Yerdan foydalanish haqidagi qonunchilik talablarini buzganlik uchun javobgarlik kuchaytiriladi

O‘zbekiston 13:40 / 23.10.2024 2434

Senat yalpi majlisida “O‘zbekiston Respublikasining ayrim qonun hujjatlariga yer uchastkalaridan samarali foydalanish, sohadagi huquqbuzarliklarning oldini olish mexanizmlarini takomillashtirishga qaratilgan o‘zgartirish va qo‘shimchalar kiritish to‘g‘risida”gi qonun muhokama qilindi.

Qayd etilishicha, so‘nggi yillarda yerdan oqilona va samarali foydalanish borasida qator ishlar amalga oshirildi. Buning natijasida aholining yerga bo‘lgan munosabati tubdan o‘zgardi. Ammo sohada hanuz ayrim kamchiliklar saqlanib qolayotgani qonunchilikni yanada takomillashtirish zaruriyatini yuzaga keltirgan.

Mazkur qonun bilan amaliyotga bir qator o‘zgartirishlar kiritilmoqda. Jumladan, yer to‘g‘risidagi qonunchilik hujjatlari talablarini buzganlik uchun javobgarlik choralarini kuchaytirish maqsadida Jinoyat hamda Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodekslarga tegishli qo‘shimcha va o‘zgartirishlar kiritilyapti. Ushbu o‘zgartirishlar orqali amaldagi yer to‘g‘risidagi qonunchilik hujjatlari talablarini buzganlik uchun belgilangan jazo choralari yanada og‘irlashtiriladi.

Yer uchastkalarini o‘zboshimchalik bilan egallab olish kabi jinoyatlar faqatgina prokuratura organlari tomonidan tergov qilinishi belgilanmoqda. Amaldagi qonunchilikka ko‘ra, bunday turdagi jinoyatlarni tergov qilish nafaqat prokuratura, balki ichki ishlar organlari tergovchilari tomonidan ham amalga oshirilar edi.

Bundan tashqari, Iqtisodiy va Fuqarolik protsessual kodekslari cudlarda o‘zboshimchalik bilan egallangan davlat egaligidagi yer uchastkalarini qaytarish hamda noqonuniy qurilmalarni buzib tashlashga oid ishlarni ko‘rib chiqishning alohida tartibini belgilovchi normalar bilan to‘ldirilyapti. Mahalliy ijro etuvchi hokimiyat organlari fuqarolik va iqtisodiy sudlarga yer to‘g‘risidagi qonunbuzilishi bilan bog‘liq da’vo ariza kiritishda davlat bojidan ozod etilishi ham belgilanmoqda.

Qonun senatorlar tomonidan ma’qullandi.

Ko‘proq yangiliklar: