CNN’ning Turkiyadagi bo‘limi Anqaradagi portlash va otishma haqida xabar tarqatdi.
Euronews ma’lumotiga ko‘ra, terrorchilar TUSAŞ aviakosmik kompaniyasining ishlab chiqarish obektiga bostirib kirgan. «Bizga bu terrorchilik akti ekani va o‘z joylarimizni tark etmasligimiz kerakligini aytishdi», — deya manbaning so‘zlarini keltirgan telekanal.
Kahramankazan tumani hududida terakt ro‘y berganini Turkiya IIV rahbari Ali Yerliqoya ham tasdiqlagan. U terakt oqibatida qurbonlar va yaralanganlar borligini bildirgan.
Manbalar kamida uch kishi halok bo‘lganini xabar qilmoqda, ulardan biri nazorat-o‘tkazish joyida turgan qo‘riqchi bo‘lgan.
Ijtimoiy tarmoqlarda tarqalgan videoga ko‘ra, jinoyatchilar binoga kirish joyiga taksida yetib kelgan, shundan keyin portlash ro‘y berib, otishma boshlangan.
Katta ehtimol bilan, terrorchilardan biri o‘zini portlatgan, qolganlari otishma uyushtirgan.
Ayni vaqtda hududda otishma davom etmoqda, voqea joyida politsiya bo‘linmasi harakatlanmoqda.
Tarmoqlarda hujum qilganlardan birining kuzatuv kamerasiga tushib qolgan tasviri tarqalgan. U turniketlardan oshib o‘tib, ichkariga harakatlangan.
Turkiyaning NTV telekanali terrorchilar xodimlarni garovga olganini taxmin qilmoqda. Ular avtomat va to‘pponchalar bilan qurollangan va yonida ko‘p miqdorda o‘q-doriga ega bo‘lishi mumkin.