Rossiyada mahalliy fuqaro migrantlar joylashgan yotoqxonaga o‘t qo‘ydi

Jahon 19:42 / 23.10.2024 6573

Rossiyaning Tver oblastida migrantlar istiqomat qiladigan yotoqxonaga o‘t qo‘ygan shaxs qo‘lga olindi.

Tver oblasti ichki ishlar boshqarmasi xabariga ko‘ra, hodisa 20 oktyabr kuni sodir bo‘lgan. Erkak yotoqxona yo‘lagiga benzin sepib, yoqib yuborgan. Yong‘indan qochgan fuqarolardan biri ikkinchi qavat oynasidan sakrab tushib, jarohat olgan. Yong‘in oqibatida xona vayron bo‘lgan, yotoqxona yo‘lagi shikastlangan. Zarar miqdori aniqlanmoqda.

Idoraning aniqlik kiritishicha, gumonlanuvchi hozir vaqtinchalik saqlash hibsxonasiga joylashtirilgan. Unga nisbatan Jinoyat kodeksining 167-modda (mulkni qasddan yo‘q qilish yoki shikastlash, besh yilgacha ozodlikdan mahrum qilinishi mumkin) 2-qismi bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan.

IIV tomonidan e’lon qilingan videoda erkak yotoqxonaga benzin sepib, yoqib yuborganini tan oladi. U buni, o‘z so‘zlari bilan aytganda, «aldanib, pulga kuyib qolgani uchun» qilganini aytadi.

Qayd qilinishicha, hozir yotoqxonada istiqomat qilayotganlar vaqtincha Madaniyat Uyi binosiga ko‘chirilgan.

Ko‘proq yangiliklar: