Vetnamdan Erongacha: Shimoliy Koreya qachon va kimlarga urushda yordam bergan?

Jahon 15:10 / 25.10.2024 12748

23 oktyabr kuni AQSh mudofaa vaziri Lloyd Ostin Pentagonda Rossiyaga shimoliy koreyalik harbiylar jo‘natilayotgani haqida dalillar mavjudligini bildirdi. Janubiy Koreya razvedkasi allaqachon KXDR Moskvaga uch ming nafar harbiy yetkazib berganini xabar qilgan, ularning jami soni 10 mingdan oshishi ko‘zda tutilgan. Avvalroq Ukraina prezidenti Volodimir Zelenskiy har birida 6 mingdan askar bo‘ladigan ikki brigada haqida gapirgandi.

24 oktyabr kuni Rossiya prezidenti Vladimir Putin Qozondagi BRICS sammiti yakunlariga ko‘ra o‘tkazilgan matbuot anjumanida shimoliy koreyalik harbiylar Ukraina bilan urushda qatnashish uchun Rossiyaga yuborilayotgani haqidagi xabarlarga ilk bor munosabat bildirdi. U ularning Rossiyadaligini rad etmadi, ammo ular qay maqsadda kelganiga ham aniqlik kiritmadi.

KXDR chindan ham o‘zining minglab harbiylarini Rossiya armiyasiga yordam uchun yuborgan bo‘lsa, bu kampaniya shimoliy koreyalik harbiy xizmatchilar Koreya chegaralaridan tashqaridagi urushda bu qadar katta kontingent bilan ishtirok etishiga birinchi misol bo‘ladi.

Ammo shimoliy koreyalik harbiylar oldin ham, hozirgi kabi ko‘lamda bo‘lmasa-da, do‘stona mamlakatlarga ularning urushida yordam ko‘rsatgan. Ular butun dunyo bo‘ylab, Janubi-Sharqiy Osiyodan tortib Yaqin Sharq va Afrikagacha bo‘lgan hududlardagi mojarolarda qatnashgan. BBC’ning navbatdagi materialida KXDR armiyasi qanday qilib boshqalarning urushlarida jang qilish tajribasiga ega bo‘lgani haqida ma’lumot keltirildi.

Vetnamdagi urush

KXDR birinchi marta 1960-yillarda mamlakatdan tashqaridagi urushga bevosita aralashgan. Vetnam urushi ko‘p jihatdan Koreya urushiga o‘xshab ketardi: kommunistik Shimol Amerika qo‘llovidagi Janubga qarshi kurashgan. Shimoliy Koreya o‘z urushida g‘olib chiqqan va amerikaliklarga qarshi kurashda Vetnamga yordam ko‘rsatishga tayyor edi.

1966 yil oktyabrida hukmron Koreya Mehnat partiyasi Vetnamga harbiy yordam ko‘rsatishga qaror qiladi. 1967 yil boshida KXDR Xanoyga qurol yetkazib berishni boshlaydi, Vetnamga qurol, o‘q-dori va 2 mln komplekt uniforma taqdim etilgan.

Bundan tashqari, Xanoy himoyasi uchun Vetnam Shimoliy Koreyadan qiruvchi samolyotlar oladi, bu uchoqlar asosan sovetlarning MiG-17 va MiG-21 rusumli harbiy samolyotlaridan tashkil topgan 921- va 923-aviapolklarni kuchaytiradi. O‘shanda faqat samolyotlar «qaysidir davlat tomonidan» taqdim etilgani ma’lum edi. Va faqat 1996 yilga kelib Pentagon qiruvchilarni o‘shanda Pxenyan berganini uzil-kesil aniqlaydi, Vetnam esa buni yanada keyinroq, 2001 yilda rasman tan oladi. Shuningdek, urush vaqtida 200 nafargacha shimoliy koreyalik uchuvchilar ham Vetnam kommunistlari tomonda turib jang qilgan.

Urushda halok bo‘lgan shimoliy koreyalik 12 pilot Vetnamning Bakzyang provinsiyasiga ko‘milgan. 2001 yilda ularning jasad qoldiqlari KXDRga olib ketilgan, ammo Vetnamdagi harbiy yodgorlikni saqlab qolishga qaror qilishgan. Foto: AFP via Getty Images

Yaqin Sharq

KXDR asoschisi va ko‘p yillik rahbari Kim Ir Sen Isroilni «imperiya satelliti» deb atagan va 1960-yillardan yahudiylar davlati dushmanlariga yordam ko‘rsatgan. Pxenyan rasmiy ravishda Misr va Suriya bilan hamkorlik qilgan, norasmiy ravishda — Falastin ozodlik harakati tashkiloti va boshqa radikal tuzilmalarni ham qo‘llab, ularning a’zolari uchun mashg‘ulot lagerlari tashkil etgan.

Ammo shimoliy koreyalik harbiylar arab-isroil mojarosida to‘g‘ridan to‘g‘ri ishtirok etishi faqat 1973 yilga kelib ro‘y beradi.

1972 yil 18 iyulda Misr prezidenti Anvar Saodat sovet harbiylarini mamlakatdan chiqarib yuborish, ularning bazalarini davlat ixtiyoriga o‘tkazishni buyuradi. Sovet Ittifoqi bu vaqtda «razryadka» siyosati olib borayotgan va AQSh bilan to‘g‘ridan to‘g‘ri yoki bilvosita to‘qnashuvdan qochishga urinardi. Saodat Moskvaning qurollardan foydalanish bo‘yicha o‘rnatgan cheklovlaridan norozi bo‘ladi. Yakunda Misr SSSRning harbiy maslahatchilari, uchuvchilari va texnik muhandislaridan mahrum bo‘ladi, holbuki mamlakat harbiy-havo kuchlari asosan sovetlarning MiG-21 samolyotlaridan iborat edi.

Anvar Saodat Misr armiyasining Suvaysh kanalidagi pozitsiyasida, 1973 yil oktyabr.
Foto: Universal Images Group via Getty Images

1973 yil iyunda Saodat Misrga KXDRdan harbiy maslahatchilarni taklif qiladi. Prezident va mamlakat harbiy-havo kuchlari qo‘mondoni (va bo‘lajak prezident) Husni Muborak Shimoliy Koreya SSSRdan olingan havo hujumidan mudofaa tizimlari va MiG-21 qiruvchilarini boshqarishni boshqalardan yaxshiroq eplashi mumkin deb hisoblaydi, deya yozgan Yaqin Sharq bo‘yicha mutaxassis, Wall Street Journal xalqaro bo‘limining sobiq muharriri Jyey Solomon.

Pxenyan sovetlarning zenit-raketa komplekslariga xizmat ko‘rsatish uchun Misrga jami 1500 nafar mutaxassis yuboradi. Bundan tashqari, KXDR Isroil bilan urush arafasida Misr harbiy-havo kuchlari uchun 20 nafar tajribali uchuvchilarni taqdim etadi. Keyinroq Isroil aviatsiyasi qo‘mondoni Binyamin Peled o‘z hisobotida harbiy harakatlar vaqtida raqibning kamita ikkita qiruvchisi shimoliy koreyalik pilotlar tomonidan boshqarilganini yozgan.

Siriya prezidenti Hafiz Asad va Kim Ir Sen Pxenyanda, 1974 yil. Foto: AFP via Getty Images

1973 yilgi urushdan keyin ko‘p o‘tmay Isroil razvedkasi Suriya harbiy-havo kuchlari uchuvchilari so‘zlashuvini tutib oladi. Isroil so‘roviga ko‘ra, Pentagon mutaxassislari bular ham KXDR uchuvchilari bo‘lganini aniqlagan.

Eron-Iroq urushi

Eronda 1979 yil ro‘y bergan Islom inqilobidan keyin Kim Ir Sen respublikaning yangi rahbariyati bilan yaxshi aloqalar yo‘lga qo‘yishga harakat qiladi. AQSh o‘shanda Eronga sanksiyalar qo‘llagandi, 1980 yilda mamlakatga Iroq qo‘shini bostirib kirgach, qurol yetkazib berishga embargo yanada kuchaytiriladi.

Pxenyan sanksiyalarni chetlab o‘tgan holda Eronga qurol yetkazib berishni boshlaydi, Islom respublikasiga raketa qurilmalari bilan birgalikda 100 nafar atrofidagi shimoliy koreyalik harbiylar ham keladi. Ikki mamlakat o‘rtasidagi intensiv harbiy hamkorlik Eron-Iroq urushidan keyin ham, 1990-yillar boshida KXDRda iqtisodiy inqiroz boshlanguniga qadar davom etadi.

Afrika

Sovuq urush avjiga chiqqan pallada KXDRda Afrika mamlakatlari siyosatida ishtirok etish uchun ham resurslar yetarli edi. Shimoliy koreyalik harbiy maslahatchilar Polisario frontida — G‘arbiy Sahroyi Kabirdagi ayirmachilarga yordam ko‘rsatadi; ular Angola va Namibiyadagi isyonchilarga ham harbiy mashqlar o‘tkazishadi.

1970-yillarda Pxenyan naladil Afrikaning ikki qattol diktatori: Ekvatorial Gvineya prezidenti Fransisko Ngema hamda Uganda rahbari Idi Amin bilan aloqalarni yo‘lga qo‘yadi. Ngema Kim Chen Irga havas qilishini yashirmas, Shimoliy Koreyadan kelgan instruktorlar uning qo‘riqchilari tarkibiga kiritilgandi, Ekvatorial Gvineya orqali esa Afrika janubi-g‘arbidagi isyonchilarga koreys qurollari yetkazib beriladi. Diktator ag‘darilganidan keyin uning oilasi KXDRdan boshpana topgan.

KXDR Jamoat xavfsizligi vaziri o‘rinbosari Li Son Chhol Kampaladagi (Uganda) politsiya akademiyasiga tashrifda, 2013 yil. 1988 yildan shimoliy koreyalik mutaxassislar bu yerda huquq-tartibot organlari xodimlariga ta’lim berib kelgan.

Shimoliy Koreyaning Uganda bilan yaqin aloqalari Idi Amin rejimi qulatilganidan keyin ham to‘xtab qolmagan. Afrikaning ushbu mamlakatida KXDR bilan hamkorlikda harbiy zavod qurilgan. KXDRga qarshi xalqaro sanksiyalarga qaramay, hamkorlik o‘nlab yillar davom etgan. Masalan, 2007 yilda Uganda va Shimoliy Koreya ugandaliklar armiyasi uchun uchuvchilar va xodimlar tayyorlash bo‘yicha kelishuv imzolagan.

2016 yilda BMT Xavfsizlik kengashi 2770-sonli rezolyutsiyani qabul qiladi, unda «KXDRda politsiyachilar, harbiylashgan tuzilmalar va harbiylarni o‘qitish uchun instruktorlar, maslahatchilar yoki boshqa mansabdor shaxslarni» jalb qilish to‘g‘ridan to‘g‘ri taqiqlangandi. Ammo shundan faqat ikki yil o‘tibgina Uganda xalqaro jamiyat bosimiga yon berib, Pxenyan bilan harbiy hamkorlikni to‘xtatadi va KXDRdan bo‘lgan 14 nafar uchuvchi-instruktorga viza berishni rad etadi.

Ko‘proq yangiliklar: