Xorijiy ish beruvchilar tomonidan taklif etilayotgan ish o‘rinlari ochiq e’lon qilinadi

O‘zbekiston 22:09 / 24.10.2024 2396

«Xorijda mehnat faoliyatini amalga oshirish jarayonlarini tartibga solish bo‘yicha qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida»gi prezident qarori qabul qilindi.

Qarorga ko‘ra, 2024 yil 1 noyabrdan:

- xorijiy ish beruvchilar tomonidan taklif etilayotgan ish o‘rinlari haqidagi barcha ma’lumotlar Migratsiya agentligining elektron platformasi, OAV va ijtimoiy tarmoqlarda ochiq e’lon qilib boriladi;

- Agentlikning elektron platformasida fuqarolarga o‘z rezyumesini shakllantirish va joylashtirish hamda e’lon qilingan ish o‘rinlari bo‘yicha tanlovlarda erkin ishtirok etish imkoniyati yaratiladi;

- vaqtincha mehnat faoliyatiga chiqib ketayotgan fuqarolarga Migratsiya jamg‘armasi hisobidan 10 million so‘mgacha ikki yil muddatga mikrokreditlar ajratiladi;

- fuqarolarning xorijda ishga joylashishi va «ishchi viza»ga oid hujjatlarini rasmiylashtirish bo‘yicha bepul konsalting xizmatlari ko‘rsatiladi.

2024 yil 1 dekabrdan:

- Agentlik tomonidan ta’lim tashkilotlarida xorijga ishga ketmoqchi bo‘lgan fuqarolarni kasb-hunar va chet tillariga o‘qitish bo‘yicha buyurtmalar joylashtirish tartibi joriy etiladi;

- xususiy bandlik agentliklari tomonidan litsenziya olish uchun zaxira qilinadigan mablag‘lar miqdori BHM 8500 baravaridan 4000 baravarigacha tushiriladi.

2026 yil 1 yanvargacha Agentlikning fuqarolarni tashkillashtirilgan holda tanlash, xorijga ishga yuborish va ishga joylashtirish bilan bog‘liq funksiyalari bosqichma-bosqich xususiy bandlik agentliklariga o‘tkaziladi.

Ko‘proq yangiliklar: