Parijdagi Notr-Dam soboriga kirish pulli bo‘ladi

Jahon 22:39 / 24.10.2024 2340

Fransiya madaniyat vaziri Notr-Dam soboriga kirishni pulli qilish taklifini berdi. Bu haqda u Le Figaro gazetasiga bergan intervyusida ma’lum qilgan.

«Butun Yevropada mashhur diniy yodgorliklarga kirish pulli. Parij arxiyepiskopiga soborga kirish istagida bo‘lgan barcha turistlar uchun ramziy to‘lov o‘rnatishni taklif qildim. Bu yiliga 75 million yevroga yaqin mablag‘ to‘plash va uni mamlakatning diniy merosini saqlashga yo‘naltirish imkonini beradi», — deydi vazir Rashida Dati.

Sobor qariyb besh yil davom etgan keng ko‘lamli ta’mirlash ishlaridan keyin 8 dekabr kuni ochiladi.

Shuningdek, vazir Fransiyadagi muzeylar va yodgorliklarga kirish chiptalari narxini mamlakat fuqarolari hamda Yevropa Ittifoqiga a’zo bo‘lmagan davlatlardan keluvchi turistlar uchun o‘zgartirish kerakligini bildirgan. Uning aytishicha, turistlar ko‘proq to‘lashi kerak.

«Fransiya fuqarosi Luvrga kirish uchun Braziliya yoki Xitoydan kelgan turistdek bir xil to‘lov qilishi to‘g‘rimi? 2026 yil 1 yanvardan madaniy muassasalarimizdagi narx siyosatini butkul o‘zgartirish bo‘yicha ish olib bormoqdamiz», — deydi u.

2019 yil 15 aprelda Parij ramzlaridan biri bo‘lgan Notr-Dam de-Pari soborida yong‘in chiqqandi. Yong‘in oqibatida soborning tomi, XIX asrda o‘rnatilgan minorasi, soati qulab tushgan. O‘shanda Fransiya prezidenti Emmanuel Makron o‘z murojaatida yong‘inda talafot ko‘rgan Notr-Dam soborini 5 yilda tiklamoqchiligini ma’lum qilgan edi.

Ko‘proq yangiliklar: