Tramp mitingda Ukrainadagi urushni tugatishga va’da berdi

Jahon 09:36 7558

AQShning saylangan prezidenti Donald Tramp Ukrainadagi urush va Yaqin Sharqdagi tartibsizlikni to‘xtatishga va uchinchi jahon urushining oldini olishga va’da berdi. Bu haqda u 19 yanvar, yakshanba kuni kechqurun o‘zining inauguratsiyasi arafasida Vashingtonda o‘tkazilgan mitingda ma’lum qildi.

Tramp AQSh tarixidagi «prezidentlikning eng muvaffaqiyatli 100 kunligi»ni va’da qildi

«Amerika xalqi bizga ishondi va buning evaziga biz ularga Amerika tarixida prezidentlik davridagi eng yaxshi birinchi kunni, eng ajoyib birinchi haftani va eng muvaffaqiyatli birinchi 100 kunni beramiz», dedi Donald Tramp tarafdorlariga AQSh poytaxtida. Reuters agentligining xabar berishicha, siyosatchi prezidentlik faoliyatining dastlabki soatlaridayoq yuzga yaqin ijro farmoyishlarini imzolamoqchi.

Tramp o‘zining birinchi tashabbuslari AQSh chegara xavfsizligini ta’minlash, noqonuniy muhojirlarni ommaviy deportatsiya qilish, xilma-xillik tashabbuslarini cheklash, 2021 yil 6 yanvarda Kapitoliyda bo‘lib o‘tgan namoyish ishtirokchilarini afv etish, tabiiy resurslar qazib olishni ko‘paytirish, davlat xizmatchilarining ommaviy almashinuvi va boshqa siyosiy masalalarga tegishli ekanligini e’lon qildi. 

Saylangan prezident o‘z nutqida Jo Bayden ma’muriyatining «har bir radikal va ahmoqona farmonini» lavozimga kirishganidan keyin bir necha soat ichida bekor qilishga va’da berdi. Bundan tashqari, u 20 yanvar oqshomiga qadar AQShda noqonuniy to‘dalarga qarshi kurashni boshlash va mamlakatda «Temir gumbaz» raketaga qarshi mudofaa tizimini yaratish niyatida ekanligini ma’lum qildi.

Tramp, shuningdek, ijtimoiy tarmoqni Xitoydan tashqaridagi shaxsga sotishni talab qiluvchi qonun kuchga kirgani tufayli bir kun avval amerikalik foydalanuvchilar vaqtincha foydalana olmagan TikTok ilovasi mavzusini ham e’tibordan chetda qoldirmadi.

AQSh sobiq generali: Tramp Putinga kuchini ko‘rsatishga harakat qiladi

AQShning iste’fodagi generali Ben Xodjyes fikricha, AQShning saylangan prezidenti Donald Tramp Rossiya prezidenti Vladimir Putin bilan munosabatlarida kuchli ekanini namoyish etadi. AQShning Yevropadagi sobiq bosh qo‘mondoni 17 yanvar kuni Der Spiegel nashriga bergan intervyusida: "Men prezident Tramp mag‘lubiyatga uchragan odam bo‘lishni istamaydi, degan umiddaman", dedi.

Ukrainadagi urushni hal qilish bo‘yicha muzokaralar o‘tkazish imkoniyati haqidagi savolga Xodjyes Trampning saylov kampaniyasi davomidagi barcha bayonotlarini tom ma’noda qabul qilmasligini aytdi. Saylov kampaniyasi davomida respublikachi Ukrainadagi urushni 24 soat ichida tugatishi mumkinligini bir necha bor ta’kidlagan.

Uning yondashuvi Rossiya va Ukrainaga muzokaralar olib borish va tezda tinchlik o‘rnatish uchun qattiq bosim o‘tkazishdan iborat edi. Bu Trampning Ukrainaga qo‘llab-quvvatlashni qisqartirishi mumkinligi haqidagi xavotirlarni kuchaytirdi. Biroq, saylovda g‘alaba qozonganidan so‘ng, respublikachi, xususan, olti oy ichida urushni tugatish uchun yechim topishga umid qilayotganini aytib, yanada ehtiyotkorona gapira boshladi.

Ko‘proq yangiliklar: