Rossiya Markaziy banki asosiy stavkani 21 foizgacha oshirdi. Bu rekord ko‘rsatkich

Jahon 19:46 / 25.10.2024 6658

Rossiya Markaziy banki asosiy stavkani birdaniga ikki foiz punktga oshirishga qaror qildi: endi u 21 foizni tashkil qiladi. Bu haqda 25 oktyabr kuni regulyatorning rasmiy saytida chop etilgan press-relizda aytiladi. Shunday qilib qayta moliyalash stavkasi Rossiya tarixidagi yangi rekord darajani qayd etdi.

“Inflatsiya Rossiya bankining iyul oyidagi prognozidan sezilarli darajada yuqori. Inflyatsion kutilmalar ham o‘sishda davom etyapti. Ichki talabning o‘sishi tovar va xizmatlarni yetkazib berishni kengaytirish imkoniyatlaridan sezilarli darajada oshib ketdi”, – deyiladi Rossiya Markaziy banki bayonotida.

Bundan oldingi rekord 2022 yil 28 fevralda o‘rnatilgandi. O‘shanda Rossiya Markaziy banki Ukrainaga bosqinning boshlangani ortidan rubl kursining keskin pasayishi sababli stavkani 20 foizgacha ko‘targandi.

Keyinchalik rubl kursining barqarorlashishi bilan asosiy stavka ham 7,5 foizgacha pasaydi va ketma-ket 10 oy, 2022 yil sentabridan 2023 yil iyuligacha shu darajada saqlab qolindi.

O‘tgan yilning yozidan boshlab pul-kredit siyosatining qattiqlashtirilishi ortidan asosiy stavka ham 16 foizgacha ko‘tarildi. Bu 2023 yil dekabridan 2024 yil iyul oyi oxirigacha saqlanib qolindi. Keyin 2024 yil iyul oyida 18 foizgacha, sentabrda 19 foizgacha ko‘tarildi.

2013 yil 14 oktyabrdan 2024 yil 25 oktyabrgacha Rossiya Markaziy banki asosiy stavkasining o‘zgarishi

Nega rekord yangilandi?

BBC'ning iqtisodiy sharhlovchisi Olga Shamina sharhi:

— Rossiya Markaziy banki bir necha oydan beri inflatsiyaga qarshi kurashyapti, biroq bu kutilganidek muvaffaqiyatli bo‘lmadi. Endi asosiy stavka 2022 yil bahoridagi darajadan ham yuqoriga ko‘tarildi. Rossiya Ukrainaga hujum qilganda, odamlar vahima ichida dollar va yevro sotib olishni ko‘paytirdi, shuningdek, do‘konlardan oziq-ovqat sotib olish oshdi.

Bir qarashda, hozirgi vaziyat tinchroqday ko‘rinadi. Faqatgina ba’zi mahsulotlarning narxi juda qimmatlab ketgani haqida alohida hikoyalar mavjud. Masalan, Yekaterinburgdagi do‘konlarda sariyog‘ni o‘g‘irlab ketmasliklari uchun uni plastik idishlarda saqlay boshlashdi.

Sentyabr oyida Rossiyada inflatsiya 8,6 foizni tashkil etib, avgust oyiga nisbatan biroz sekinlashdi, lekin prognozlarga nisbatan yuqoriligicha qoldi. Haftalik inflatsiya ma’lumotlari narxlarning o‘sishi asta-sekin pasayayotganini ko‘rsatadi.

Ammo bu sekinlashuvni jiddiy omil deb hisoblash qiyin. Hozir bozorga sabzavot va mevalarning yangi hosili kirib keldi. Aynan mavsumiylik omili natijasida inflatsiya sekinlashadi. Agar bu bo‘lmaganida, Markaziy bank ma’lumotlariga ko‘ra, o‘tgan oyda inflatsiya 9,8 foizni tashkil qilgan bo‘lardi.

“Inflatsiya bosimi joriy yil boshidan beri o‘zining maksimal darajasiga yaqinlashdi”, deyiladi regulyator bayonotida.

Talab taklifni kengaytirish imkoniyatidan oshib ketmoqda va inflatsiya holati prognozdan ham yomonroq. Inflatsiyaning tez sur’atlar bilan o‘sishi aholi daromadlarining bir qismini “yeb qo‘ymoqda”, yuqori stavkalar esa kredit olishni qiyinlashtiradi. Natijada aholining xarid qilish imkoniyati kamayadi.

Payshanba kuni Davlat Dumasi birinchi o‘qishda budjetnomani tasdiqladi. Bu keng ko‘lamli xarajatlar, jumladan, urush xarajatlarini ham o‘z ichiga olgan. Ushbu rekord miqdordagi xarajatlar narxlarning o‘sish sur’atlarini yanada oshirishi mumkin. Markaziy bank o‘z bayonotida yangi budjetni “inflatsiya tarafdori” deb atagan.

Bundan tashqari, yangi budjetni ishlab chiqishda rasmiylar rublning zaiflashishini ham prognoz qilgan. Bu ham inflatsiyani qo‘llab-quvvatlovchi omil, shuning uchun import tovarlari tobora qimmatlashib boryapti.

Markaziy bank ixtiyorida inflatsiyaga ta’sir qilish uchun faqat bitta tutqich mavjud. Bu – asosiy stavka. U qanday ishlaydi? Birinchidan, asosiy stavkaning yuqoriligi bank kreditlarini juda qimmat qiladi, korxonalar va uy xo‘jaliklari ularni olmaydi va talab kamayadi. Ikkinchidan, depozit stavkalari ham oshib boryapti. Ayrim toifa odamlari pul sarflashdan ko‘ra depozitga qo‘yishni afzal ko‘ra boshlashadi.

Ko‘proq yangiliklar: