«Ittifoqchilar Shimoliy Koreya qo‘shinlarining Rossiyaga o‘tkazilishini tasdiqladilar, agar bu qo‘shinlar Ukrainadagi urush uchun mo‘ljallangan bo‘lsa, bu Shimoliy Koreyaning Rossiya tomonidan olib borilayotgan noqonuniy urushni qo‘llab-quvvatlashi bilan bog‘liq holda vaziyatning sezilarli darajada keskinlashganini anglatadi va bu Rossiya frontda katta yo‘qotishlarga uchraganining yana bir dalilidir», dedi 23 oktyabr, chorshanba kuni NATO matbuot kotibi Farah Dahlallah DW so‘roviga javoban.
Uning ta’kidlashicha, NATO a’zolari ushbu masala bo‘yicha alyans doirasida faol maslahatlashmoqda va Janubiy Koreya hukumati bilan vaziyatni muhokama qilmoqchi.
NATO KXDRni Ukrainaga qarshi urushda qatnashishdan tiyilishga chaqirdi
NATO bosh kotibi Mark Ryutte Shimoliy Koreyani Ukrainaga qarshi urushda qatnashish uchun Rossiyaga qo‘shin yubormaslik haqida ogohlantirdi. Bu «sezilarli keskinlashuvni anglatadi», deb yozdi u 21 oktyabr kuni X ijtimoiy tarmog‘idagi sahifasida.
Ryuttening so‘zlariga ko‘ra, u allaqachon Janubiy Koreya prezidenti Yun Suk Yol bilan vaziyatni muhokama qilgan, unga razvedka yetkazgan ma’lumotlarga ko‘ra, Shimoliy Koreya Rossiyaga 1500 nafar askarini yuborgan. Janubiy Koreya razvedkasi ma’lumotlariga ko‘ra, ular hozirda Rossiya sharqida tayyorgarlikdan o‘tmoqda va keyin Ukrainadagi front chizig‘iga jo‘natiladi.
Avvalroq Janubiy Koreyaning Yonhap axborot agentligi ham razvedka manbalariga tayanib, Pxenyan frontga «12 ming askardan iborat to‘rtta brigada, jumladan, maxsus kuchlar bo‘linmalarini» jo‘natmoqchi ekanini xabar qilgan edi.
18 oktyabr kuni Bryusselda bo‘lib o‘tgan matbuot anjumanida ushbu ma’lumotlarni izohlar ekan, Ryutte alyansda Shimoliy Koreya askarlarining jangovar harakatlarda faol ishtirok etishi haqidagi tasdiqlangan axborot haligacha yo‘qligini aytdi. Biroq u Pxenyandan Moskvaga qurol, texnologiya va yangi ishlanmalar ko‘rinishida keng ko‘lamli yordam ko‘rsatilayotganiga ishora qildi, bu esa Ukraina hamkorlari orasida xavotir uyg‘otmoqda.