Qozondagi BRICS sammiti Kreml uchun - G‘arbga signal. Blokning boshqa ishtirokchilari uchun-chi?

Jahon 20:43 / 24.10.2024 21449

22 oktyabr kuni Qozonda ochilgan BRICS sammiti — 2022 yil fevralida Ukrainaga keng ko‘lamli bosqin boshlaganidan buyon Rossiya uchun eng nufuzli xalqaro tadbir. Mehmonlar orasida — nafaqat blok a’zolari bo‘lgan mamlakatlar rahbarlari, balki hozircha unga qo‘shilish imkoniyatini ko‘rib chiqayotgan davlatlar vakillari va hatto BMT bosh kotibi Antoniu Guterrish ham bor (buning uchun Ukraina uni qoraladi). G‘arb matbuotidagi dastlabki baholarga ko‘ra, Rossii AQSh va Yevropa mamlakatlariga Moskvani yakkalab qo‘yish rejasi o‘xshamaganini ko‘rsatishga muvaffaq bo‘lgan. Ammo sammitga kelgan yirik davlatlar rahbarlarining ham Rossiyaniki bilan mos kelmaydigan o‘z pragmatik kun tartibi bo‘lishi mumkin.

Putinning ramziy g‘alabasi

Rossiya —  Braziliya, Hindiston, Xitoy qatorida BRICS asoschilaridan biri hisoblanadi (blok o‘zining hozirgi nomini 2010 yilda JAR qo‘shilganidan keyin a’zo davlatlarning bosh harflaridan olgan). Keyinroq Eron, Misr, Birlashgan Arab Amirliklari va Efiopiya ham blokka qabul qilingan. Shuningdek, Turkiya va Ozarboyjon BRICS’ga a’zolik uchun ariza topshirgan.

BRICS’ning Rossiyaning Ukrainaga bosqinidan keyingi ilk sammiti 2023 yilda Yoxannesburgda o‘tkazilgan, unga Vladimir Putin bormagan va videoaloqa orqali chiqish qilish bilan cheklangandi: bu vaqtda Xalqaro jinoiy sud uni hibsga olishga order berib bo‘lgandi, JAR rahbariyati esa undan mamlakatga kelmaslikni so‘ragani aytilgan.

Rossiya prezidenti Vladimir Putin uchun Qozondagi sammit — G‘arbga ham, rossiyaliklarga ham u butun dunyodan ajratib qo‘yilmaganini ko‘rsatish imkoniyatidir, deya qayd etadi BBC rus xizmati korrespondenti Grigor Atanesyan. AQSh va ittifoqchilari uni aynan shunday chetlangan qilib ko‘rsatishsa-da, Global Janubning 30 dan ortiq davlatidan kelgan diplomatlar va mulozimlar bunga qo‘shilmaydi.

Ular orasida — Xitoy, Hindiston, Eron, Turkiya, JAR, shuningdek, Misr va Efiopiya hamda boshqa davlatlar bor. Ulardan bir qismi xuddi Rossiya kabi G‘arb sanksiyalariga uchragan, boshqalari esa — AQShning muhim ittifoqchilari, Turkiya esa NATO a’zosi.

Bu mamlakat rahbarlari Rossiyaga borishga va Putinning qo‘lini siqishga tayyorligi (Narendra Modi uni quchoqlab ham oldi) ko‘rsatadiki, Global Janubning aksar vakillarida  Moskvaning Ukrainaga noqonuniy bostirib kirishiga — Vashington va Yevropa poytaxtlarida ko‘rilganidek, jahon tartibotiga ekzistensial tahdid emas, balki navbatdagi mintaqaviy mojaro sifatida qaraladi, deb hisoblaydi BBC rus xizmati korrespondenti.

Ammo Kremlga ramziy ko‘tarinkilik berishdan tashqari BRICS’ning bu uchrashuvi qanday moddiy yutuqlarga erishishi noma’lum, deya qayd etadi Grigor Atanesyan. «Chto eto bylo» podkastidagi chiqishida u hozirda BRICS mamlakatlarini nima birlashtirayotgani va Qozondagi sammit Kremlga nima uchun kerakligini tushuntiradi.

U yanga valuta yaratish va «de-dollarizatsiya» (AQSh dollarining global ustunligiga qarshi) haqidagi gaplar fonida sammit sayti keluvchilarga yonida naqd pul olish kerakligi, chunki Mastercard va Visa Rossiyada ishlamasligi, «Rossiyadagi banklarning aksarida faqat naqd AQSh dollari yoki yevroni naqd rublga erkin almashtirish mumkinligi» haqida eslatib turgan.

Xitoy BRICS’dan dunyo tartibotini o‘zgartirish uchun vosita sifatida foydalanadi

G‘arbning savdo va moliyaviy sanksiyalari sharoitida Rossiya iqtisodiyoti va harbiy mashinasi kun sayin qaram bo‘lib borayotgan Kremlning Xitoy bilan aloqalari tobora mustahkamlanmoqda. Xitoy rahbari Si Jingping Putinni «qadrdon do‘st» deb ataydi. Ukrainada urush boshlanganidan keyin Pekin va Moskva o‘rtasidagi munosabatlar biroz o‘zgarganiga qaramay, u hamkasblari orasida eng ko‘p Putin bilan uchrashmoqda. Rossiya kabi Xitoyni ham tez-tez inson huquqlari buzilishi uchun tanqid qilishadi.

Si BRICS’ning oldingi sammitiga kelgan, ammo nutq so‘zlamagandi. Xitoy yetakchisi biznes-forumni o‘tkazib yuborgan va o‘z nutqini o‘qib berishni savdo vaziriga topshirgan, bu barcha uchun kutilmagan hol bo‘lgandi. BBC Xitoy xizmati muxbiri Chen Yan Pekin Moskva bilan qanchalik yaqin ko‘rinmasin, Xitoy ayniqsa xavfsizlik masalalarida Rossiya tomonida turishni unchalik xushlamasligini eslatadi. Masalan, AQShning takroriy so‘rovidan keyin Xitoy Rossiyaga ikki maqsadli tovarlar eksportini cheklagandi.

Shu bilan birgalikda, gap G‘arbga qarshi turish haqida ketganda, ikki mamlakat manfaatlari ko‘p hollarda umumiy bo‘ladi. BRICS buning isbotidir. Shunda Xitoy aslida nima istaydi?

Gapning indallosi, Si Jingping dunyoni avtoritar hukmdorlar uchun yanada mehmondo‘st qilishni istaydi. U inson huquqlari bo‘yicha boshqa standartlar mavjud bo‘lgan suveren davlat ishlariga aralashuv kamroq bo‘ladigan xalqaro tizim yaratilishini istaydi. Sodda qilib aytganda, Xitoy birinchi o‘ringa inson huquqlarini emas, balki suverenitetni qo‘yishni istaydi, deya qayd etadi Chen Yan.

Bunga erishish uchun Xitoy nima qilishi mumkin?

Xitoyning rejasi — imkon qadar ko‘proq hamfikr mamlakatlarni birlashtirish. Xitoyning iqtisodiy qudrati va inson huquqlari to‘g‘risida unchalik qayg‘urmasligi AQSh uslubidagi xalqaro tizimni yoqtirmaydigan ko‘plab mamlakatlarga ma’qul keladi. BRICS bloki shunday mamlakatlarning muloqot klubiga aylandi va bu yangi a’zolar qo‘shilishi bilan tobora ravshan bo‘lib bormoqda, deydi BBC Xitoy xizmati muxbiri.

Hindiston yetakchi va tinchlikparvar bo‘lishni istaydi

Hindiston bosh vazirining BRICS’ning oldingi sammitidagi chiqishi eng optimistik chiqish bo‘lgandi: Modi ishtirokchilarni kosmik texnologiyalar sohasida hamkorlik qilish, an’anaviy tibbiyot uchun markaziy bank yaratishga hamda BRIKS mamlakatlarida ta’lim darajasini oshirishga imkon beradigan texnologiyalarga investitsiya kiritish bo‘yicha kelishib olishga chaqirgandi. Hindiston ham xuddi Xitoy kabi BRICS tashkilotga yangi a’zolar qabul qilish hisobiga kengayishi tarafdori sanaladi.

BRICS’ning bu yilgi sammiti Hindiston uchun mamlakatning blokdagi ikki asosiy kuch: Xitoy va Rossiya bilan o‘zaro munosabatlari nuqtayi nazaridan o‘ziga xos ahamiyatga ega, deb hisoblaydi BBC hind tilidagi xizmati muxbiri Raghvendra Rao.

Xususan, Hindiston bosh vaziri Narendra Modi Xitoy raisi Si Jingping bilan ikki tomonlama uchrashuv o‘tkazishi ko‘zda tutilgan. So‘nggi besh yil ichidagi ilk bunday uchrashuv Hindiston Xitoy bilan Himolay tog‘idagi yaxshi belgilanmagan va bahsli bo‘lib qolayotgan, 2020 yildan buyon mamlakatlar o‘rtasidagi munosabatlarda keskinlikka sabab bo‘lib kelgan 4 ming kilometrlik chegara bo‘ylab patrullik qilish bo‘yicha kelishuvga erishilganini e’lon qilganidan bir necha kun o‘tib o‘tkazilmoqda. Raghvendra Raoning eslatishicha, Hindiston Modi va Si uchrashuvi so‘nggi to‘rt yil davomida Xitoy bilan o‘zaro munosabatlarga soya solib turgan chegara mojarosiga nuqta qo‘yishidan umid qilmoqda.

Rossiya masalasida esa, BBC muxbiri fikricha, Hindiston o‘zini Rossiya va Ukraina o‘rtasidagi mojaroda yarashtiruvchi sifatida namoyish etmoqchi. Modi yaqinda Ukrainadagi urushni RF prezidenti Putin bilan ham, Ukraina prezidenti Zelenskiy bilan ham muhokama qilib, yordam taklif etgani fakti ko‘rsatadiki, Hindiston inqirozni yumshatishda faolroq rol o‘ynashni istamoqda.

Hindiston nafaqat BRICS a’zolari o‘rtasidagi strategik va iqtisodiy hamkorlik uchun kurashmoqda, balki rivojlanayotgan mamlakatlar orasida yetakchi bo‘lishga ham urinmoqda, deb hisoblaydi Raghvendra Rao. Shu bilan birga, Hindiston tashqi siyosatda Rossiya bilan ham, G‘arb bilan ham ishlab, u yoki bu tomonga juda yaqinlashmasdan, mustaqil siyosat yurgizishda davom etmoqda.

Turkiya: Yevroittifoqqa qo‘shimcha, muqobil emas

Yevroittifoqqa a’zoligiga 1999 yildan buyon nomzod maqomida qolayotgan Turkiya BRICS’ga qo‘shilish uchun yaqinda, joriy yil sentabrida ariza topshirdi. Shu bilan birga, mamlakat rahbariyati bu blokni boshqa tuzilmalarga muqobil deb hisoblamasligini qayd etadi.

Sammit Turkiya uchun juda muhim, chunki Anqara Yevroittifoqqa qo‘shilish bo‘yicha jarayon to‘xtab qolgani fonida BRICS a’zoligiga intilmoqda, deya qayd etadi BBC’ning Turkiya xizmati muxbiri Emre Temel.

Rossiya prezidenti Vladimir Putin va Turkiya prezidenti Rajab Toyyib Erdo‘g‘an Anqaraning arizasini sammit maydonidagi ikki tomonlama uchrashuvlarda muhokama qilishi ko‘zda tutilgan.

Turkiyaning BRICS’ga a’zo bo‘lishi yo‘lidagi birinchi qadam sifatida sheriklik maqomi deb nomlangan yangi mexanizm taklif etilishi mumkin.

Prezident Erdo‘g‘an Turkiyaning BRICS bilan hamkorlik qilishga qat’iyligini tasdiqlab, Anqara Sharqning rivojlanayotgan derjavalari bilan o‘zaro iqtisodiy munosabatlarni diversifikatsiya qilish uchun yaqindan muloqot olib borishni istashini ma’lum qilishi ko‘zda tutilgan.

Shuningdek, Turkiya BRICS bilan hamkorlik Yevropa ittifoqi bilan bojxona to‘g‘risidagi bitimga muqobil emas, balki qo‘shimcha ekanini, ko‘plab turli xalqaro tashkilotlarda ishtirok etib, o‘z iqtisodiy manfaatlariga amal qilishini ta’kidlaydi.

Eron qulog‘i uchun musiqa va Braziliyaning blokni kengaytirish bo‘yicha shubhalari

Eron — blokning yangi a’zolaridan biri. Mamlakat 2024 yil 1 yanvarida BAA, Misr va Efiopiya bilan birgalikda BRICS a’zosiga aylangandi.

BBC Fors xizmati katta muxbiri va tashqi siyosat bo‘yicha mutaxassisi Kayvan Husayniyning hisoblashicha, BRICS’ga taalluqli barcha narsa — Eron qulog‘i uchun musiqa. U tepasida G‘arb hukmron bo‘lgan dunyo tartibotiga qarshi chiqish maqsadidagi ikki yadroviy derjava turgan BRICS bloki Eron oliy rahnamosi qarashlariga mos kelishini ta’kidlaydi.

Kayvan Husayniyning fikricha, Yaqin Sharqdagi hozirgi dinamikani hisobga olgan holda, Eron BRICS’dan aniq bayonot berish uchun foydalanishi mumkin: Eron Yaqin Sharq mojarosida keskinlashuvni xohlamaydi, ammo provokatsiyalarni javobsiz qoldirmaydi.

Braziliya — ayni vaqtda blokning Lotin Amerikasidan bo‘lgan yagona a’zosi. Tashkilotga 2024 yilda a’zo bo‘lishni mo‘ljallagan Argentina keyinroq bu fikridan qaytdi.

Global Janubning o‘ziga xos yetakchisi sifatida namoyon bo‘lish doimo Braziliya prezidenti Lula da Silvaning kun tartibida bo‘lgan va uning hukumati, aftidan, ushbu maqsadga erishish uchun BRICS va uning Yangi taraqqiyot bankiga (tashkilot a’zolari tomonidan tashkil etilgan) katta umid bog‘lagan, deya eslatadi BBC Braziliya xizmati muxbiri Juliya Braun.

Ammo 2024 yilgi sammitga Braziliya amaliy maqsadda — yangi mamlakatlarning blokka qo‘shilishi uchun asosiy talablarni belgilab olish maqsadida yetib keldi, deya qayd etadi Braun. Braziliya hukumati geografik jihatdan muvozanat hamda barcha yangi a’zolar BRIKS asoschilari bo‘lgan davlatlar bilan do‘stona munosabatda bo‘lishini talab qiladi.

So‘nggi band muhim, chunki Braziliya Venesuela va Nikaraguaning hamkor davlatlarga aylanishiga veto qo‘yish niyatida ekanini bildirgan. Janubiy Amerikadagi Lulaning sobiq ittifoqchilari bo‘lgan bu ikki mamlakatga munosabatlardagi so‘nggi yillarda ro‘y bergan o‘zgarishlar tufayli istalmagan mamlakatlar sifatida qarala boshlangan. Braziliya Nikaraguaning katolik cherkovga nisbatan olib borayotgan siyosatidan norozi, ikki mamlakat yaqinda bir-birining elchilarini chiqarib yuborgan.

Afrika uchun BRICS: yangi global VIP-klubga kirish imkoniyati

BRICS’da Afrikaning birato‘la uch vakili bor: blokka 2010 yilda qo‘shilgan JAR, 2024 yilda a’zolikka qabul qilingan Misr va Efiopiya.

BBC’ning Afrika bo‘limi muharriri Bruno Garsez Janubiy Afrika blokka a’zo bo‘lganida, qit’ada bu Afrika uchun katta voqea sifatida e’tirof etilganini eslatadi, holbuki unnig iqtisodiyoti, aholisi soni va hududi blokning qolgan to‘rt a’zosiniki bilan solishtirganda ancha kichik edi. Uning so‘zlariga ko‘ra, JAR BRICS’ga a’zo bo‘lish orqali turli sohalarga, bank sohasidan tortib tog‘-kon sanoatigacha Xitoy investitsiyalarini olib kirishni (bunga erishdi ham) va jahon arenasida yangicha muhim rol o‘ynashni ko‘zlagandi.

O‘tgan yili BRICS’ga ikkita yangi a’zo — Misr va Efiopiya qabul qilindi. Efiopiya bosh vaziri Abiy Ahmed o‘z mamlakatining a’zoligini «inklyuziv va farvon dunyo tartiboti»da ishtirok etish imkoni deb atagandi. Bu blok va uning a’zolarining ko‘tarilib borayotgan maqomiga maqtov sifatida ham, Afrika mamlakatlari uchun avvalgi kabi «inklyuziv» yoki «farovon» deb hisoblanmay qo‘ygan G‘arb mamlakatlariga ta’na sifatida ham yangragandi, deb hisoblaydi Bruno Garsez.

Shu bilan birga, u Misr Efiopiya efiopiyaliklarning Nil daryosidagi to‘g‘oni loyihasi bo‘yicha janjallashayotgani hamda Afrikadagi bir-biriga dushman deb hisoblanadigan ittifoqlarga a’zo bo‘layotganini qayd etadi.

Ehtimoliy ichki kelishmovchiliklarga qaramay, bugungi kunda blokka a’zo bo‘lish nafaqat Afrikadagi, balki boshqa mamlakatlar uchun ham istakka aylangan. Rivojlanayotgan iqtisodiyot bo‘lgan mamlakat uchun BRICS a’zosi bo‘lish — savdo-iqtisodiy aloqalarni kengaytirish, arzonroq kredit liniyalarini qo‘lga kiritish va xalqaro arenada ko‘zga ko‘ringan o‘rinni egallash imkoniyatidir, deydi muxbir.

Ko‘proq yangiliklar: