Italiyaning Milan shahrida 75-Xalqaro astronavtika kongressi o‘tkazildi, unda 120 ta davlatdan kosmik agentliklar va xalqaro tashkilotlar, ilmiy ta’lim markazlari rahbarlari, jahon kosmik hamjamiyati vakillaridan iborat 11 mingdan ortiq ishtirokchilar qatnashdi, deb xabar beradi «O‘zbekkosmos» agentligi.
Qayd etilishicha, kongressda O‘zbekiston delegatsiyasi a’zolari Xalqaro astronavtika federatsiyasi liderlari sammitida maxsus bayonot bilan ishtirok etgan.
Shuningdek, forum doirasida agentlik vakillari Xalqaro astronavtika federatsiyasi, Intersputnik xalqaro tashkiloti va shu kabi qator yirik xorijiy agentliklar rahbarlari bilan 30 dan ziyod manfaatli uchrashuvlarni o‘tkazgan. Robotlashtirilgan kosmik apparatlar va boshqa texnologiyalar yordamida Oyni tadqiq qilishga ixtisoslashgan Ispace (Yaponiya) kompaniyasi bilan o‘zaro anglashuv memorandumi imzolangan.
«AQShning SpaceX va Buyuk Britaniyaning Surrey Satellite Technology kompaniyalari O‘zbekistonning milliy kosmik dasturni ishlab chiqishda ekspert maslahatlarini berishga tayyor ekanliklarini bildirishdi», — deyiladi xabarda.
Shu bilan birga, Yaponiyaning Kyushu texnologik instituti – aerokosmik muhandislik yo‘nalishida mutaxassislarni tayyorlash bo‘yicha dastlabki o‘quv dasturiga kelishilgan.
Eslatib o‘tamiz, kongressning o‘tgan yili Ozarboyjonda bo‘lgan yig‘ilishida O‘zbekiston tarixida ilk bor «O‘zbekkosmos» agentligi Xalqaro astronavtika federatsiyasiga to‘la huquqli a’zo sifatida qo‘shilgan edi. Avvalroq kosmik fazoni, shu jumladan, Oyni va boshqa samoviy jismlarni tadqiq qilish hamda ulardan foydalanish bo‘yicha davlatlar faoliyati prinsiplari to‘g‘risidagi shartnomaga O‘zbekistonning qo‘shilishi haqidagi qonun imzolangandi.