Rossiya tashqi ishlar vaziri Sergey Lavrov 28-29 oktyabr kunlari amaliy tashrif bilan O‘zbekistonga keladi va prezident Shavkat Mirziyoyev tomonidan qabul qilinadi. Bu haqda Rossiya TIV rasmiy vakili Mariya Zaxarova brifingda ma’lum qildi, deb xabar berdi TASS.
«28-29 oktyabr kunlari TIV rahbari amaliy tashrif bilan O‘zbekiston Respublikasida bo‘ladi, tashqi ishlar vaziri Sergey Lavrov respublika prezidenti tomonidan qabul qilinadi, shuningdek, bu mamlakat tashqi ishlar vazirligi rahbari bilan muzokara o‘tkazadi», dedi u.
Zaxarova so‘zlariga ko‘ra, muzokaralar davomida asosiy e’tibor Rossiya-O‘zbekiston hamkorligini yanada chuqurlashtirish va rivojlantirishga qaratiladi, bunda Rossiya prezidenti Vladimir Putinning 2024 yil may oyida respublikaga tashrifi yakunlari bo‘yicha kelishuvlarni amalga oshirishga alohida e’tibor qaratiladi. «Shu nuqtai nazardan, ikki tomonlama kun tartibi, tomonlarni qiziqtirgan dolzarb xalqaro va mintaqaviy masalalar ko‘rib chiqilishi kutilmoqda», dedi u.
Zaxarovaning ta’kidlashicha, «O‘zbekistonning Yevroosiyo iqtisodiy ittifoqida (YeOOI) kuzatuvchi maqomi hisobga olingan holda Yevroosiyo integratsiyasi jarayonlarini diplomatik qo‘llab-quvvatlash» alohida mavzu bo‘ladi.
Uning so‘zlariga ko‘ra, Lavrovning O‘zbekiston Tashqi ishlar vazirligi huzuridagi Jahon iqtisodiyoti va diplomatiya universiteti professor-o‘qituvchilari va talabalari bilan suhbati rejalashtirilgan.