Moskvada migrantlar uchun «elektron pasport» berish boshlanadi

Jahon 20:05 / 25.10.2024 3408

Moskva hukumati 2025 yilda tajriba tariqasida migrantlarga xorijlik fuqaroning elektron guvohnomasini tarqatishni boshlaydi. Bu haqda shahar meri Sergey Sobyanin ma’lum qildi.

«Migrantlar uchun keyingi yildan tajriba tariqasida federal qonunga asosan elektron pasport joriy etamiz», — deydi Sobyanin jurnalistlar bilan uchrashuvda.

Uning so‘zlariga ko‘ra, elektron hujjat «barcha ma’lumotlarni» o‘zida jamlaydi: Rossiyaga kirilgan sana, biometrik ma’lumotlar, ish joyi va ro‘yxatdan o‘tgan yoki o‘tmaganligi.

Sobyaninning qo‘shimcha qilishicha, politsiyachilar reydlar davomida maxsus qurilmalar yordamida migrantlarning guvohnomalarini tekshiradi. Agar hujjatda biror kamchilik bo‘lsa, politsiyachilar chora ko‘rishga majbur bo‘ladi. «Gadjetiga ushbu holatni qayd etishi bilan, u qonunbuzarni qo‘yib yubora olmaydi: qurilmada qizil yonsa, fuqaro qidiruvda ekanini, migratsiya rejimini buziganini anglatadi», — deydi Sobyanin.

Moskva rahbarining qo‘shimcha qilishicha, 2025 yilda tajriba tariqasida Moskva aeroportlarida barcha, jumladan, RF hududiga kirishda viza talab etilmaydigan xorijliklar uchun ham biometrik nazorat joriy etiladi.

Avvalroq, o‘ndan ortiq oblastlar, jumladan, Novosibirsk, Samara, Tula, Magadan va Chelyabinskda xorijlik fuqarolar mehnatiga taqiq joriy qilingan edi. Bu chora-tadbirlar 22 mart kuni «Krosus Siti Xoll» konsert zalida Tojikiston fuqarolari ayblangan teraktdan keyin kuchaytirildi.

Bundan tashqari, Rossiyaning ayrim hududlarida migrantlar mehnati taqiqlangan sohalarda ularni ishga olganlik uchun katta miqdorda jarimalar joriy qilingan. Yuridik shaxslar million rublgacha, mansabdor shaxslar 50 ming rublgacha, migrantni yollagan jismoniy shaxslar esa 4 ming rublgacha jarimaga tortilishi mumkin.

Ko‘proq yangiliklar: