Sobiq model Steysi Uilyams Trampni tegajog‘likda aybladi

Jahon 21:04 / 24.10.2024 6078

Sobiq model Steysi Uilyams AQSh prezidentligiga nomzod Donald Trampni tegajog‘lik qilganlikda aybladi. Uning so‘zlariga ko‘ra, bu 1993 yilda sodir bo‘lgan, deb yozdi The Guardian.

Uilyams 1990 yillarda model sifatida ishlagan. 1993 yilda u do‘sti Jyeffri Epshteyn bilan Trampning uyiga borgan. Uilyams so‘zlariga ko‘ra, shu yerda Tramp unga tegajog‘lik qilgan. «U meni o‘zimni jirkanch his qilishga majbur etdi va men butunlay sarosimaga tushganimni eslayman», dedi Uilyams.

Tramp saylovoldi tashviqoti vakili Karolin Levitt Uilyamsning ayblovlarini «yolg‘on» deb atadi.

«Barak Obamaning sobiq targ‘ibotchisi tomonidan aytilgan va saylovdan ikki hafta oldin Harrisning saylovoldi tashviqoti tomonidan e’lon qilingan bu ayblovlar so‘zsiz yolg‘ondir. Ko‘rinib turibdiki, bu soxtalikni Harris kampaniyasi o‘ylab topgan», dedi u.

AQSh sobiq prezidenti Donald Trampni tegajog‘lik qilganlikda birinchi marta ayblanayotgani yo‘q. Xususan, 2023 yil may oyida Manhetten federal sudi hakamlar hay’ati Trampni jurnalist va yozuvchi Jin Kerrollga jinsiy zo‘ravonlik qilganlikda aybdor deb topdi. Hakamlar hay’ati Tramp Kerrollni zo‘rlaganiga ishonmadi, lekin unga qarshi «jinsiy harakatlar» qilgan degan qarorga keldi. Trampning o‘zi bu ayblovlarni rad etib, Jin Kerrollni tanimasligini aytdi.

Ko‘proq yangiliklar: