“Qo‘shni davlatdagi turfirmalar xursand” - Umra litsenziyasining yangi shartlari nimalarga olib keladi?

O‘zbekiston 10:22 / 25.10.2024 13043

Umra litsenziyasini olish uchun 1 mln dollar zaxira qo‘yish talabi Saudiya Arabistonidagi hamkorlarimizni ham hayron qoldirdi. Endi qo‘shni davlatdagi turfirmalar ziyoratchilar oqimi ularga o‘tishidan xursand bo‘lib o‘tiribdi, deydi sayyohlik firmasi rahbari Sherzod Sami. Tadbirkorlarga ko‘ra, qarorda fuqarolarga qulaylik uchun to‘g‘ri talablar ham yetarli, lekin shartlarni bajargan hamma firmalarga ham litsenziya berilmasligi va soha yana monopollashishi mumkin.

2024 yil 12 oktabr kunidagi hukumat qarori bilan turfirmalar uchun Umra ziyorati tashkil etish uchun yangi litsenziya shartlari e’lon qilindi. Din ishlari bo‘yicha qo‘mita tadbirkorlar uchun joriy qilgan maksimal qiyin talablar ortidan tadbirkorlar va jamoatchilik vakillari sohada monopoliyaning qaytishidan xavotirlanmoqda.

Kun.uz muxbiri litsenziyaning yangi shartlari va sohadagi dolzarb masalalarni sayyohlik firmalari rahbarlari Sherzod Sami hamda Farhod Hoshimovlar bilan muhokama qildi.

Intervyuga Din ishlari bo‘yicha qo‘mita va Biznes ombudsmandan ham mutaxassislar chaqirilgan edi, lekin ular kelishmadi.

Hukumat qarori bilan, 2024 yil oktabr oyidan Umra litsenziyasini olish uchun bir qancha qiyin shartlar joriy qilindi. Nima uchun sohada bunday yangi shartlar joriy qilinmoqda?

Sherzod Sami:

– Bularning hammasiga turtki bo‘lib bir qancha vaqt avval Umra ziyoratida o‘zbekistonliklar bilan yuz bergan mojarolar va qiyinchiliklar sabab bo‘ldi, deb o‘ylayman. Chunki hukumat qarori bilan 2023 yil noyabr oyida litsenziya olgan bo‘lsak, u bir yilga qolmay shu yil oktyabrdan bekor qilindi, holbuki cheklanmagan degan muddatga olgandik o‘sha litsenziyalarni. Asosiy sabab sifatida Panorama Airways bilan mojaro ortidan 19 mingga yaqin yurtdoshlarimiz Saudiya Arabistonida qolib ketishi turfirmalar uchun katta zarar yetkazdi, deb o‘ylayman.

Farhod Hoshimov:

– Haqiqatan Umra uchun turfirmalarga ruxsat berilganida tadbirkorlarga bir qancha yengillik bo‘lgandi. Lekin shunda ham ayrim tadbirkorlar litsenziya olmasdan turib bu faoliyatni yuritishni boshlashdi. Ba’zi aviakompaniyalar to‘g‘ridan to‘g‘ri biletlarni olib turib odamlarni jo‘natib, odamlar aldanib qolishiga sababchi bo‘ldi. Oldingi 345-sonli qarorda Turizm qo‘mitasi vakolatli organ edi. Lekin qo‘mita tadbirkorlarni qo‘llab-quvvatlamadi. Lisenziya olganlar ham, litsenziyasi yo‘qlar ham bir xil ish yuritaverdi. Endi shu qaror chiqib turibdi.

Ko‘pchilik, hatto rasmiylar ham Saudiya Arabistonida sarson bo‘lib, qolib ketgan ko‘plab fuqarolar tufayli litsenziya shartlari og‘irlashtirilayotganini aytdi. Lekin aslida bir nechta kompaniya aybi uchun butun sohada qiyinchilik joriy qilish qanchalik to‘g‘ri?

Sherzod Sami:

Kuni kecha shu masalada yig‘ilish bo‘lib o‘tdi. Turizm qo‘mitasida, Diniy ishlar bo‘yicha qo‘mita, Transport prokuraturasi va boshqa mas’ullar bilan. Prokuratura rasmiysiga ko‘ra, o‘sha aviakompaniyaga 60 milliard so‘mdan ko‘proq miqdorda odamlarni aldash va pullarni o‘zlashtirish bo‘yicha ayblov e’lon qilingan. O‘ylaymanki, bunga sabab – bu sohani bilmaslik, tajribasizlik, va yengil, oson pul topish uchun qilingan harakat. O‘sha aviakompaniya bozorga kirib kelganida birinchi harakatlaridan bu ko‘ringan edi.

Tajribasizlik va boshqa omillar sabab turistik agentliklar, o‘sha aviakompaniyaning xizmatidan foydalanib, zarar ko‘rdi. 750 dollarlik paketlar ham e’lon qilishdi, kalkulyatorga solib ko‘rsangiz bunday miqdorga xizmat ko‘rsatishni umuman iloji yo‘q edi. Oxiri shishirilgan shar yorildi.

Saudiya Arabistonida arablar bilan tadbirkorlik qilishning o‘ziga xos qoidalari bor. Ehtiyotkorlik muhim, ba’zida berilgan va’dalar bajarilmaydi, bugun siz bilan shartnoma tuzishadi, to‘lovlarni qilsangiz ham, ertaga kimdir ko‘proq mablag‘ beraman desa, ularga joy berib yuborishadi. Bu qaror o‘sha aviakompaniyaga ishongan holda ziyoratchilar oldida shu ahvolga tushib qolganlar va boshqa sayyohlik agentliklarini jazolashga o‘xshab qolyapti-da.

Lekin nega katta-katta samolyotlar sotib olib xizmat ko‘rsatgan turkompaniyaga shunaqa shartlar qo‘yilmaydi, kichkina turfirmalarga esa million dollar zaxira? O‘zi aslida aviakompaniyalarga qo‘yilishi kerak edi, chunki paketimiz narxi 70-80 foizi aviachiptaga bog‘langan. Shaxsan menga, million dollar bu juda ham katta summa. Ilgari xorijiy filmlarda, million dollar haqida eshitardik.

Din ishlari bo‘yicha qo‘mita raisi Sodiqjon Toshboyev litsenziya uchun qo‘yiladigan 1 million dollar mablag‘ni katta miqdor emas, deb atadi. Bu qanchalik to‘g‘ri, sayyohlik firmalari va soha uchun bu katta pulmi yoki katta emasmi?

Farhod Hoshimov:

– Bu miqdorning o‘zgarishi masalaga qanday yondashishga bog‘liq. Masalan, ziyoratchilarga xizmat ko‘rsatish uchun bu pulni qo‘yib, agar litsenziya qo‘lga kiritilsa, bu har bir firma uchun katta sharaf. To‘g‘ri, hozir hamkasblarimiz uchun bir million katta pul. Ammo, agar bu o‘n million bo‘lsa va bu o‘n millionni to‘lasa, ziyoratchilarga xizmat qilish uchun katta mas’uliyat bo‘ladi. Bugun bor, ertaga yo‘q firmalar, qirqta odamni jo‘natib yuborib, ularning holidan xabar olmaydiganlar uchun aytilmayapti bu. Lekin niyat to‘g‘ri bo‘lsa, xizmatni yaxshi bajarish kerak.

Sherzod Sami:

– Bir million dollar summa aslida milliarder odam uchun million katta pul emas. So‘mga nisbatan oladigan bo‘lsak ham shunday ma’no chiqadi. Lekin million dollarlik litsenziya qandaydir alomat bo‘ldi. Hatto qo‘shni mamlakatlar, masalan, Saudiya Arabistonidagi hamkorlarimiz ham hayratda. Chunki O‘zbekistonda tog‘-kon, metallurgiya va oltin ishlab chiqarish sohalarida ham million dollar zaxira qo‘yish, degan talab bo‘lmasa kerak.

Qarorni qabul qilish jarayonida Moliya vazirligi va boshqa tegishli vazirliklar bilan kelishilgandir. Million dollarning texnik-iqtisodiy asosi bormi, nega aynan million dollar? Diniy qo‘mita raisi o‘n besh ming ziyoratchi qolib ketdi dedi. 15 ming ziyoratchi uchun o‘rtacha ming dollardan hisoblaganda, o‘n besh million dollar bo‘ladi, unda nega 15 million dollar emas? Savollar ko‘p.

Yana bir narsa, hisobraqamga million dollarni so‘mda qo‘yish tadbirkorlarga zarar keltirishi mumkin. Valutada e’lon qilindi, lekin hisob raqamga qo‘yish vaqti so‘mda, deyilmoqda. Bu masalada murojaat qildik qo‘mitaga. Masalan, o‘tgan yili 100 ming dollar deyilgan, valutani so‘mga aylantirib bankka qo‘ygan edik. Yaqinda so‘mda yechib oldik va dollarga aylantirganimizda 5 ming dollar zarar qildik. Agar, endi bu holat 1 million dollar bilan bo‘lsa, 83 ming dollar zarar qilar ekanmiz. Buni kim qoplaydi, biznesda, albatta oxiri borib iste’molchining boshiga tushadi-da bu. Shuning uchun iltimos kiritdik, valutada ham hisobraqam ochish uchun.

Lisenziya shartlaridan birida umra xizmatini uchinchi davlatlar orqali ko‘rsatmaslik sharti bor. Bu yerda ikkinchi davlat orqali “peresadka” qilib uchib bormaslik nazarda tutilyaptimi yoki qo‘shni davlatdagi, boshqa davlatdagi turfirmalar orqali xizmat ko‘rsatmaslik nazarda tutilyaptimi?

Sherzod Sami:

– Menimcha, bu yerda uchinchi davlat orqali xizmat ko‘rsatmaslik deganda faqat to‘g‘ridan-to‘g‘ri parvozlar bilan xizmat ko‘rsatish belgilab qo‘yilyapti. Bundan tashqari, qarorning ilovalarida tanlovda yutish uchun rezident aviakompaniyalar bilan shartnoma taqdim qilishga, transport vazirligining ushbu aviakompaniyaga ijobiy xulosa berishiga ustunlik berilgan. Bu korrupsion holatlar kelib chiqishiga olib kelishi mumkin. Aviakompaniyalar orasida raqobat bo‘lishi kerak deb o‘ylayman. Arzon kompaniyalar orqali ucha olmaydi, to‘g‘ridan to‘g‘ri rezident kompaniya degandan ham tushunish mumkinki, qandaydir lazeyka qoldirib ketilyapti.

Oxirgi yillarda biz Saudiyaga ziyoratchilarni olib borish bo‘yicha ilg‘orlab ketgandik, to‘g‘ridan to‘g‘ri reyslar va turlar ko‘pligi uchun Tojikiston va Qirg‘izistonning yaqin hududlaridan, Chimkentdan ziyoratchilar biz orqali uchishdi. Bu katta yutuq edi. To‘g‘risi, endi u turfirmalar xursand o‘tiribdi, chunki biz raqobatbardosh narxlar bilan ta’minlab bera olmasak, ziyoratchilar oqimi ham ularga o‘tib ketadi. Bittasi Toshkentdan 80 kilometr masofada, ikkinchisi vodiydan 10 kilometr masofada juda qulay aeroport bor. Tranzit orqali Umraga borolmasa, Toshkentdan boshqa aeroportlarda ham yo‘lovchilar soni kamayib ketadi.

Lisenziya shartlaridan yana biri ziyoratchilarni 3 yulduzdan kam bo‘lmagan mehmonxonaga joylash, shuningdek borish-qaytish aviachiptalarini oldindan xarid qilish. Bular qanchalik asosli?

Farhod Hoshimov:

– Bizlar borish-kelish chiptalari arzon tushishi uchun har ikkisini birgalikda sotib olamiz. Qaytishga arzonroq bo‘lib qolishi ham mumkin, lekin joy bo‘lmasa odam qolib ketishi mumkin. Shuning uchun biz har doim borish-kelish chiptasini olishni afzal bilamiz. Bu aviakompaniyalarning borish-kelish chiptasini majburiy kiritishi tajribasizlikning oldini olish uchun to‘g‘ri yo‘l. Kompaniyalar ziyoratchilarning qaytishlariga kafolat berishi kerak.

3 yulduzdan kam bo‘lmagan mehmonxonalarga joylashtirish sharti ham paket narxiga deyarli ta’sir qilmaydi. Chunki Makkadagi besh yulduzli mehmonxona agar solishtiruv qilinsa, Dubay yoki Malayziyadagi, yoki boshqa davlatlarni besh yulduzlidan sifat bo‘yicha farq qiladi. Endi agar bular uch yulduzdan past bo‘lib ketsa, qanaqa bo‘lishini tasavvur qilavering. Shu nuqtai nazardan bu shartni ham to‘g‘ri, deb hisoblayman. Bu minimal narsa belgilangani yaxshi, maksimal albatta ixtiyoriy bo‘ladi.

Sherzod Sami:

– Yana bir holat, bu yil turfirmalar uchun Musulmonlar idorasi g‘arazli maqsadda ellikboshilar bilan ta’minlanishi haqida yozilgan. Ya’ni idora bilan shartnoma tuzib, shu asosda ellikboshilar ajratib beriladi. Ellikboshilar bilan ham o‘zimiz alohida shartnoma tuzamiz va ularga xarajatlaridan tashqari kunlik pul to‘lanadi. Bu ham qo‘shimcha xarajat.

Turfirmalar uchun faqat Umra viza talabi ham to‘g‘ri, deb o‘ylaymiz. Chunki sayyohlik vizadan farqli o‘laroq Umra viza bilan borgan fuqarolarga Saudiyadagi shu shirkat javobgar bo‘ladi. Favqulodda vaziyatlarda yordam beradi. Buni Saudiya Arabistoni Haj va Umra vazirligi nazorat qilib turadi. Bu vizalar orasida 30-35 dollar tafovut bor.

Yil boshida O‘zbekiston fuqarolari bilan bo‘lgan mojarolarda yarim “shirkatlar” 10 dollar atrofidagi diplomatik vizalardan ham foydalanib kelgani ma’lum bo‘ldi. 10 mingta diplomatik viza rasmiylashtirilgan. Saudiya Arabistoni O‘zbekistonga rasmiy nota yuborgan, sizlarda 10 ming diplomat bormi, deya.

Hukumat qarori va nizomning ayrim bandlarida bir-biriga zid kelayotgan yoki tushunarsiz bandlar bor. Kechagi yig‘ilishda ham, ko‘p savollarimiz ochiq qoldi. Diniy qo‘mita raisi Kun.uz'ga bergan intervyusida qancha firma shartlarni bajarsa, hammasiga litsenziya beriladi, degan edi. Lekin qaror ilovasida faqat g‘olib firma va zaxira g‘olibi ajratib olinadi, tanlov qilib deyilgan. Agar, faqat 1 firmaga berilsa litsenziya, buning nima bo‘lishi aniq-ku. Turli to‘lovlar va boshqa xarajatlar bilan tanlovda qatnashishimning o‘zi 10 ming dollarga tushib ketarkan. Bundan tashqari, 1 million dollarlik tanlovga atigi 28 oktyabrgacha muhlat berib qo‘ygan. Xullas savollar ko‘p, javob ham, hali o‘zlarida ham to‘liq tushuntirish yo‘q.

Agar bu shartlar amalga kiritilsa hamda barchasi bilan to‘liq ishlasangiz, ziyorat uchun hozirgi 800-1000 dollarlik narxlar tarix bo‘lib qolishi mumkin. Million dollar zaxiraga qo‘yganingizdan keyin “risklar” oshadi, kutilmagan xarajatlar paydo bo‘ladi. Bularning hammasi esa, afsuski oxiri borib iste’molchilar gardaniga tushadi. Yana qolganini vaziyat ko‘rsatadi.

  • To‘liq intervyu bilan yuqoridagi video orqali tanishib chiqishingiz mumkin.

Farrux Absattarov suhbatlashdi.

Ko‘proq yangiliklar: