan panoramali manzarani tomosha qila oladi.

Muraba Veil ichida kvartiralardan tashqari spa-markaz, restoran, konferens-zal, kinoteatr, umumiy lodjiya va hatto tennis korti ham joylashadi. Osmono‘par bino poydevoridagi bo‘sh joyni cho‘l uslubida bezatish rejalashtirilgan. Bu yerda yashovchilar toza havodan nafas olishi va sayr qilishi mumkin.

Eng ingichka osmono‘par bino zanglamaydigan po‘latdan yasalgan to‘r bilan o‘raladi — u xuddi nozik pardaga o‘xshaydi. Bino dizaynerlari ichki hovli atrofida joylashgan an’anaviy arab uylari tuzilishidan ilhomlangan.

“Bu faqatgina chiroyli turar joy emas. Biz BAA merosini aks ettiruvchi me’moriy san’at asarini yaratmoqchimiz”, — dedi loyiha boshqaruvchi direktori Ibrohim Al Gurair.

Muraba Veil Dubay kanali bo‘yida, Shayx Zayd ko‘chasida quriladi. Agar barchasi rejadagidek ketsa, loyiha 2028 yilda foydalanishga topshiriladi. Noodatiy osmono‘par binodagi kvartiralarning narxi 18 million dirhamdan (4,9 million dollar) boshlanadi.

Ko‘proq yangiliklar: